O‘zbekiston | 18:40 / 07.04.2018
109375
2 daqiqa o‘qiladi

2018 yil uchun haj ziyorati narxi belgilandi

Foto: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

O‘zbekiston Respublikasida Haj va Umra mavsumlarini namunali tashkil etish ishlari “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmatining xabar berishicha, Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi Haj delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vaziri bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuviga asosan mavsumni namunali, tartibli va eng yuqori darajada o‘tkazishga kelishib olindi.

Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun soha mutaxassislaridan iborat 230 nafar malakali ishchi guruhi, guruh rahbarlari, tibbiyot guruhi, oshpazlar guruhi safarbar etiladi. Mazkur ishchi guruhi haj mavsumida ziyoratchilarning ibodatlarini emin-erkin va to‘la-to‘kis amalga oshirishlarini ta'minlaydilar.

Shuningdek, ziyoratchilarimizga muqaddas shaharlarda joylashgan eng zamonaviy hamda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan mehmonxonalar xizmat ko‘rsatadi. Ziyoratchilar nafaqat mehmonxonalarda balki, Mino-Muzdalifa-Arafot vodiylarida ham uch mahal issiq ovqat, 24 soat issiq choy va tibbiy xizmat bilan ta'minlanadilar. Shuni ta'kidlash zarurki, bu xizmatlar ko‘pgina boshqa davlatlar ziyoratchilariga ko‘rsatilmaydi.

Bu yilgi haj mavsumi tashkiliy ishlari boshlandi. Ziyoratchilarni turli kasalliklarga qarshi vaksina bilan emlash ishlari joriy yilning 25 aprel kuniga qadar davom etishi belgilandi. Shuningdek, 2018 yilgi Haj mavsumi uchun sarf xarajatlari eng yuqori darajada ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarni e'tiborga olgan holda hamda Jamoatchilik kengashining qaroriga asosan 38 000 000 so‘m etib belgilandi. Bunda albatta O‘zbekiston Respublikasida xorijiy valyutaning erkin konvertatsiya qilinishi ham e'tiborga olingan.

Mavzuga oid