Jahon | 08:28 / 07.04.2018
10734
3 daqiqa o‘qiladi

Jon Kennedining maxfiy xaritasi sotuvga qo‘yildi

Foto: RR Auction

AQShning sobiq prezidenti Jon Kennedining Karib inqirozi vaqtida Kubada sovet harbiy obektlarining joylashtirilishi aks etgan maxfiy xaritasi AQShda sotuvga qo‘yildi. Ta'kidlanishicha, AQSh bu obektlarga zarba bermoqchi bo‘lgan.

Tarixiy hujjatlar va noyob buyumlarni sotishga ixtisoslashgan RR Auction auksion uyining ma'lum qilishicha, sotuvga qo‘yilgan xaritada 1962 yil 27 oktabr sanasi qo‘yilgan. Xaritada Kubada sobiq ittifoq harbiy obektlari, jumladan MiG qiruvchi samolyotlari, Il-28 bombardimonchilari, “Komar” sinfidagi raketa katerlari, R-12 ballistik raketalari, “yer-yer” raketalari hamda yadroviy omborlar joylashishishi aks etgan. 

Auktsion uyining eslatishicha, 1962 yil 27 oktabr Karib inqirozidagi eng xavfli kun bo‘lgan va tarixga “qora shanba” nomi bilan kirgan. Auktsion uyining xaritaga ilova qilgan hujjatida aytilishicha, xaritada o‘shanda Kennedi zarba berishga ruxsat berganda bombalar tashlanadigan 9 ta nishon ko‘rsatilgan. AQSh va sobiq ittifoq yetakchilarining 28 oktabrga o‘tar kechasi kelisha olganlari tufayli inqirozning yanada avj olishi oldi olingan va “xaritadagi qurollar Kubadan olib chiqib ketilgan”.

Foto: RR Auction

Yelim tasma bilan birlashtirilgan ikki qismdan iborat kartaga “Maxfiy” belgisi qo‘yilgan. 

Ma'lum qilinishicha, 20 yil avval xarita uning hozirgi egasiga Kennedi ma'muriyatidagi mudofaa vaziri Robert Maknamara tomonidan berilgan. Maknamara o‘z navbatida bu xaritani shaxsan Kennedining o‘zidan sovg‘a sifatida olgan. Kennedi bu xaritani “g‘alaba xaritasi” deb atagan, chunki u inqirozning hal qiluvchi onlarini uning ustida o‘tkazgan va sobiq ittifoqning Kubadagi pozitsiyalariga zarba berishni talab qilgan harbiylar bosimiga uchramagan. 

Onlayn-auksion tarzida o‘tayotgan savdolar 6 aprelda boshlandi. Xaritaning dastlabki narxi 20 ming dollarni tashkil qiladi. Narx bo‘yicha takliflar 11 aprel soat 18.00gacha qabul qilinadi.

Mavzuga oid