O‘zbekiston | 13:49 / 07.04.2018
82633
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston fuqarosi o‘zbekistonlik chegarachilar tomonidan o‘qqa tutildi

Foto: Flickr

O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston fuqarosiga o‘q uzishdi, u o‘z davlati hududida bo‘lgan, deb xabar qilmoqda RIA Novosti Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati matbuot xizmatiga asosan.

"Yettinchi aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyati Aksiysk tumani Mamay hududida O‘zbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari Qirg‘iziston fuqarosi – Qurulush qishlog‘ida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan F.M.ga nisbatan qurol qo‘llashdi. U Qirg‘iziston hududida bo‘lgan. F.M. olingan jarohatlar tufayli Kerben shahri shifoxonasida vafot etdi", - deya xabar bergan matbuot xizmati.

Ta'kidlanishicha, ushbu holat bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlandi, hodisa ro‘y bergan joyda Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati boshqarmasi zobitlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillaridan iborat guruh ishlamoqda. Ayni damda ikki davlat chegara xizmati vakillarining uchrashuvi o‘tkazilmoqda, unda ro‘y bergan voqea sabablari hamda tafsilotlari aniqlashtiriladi.

Qirg‘iziston bosh vaziri Sapar Isoqov shanba kuni tegishli idoralarga “chegaradagi voqeani o‘zbek tomoni bilan birgalikda yaxshilab surishtiruvdan o‘tkazish” vazifasini topshirdi.

KUN.UZ’ga O‘zbekiston hukumatidagi manbaning xabar berishicha, Qirg‘iziston fuqarosiga o‘q uzilganida, u O‘zbekiston hududida bo‘lgan. 

Qayd etilishicha, avvaliga u ogohlantirilgan, so‘ng osmonga qarata o‘q uzilgan, shundan keyin ham u bo‘ysunmaganidan so‘ng unga o‘q otilgan. U Qirg‘iziston hududigacha chopib borgan, u yerda uni sheriklari qabul qilib olgan va kutayotgan mashinada shifoxonaga olib ketishgan. Hozirgi paytda u O‘zbekiston hududiga nima maqsadda kirgani noma'lum, degan manba.

Mavzuga oid