Jahon | 19:24 / 17.04.2018
8834
2 daqiqa o‘qiladi

Serj Sargsyan Armaniston bosh vaziri etib saylandi

Foto: RIA "Novosti"

Armaniston Milliy yig‘ini (parlament) deputatlari mamlakatning sobiq prezidenti Serj Sargsyanni bosh vazir etib saylashdi. Bu haqda parlament spikeri Ara Babloyan ma'lum qildi. 

Babloyanning ma'lum qilishicha, Sargsyanga 77 deputat ovoz bergan, 17 nafari qarshi chiqqan. 

Sargsyan parlamentning maxsus yig‘ilishidagi nutqida uning bosh vazir lavozimidagi ustuvor vazifalari mamlakat xavfsizligini ta'minlash, armiyani kuchaytirish hamda Qorabog‘ ixtilofini tartibga solish bo‘lishini aytgan. Uning aytishicha, yangi hukumatning eng muhim vazifasi taraqqiyotni ta'minlash bo‘ladi. Sargsyan yana bir ustuvor vazifa sifatida mamlakatdagi demografik muammoni hal qilish bo‘lishini aytgan.

Sargsyan o‘zining 10 yillik prezidentligi (2008-2018 yillar) vaqtidagi ba'zi iqtisodiy natijalar haqida to‘xtalib, bu davr ichida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 6,3 mlrd dollardan 11,5 mlrd dollargacha oshganini aytib o‘tgan.     

Sargsyanning prezidentlik muddati yakunlangandan keyin Armanistonda yangi konstitutsiya kuchga kirdi. Unga ko‘ra, hokimiyat parlament va hukumat qo‘lida mujassamlashadi, prezident vazifalari esa taqdim qiluvchi bo‘ladi. Armanistonning yangi prezidenti Armen Sarkisyan 9 aprelda o‘z lavozimini bajarishga kirishdi. 

Shu bilan birga 13 apreldan Yerevanda Sargsyanning bosh vazir lavozimiga saylanishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. 16 aprelda parlament binosi yonida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Mavzuga oid