Sport | 11:08 / 17.04.2018
16865
12 daqiqa o‘qiladi

Syurprizlarsiz. «Bavariya»ga kim murabbiy bo‘ldi?

Foto: Global Look press

Xorvatiyalik 47 yoshli murabbiy Niko Kovach «Bavariya»ga murabbiy etib tayinlandi. Bu tanlov Myunxenda qandaydir top murabbiy kutayotgan futbol jamoatchiligi uchun syurpriz bo‘lishi mumkin. Hatto xabarlarda aytilishcha, Kovachning o‘zi «Bavariya» uchun uchinchi tanlov bo‘lgan ekan - klub avvalo Xaynkesni olib qolishni yoki Tomas Tuxelni tayinlashni rejalashtirgan ekan. Ammo yakunda «Bavariya»ning sobiq futbolchisi shu yilning iyul oyidan «Bavariya»ni boshqaradigan bo‘ldi. Nima bu? Ilojsizlikmi?

Har qanday vaziyatda izdan chiqmaydigan va sog‘lom fikrlaydigan nemis klubidan tavakkalchilikni kutish mumkinmasligini bilgan holda, Kovach varianti qanday paydo bo‘lgani haqida fikr yuritish zarar qilmaydi.

Joriy mavsum oldidan, «Bavariya»ga nisbatan biroz sokin umidlar hukm surardi. Ko‘pchilik ushbu mavsumda jamoadan yorqin g‘alabalar kutish qiyin ekanini tan olgandek edi go‘yoki. Shunday paytlar bo‘ldiki, myunxenliklar ajoyib start olgan «Borussiya»dan 5 ochko ortda ham borishdi - nahotki chempionlik seriyasi shu bilan nihoyasiga yetsa? «Bavariya» deyarli har yili shunday holatga tushishi va ko‘pincha, mavsum davomida raqiblarini birin-ketin quvib o‘tishini bilib tursak ham, negadir, bu safar jamoa atrofidagi muhit avvalgilardan boshqachadek tuyulardi.

Anchelottining iste'fosidan so‘ng, bu mavsum boy berilgandek tasavvur uyg‘ongan bo‘lsa-da, keyin, hech kim kutmagan mo‘'jiza yuz berdi. Avvaliga barchasi Tomas Tuxelning klub boshqaruviga kelishidan dalolat qilardi. Ruminiggening yosh murabbiy bilan juda yaxshi aloqada ekani ham bunga isbot edi. Ammo klubga qaytgan Xyoness u qadar tavakkalchi emas, u mavhum yangilikdan, sinalgan eskilikni tanlashi turgan gap. U jamoaning so‘nggi yillardagi eng og‘ir davrida yana Yupp Xaynkesga murojaat qildi. Taklif berilayotgan taraf balki, qariyaning rozi bo‘lishidan u qadar umid qilmagandir, lekin Xaynkes rozi bo‘ldi - mavsum qutqarib qolingandi.  

Yuppning muvaffaqiyatlari ko‘pchilikni adashtirishi mumkin. Anchelotti davrida paydo bo‘lgan muammolar yechilgandek, jamoada hammasi yo‘lga qo‘yilgandek tuyular, ammo aslida unday emasligini klub rahbarlari bilib turibdi. Bundesligada g‘alaba qozonish «Bavariya»da muammolar yo‘qligini isbotlay olmaydi, Chempionlar Ligasida esa, yarim finalga chiqilgan bo‘lsa-da, «Beshiktosh» va «Sevilya» to‘sig‘idan o‘tish aytaylik, «Roma», «Liverpul» va hatto yarim finaldagi raqib «Real»ning avvalgi bosqichlardagi qahramonliklari oldida hech narsa emas.

Muhimi, «Bavariya»da hammasi nazorat ostida va vaqtinchalik muammolar yoki vaqtinchalik muvaffaqiyatlar o‘z yo‘lidan og‘dirishga yetarli bo‘lmaydi. U yerda hammasiga sog‘lom nazar bilan boqadilar, «Bavariya» o‘ziga xoslikni saqlash va belgilangan reja bo‘yicha yurish bo‘yicha Uli Xyoness kabi sodiq odamni boshqa topa olmaysiz. Agar mana shu yo‘nalishda fikrlasak, Niko Kovachning tayinlanishi aslida kutilmagan syurpriz emas, aynan «Bavariya»cha yechim ekanini payqash mumkin.

Foto: tz.de, twitter.com

Ayni damda yangi bosh murabbiy axtarish eng mushkul payt. Xyoness Ioaxim Lyov yoki Yurgen Kloppni chaqirishga qarshi emasdi, Ruminigge esa, ajnabiy murabbiylar ichida mashhur bo‘lib borayotgan Maurisio Pochettinoga imkon berish g‘oyasi bilan chiqdi. Imkonsiz variantlar. Buning ustiga Xyonessning o‘zi yangi murabbiyning nemis tilini mukammal bilishi kerakligi haqidagi talabi bilan nomzodlar safini qisqartirib tashladi. Natijada Konte va Enrike variantlari tug‘ilmasdan nobud bo‘ldi. Bunday tanlovlar oqibatida bitta xulosa paydo bo‘ldi - top murabbiy bo‘lmaydi. Qandaydir eksperimentni kutish mumkin.

Shuningdek, Xyoness o‘ziga juda ishonib, Xaynkesni yana bir yilga olib qolishga ko‘ndirishga umid qilayotgandi. Ammo Yupp ko‘nmadi. Demak, aprel oldidan, qat'iy qarorlar davri kelganda anketaga tushadigan biror top variant qolmadi, eng mos va yaqin bo‘lgan Tuxeldan quruq qolishdi.

Tomas Tuxeldan kamchilik qidirish va uni «kambag‘allar uchun Gvardiola» deb, yulduzlar bilan ishlamaslikda ayblash mumkindir. Ammo aynan nemis futboliga, «Bavariya» mosligi jihatidan unga yetadigani yo‘q edi. Bir qator sovrinlar yutgan, ko‘zga yoqadigan hujumkor futbol, Chempionlar Ligasi tajribasi... Yana nima kerak?

Xarakter. Tomas Rummenigge bilan ishlashi mumkin, ammo uning Xyoness bilan til topishishi juda mushkul. Tuxel kabi mutaxassisga maksimal natija qayd etishi uchun, mutlaq ozodlik kerak. Jamoani tashkillashtirish butunlay Tuxelga berilishi kerak. Ammo Lui van Gaal bilan holatdan eslaymizki, Uli bilan bunday bo‘lishi qiyin. Anchelotti bilan ziddiyatlarda rahbariyat jamoaning yonini oldi, Tuxel bilan bunday janjallar yanada ko‘proq bo‘lishi tabiiy. Xullas, kalondimog‘ «Bavariya» prezidenti jamoaga o‘ziga ishongan taktik murabbiy kerakmi yoki yo‘qmi, deb ikkilanayotgan bir pallada Tuxel kutishdan charchadi va boshqa taklifni qabul qildi.

Nomzodlar ko‘p qolmadi: Kovach, Nagelsmann, Xazenxyuttl, Favr. Hammasida o‘ziga yarasha kamchiliklar va yutuqlar bor. Muhimi, hammasi nemischani va bundesligani yaxshi biladi. Tabiiyki, eng kutilgan nomzod tanlandi. Niko Kovach ruyxatdagilardan kam emas. Yevrokuboklarda tajriba yo‘qmi? Bu o‘sha vunderkind Nagelsmanda ham yo‘q. Buning ustiga Yulian ham erkinlikni yoqtirishini va muhimi, uning yoshi ba'zi «Bavariya» yulduzlaridan kichikligini e'tiborga olsak, uni eshitisharmidi?

Raqibdan kelib chiqib zerikarli o‘ynash? Favr ham u darajada hujumkor emas. Faqat Xazenxyuttlni Kovachga raqobatchi deyish mumkin: «Bavariya»ga begona emas va yevrokuboklarda tajribasi bor. Ammo bu yerdayam ikki muammo bor, birinchidan, uni qo‘lga kiritish biroz qiyinroq, ikkinchidan, murabbiyning o‘zi bunday ishga tayyormi yo‘qmi, ishonmadi. Kovach esa, o‘zi tilab oldi. Xorvatiyalik murabbiyning shartnomasida kerakli band borligi ham yordam berdi. Nuqul «Bavariya» bilan shunaqa bo‘ladi, omadli jamoa.

Foto: tz.de, twitter.com

Kelib chiqishi Berlindan bo‘lgan Niko Kovach - bolqonlarga xos qattiq xarakter va nemislarga xos tartibning umumlashmasi. Ukasi Robert bilan birga (aka-uka birgalikda «Bavariya»da 195 o‘yin o‘tkazishgan) klub bilan juda yaxshi tanish va ichki muhitni ham juda yaxshi biladilar. Bu juda ahamiyatli qism, nafaqat nemis tilini, balki «Bavariya» rahbariyati tilini ham bilish muhim. Bunday holatlarni biladigan inson uchun adaptatsiya jarayoni yengil kechadi. Robert ham Xorvatiya yoshlar terma jamoasidagi ishini tashlab, endi akasiga yordam beradi.

Foto: Global Look Press

Kovach mutaxassislarning o‘ziga xosligi bilan dong taratgan «RB Zaltsburg» murabbiylik maktabidan o‘tgan. O‘smirlar jamoasida muvaffaqiyatli ishlab, Xub Stevensning murabbiylar shtabiga qabul qilingan. Uning Xorvatiya yoshlar terma jamoasini ham boshqargani yoshlar bilan ishlashga usta ekanini ham ko‘rsatib beradi. «Bavariya»da yosh futbolchilar bir talay.

Xorvatiyaning asosiy terma jamoasida, u jahon chempionatiga olib chiqqan bo‘lsa-da, JCh-2014 u qadar omadli kechmadi, ammo bu turnir Kovachga Modrich, Rakitich, Manjukich kabi yulduzlar bilan ishlashni o‘rgatdi. Keyin ligani tark etish xavfida turgan «Ayntraxt»ni qabul qilib, nafaqat qutqarib qoldi, balki kuchli jamoa shakllantirib, yevrokuboklar zonasiga olib chiqdi. «Ayntraxt» hozirda hatto Yevropa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. Frankfurt jamoasi Bundesligada eng baynalminal klub bo‘lganini e'tiborga olsak, «Bavariya» legionerlari bilan til topishish Kovachga qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Kovach sodda ham emas, kerak bo‘lganda o‘z qarashlarini himoya qilib, rahbarlarga ham qarshi tura oladi. Shuning uchun ham unga alohida topshiriq - jamoani qaytadan qurish topshirildi. Bu yo‘nalishda Robben va Riberining jamoani tark etishi kutilgandi, lekin klub bu futbolchilarga yangi shartnoma taklif qildi. Demak hammasi boshqacha kechadi. Niko Kovach yulduz veteranlar va yosh iqtidorlarni uyg‘unlashtirgan holda asta-sekinlik bilan avlodlar almashinuviga tayyorlanib boradi. Birdaniga katta summalarga tayyor yulduzlarni sotib olish «Bavariya»ga xos yo‘l emas.

Rotatsiya, Nikoning kuchli tomoni emas va uni o‘z g‘oyalariga sodiq taktik murabbiylar qatoriga kiritish mushkul. Lekin undan nima kutilayotganini juda yaxshi biladi. U bir uslub asiri emas, doimo raqib o‘yinini buzish va himoyaviy futbol Kovachning eng yaxshi uddalaydigan jihati bo‘lsa-da, kerak bo‘lganda bemalol 4-2-3-1 dan 3-4-3 ga o‘ta oladi. Ya'ni, u o‘zini o‘zgartira oladigan murabbiy va yangi ish joyida bunga majbur ham.

Albatta, Nikoning tayinlanishi bahsli masala. Ayniqsa, Yupp Xaynkes fonida unga yanada qiyin bo‘ladi. Top klubni xuddi shunga mos bo‘lgan top murabbiy boshqarishi kerak degan farazlar ham bor. «Bavariya»da ham masalan, so‘nggi besh yilda Gvardiola va Anchelotti kabi top murabbiylar ishladi. Lekin endi vaziyat o‘zgarganini ko‘rib turibmiz.

Kovach tezkor natijalar va imij uchun emas, «o‘z kishisini tayinlash» g‘oyasi bilan olib kelindi. Xuddi bir paytlar mutlaqo tajribasiz Xasan Salixamidjich (aka-uka Kovachlar bilan 2002 yilda «Real» ustidan g‘alaba qozongan) kelib, Zammer kabi yulduz bo‘lmasa-da, aynan «Bavariya DNK»si tufayli murabbiylar va futbolchilar o‘rtasida ko‘prik bo‘la olgan va haqiqiy «bavariyachi»ga aylanganidek. 

Foto: Global Look Press

Hozirgi holatda faqat Kovachning shartnoma muddati biroz o‘ylantiradi. Avvaliga shartnoma 1+1 ko‘rinishida bo‘lishini va birinchi yil Kovachga sinov muddati bo‘lsa, keyingi yilgi yangi davrga Kovach yoki boshqa murabbiy bilan qadam tashlash kutilayotgandi. Ammo klub Niko bilan uch yillik shartnoma imzoladi. Nikoga shu qadar ishonishdimi yoki Lyov kabi top nemis murabbiylarining yaqin yillarda bo‘sh bo‘lib qolishlariga ishonishmadimi, bunisi qorong‘u va farqi ham yo‘q. Dastlabki mavsumni baribir sinov muddati deyish mumkin, uyog‘i keyin ma'lum bo‘ladi. Bu muddatga esa, Kovach haqli. Hech qanday syurpriz yo‘q.

Internet materiali asosida tayyorlandi

Mavzuga oid