O‘zbekiston | 07:45 / 18.04.2018
57375
4 daqiqa o‘qiladi

Kontrakt to‘lovi miqdori kamayishi mumkin(mi?)

Foto: KUN.UZ

Amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy samarasini xalqimiz ertaga yoki kelajakda emas, bugun o‘z hayotlarida his qilishlari hamda xalqimizning davlatdan rozi bo‘lishiga erishish nihoyatda zarur. Buning uchun, bor ichki imkoniyatlarimizdan samarali foydalanishimiz juda muhimdir.

Ayni shu maqsadda, davlat rahbarining Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida, jumladan, deputatlar aniq dolzarb muammolarning huquqiy yechimiga qaratilgan asoslantirilgan o‘z takliflarini tayyorlab taqdim etib borish amaliyotini keng yo‘lga qo‘yishlari lozim ekanligini ta'kidlagan edi.

Hamkasbimiz, Oliy Majlis deputati A.Abduqodirovning ta'limga oid, jumladan, kontrakt to‘lovlariga oid bildirgan takliflari ayni yuqoridagi maqsadlarni nazarda tutgan. 

Unda, birinchidan, iyul va avgustdagi ta'til oylari uchun stipendiya to‘lamaslik hisobiga barcha ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha bir o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt mablag‘lari miqdorini o‘rtacha eng kam ish haqining uch barobari (taxminan 510 ming so‘m) miqdorida kamaytirish; ikkinchidan, semestr bo‘yicha stipendiya tayinlangan har bir oy uchun stipendiyaning eng kam ish haqining bir yoki bir yarim barobaridan ortiqcha qismi hisobidan belgilangan to‘lov-kontrakt mablag‘i miqdorini kamroq to‘lash tartibini yo‘lga qo‘yish; masalan, 280 ming so‘m stipendiya tayinlangan talaba, agar xohlasa, keyingi oylar davomida 280 ming so‘m emas, balki 172 ming so‘m stipendiya olishi hisobiga keyingi semestr uchun (108000*6 oy) 648 000 so‘m kamroq kontrakt to‘lovini to‘laydi, yoki 500 ming so‘m stipendiya tayinlangan talaba, agar xohlasa, keyingi oylar davomida 500 ming so‘m emas, 172 ming so‘m stipendiya olishi hisobiga keyingi semestr uchun (328000*6 oy) 1 968 000 so‘m kamroq kontrakt to‘lovini to‘laydi.

Uchinchidan, test sinovlarida yuqori ball to‘plaganligiga qarab dastlabki 12% talaba to‘liq davlat granti asosida, keyingi 12% talaba to‘lov kontrakt miqdorining 35% ini yoki 2 538 ming so‘m, keyingi 12% talaba to‘lov kontrakt miqdorining 60%ini yoki 4 350 ming so‘m, navbatdagi 12% talaba esa to‘lov kontrakt miqdorining 80%ini yoki 5 800 ming so‘m, qolgan 52% talaba esa to‘lov kontrakt miqdorining to‘liq, ya'ni 7 250 ming so‘m kontrakt summasini to‘laydi. 
Ushbu takliflar qo‘llab-quvvatlansa, davlat byudjyetidan hech qanday ortiqcha mablag‘ talab etmaydi yoki daromadlarning kamayishiga ham olib kelmaydi. 
Aksincha, xarajatlar kamayadi hamda daromadlar bir necha milliard so‘mga ortadi. 

Shuningdek,

1) abituriyentlarning yuqori ball olish uchun bilimli bo‘lishlari yanada rag‘batlantiriladi; 
2) to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lashda ota-onalarga tushadigan yuk kamayadi hamda qulaylik yaratiladi;
3) yuzlab talabalarning kontrakt to‘lovini to‘lay olmaganligi uchun talabalar safidan chetlashtirilishining oldi olinadi;
4) to‘lov-kontrakt pulini 100% to‘laydigan talabalar sonini 20%ga kamayishiga erishiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham ushbu takliflar yuzasidan qo‘llab-quvvatlash ma'nosidagi minglab munosabatlar bildirilmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, ushbu takliflarni amaliyotga joriy etilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman hamda o‘ylaymanki, vakolatli davlat organlari tomonidan ham ma'qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Islom Zokirov

Mavzuga oid