Iqtisodiyot | 10:41 / 19.04.2018
13659
8 daqiqa o‘qiladi

YaST to‘lovchilari yer solig‘ini qanday to‘laydi?

Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining qarori (16.04.2018 yilda 3001-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Yagona soliq to‘lovi to‘lovchilarining yer solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.

2018 yil 1 apreldan boshlab Nizom quyidagilarga tatbiq etiladi:

1. YaST to‘lovchilariga, agar umumiy maydoni 1 gektardan ortiq yer uchastkalariga ega bo‘lsa;
2. Notijorat tashkilotlarga, agar ular tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yer uchastkasi 1 gektardan ortiq bo‘lsa;
3. Yagona yer solig‘i to‘lovchilarga, agar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyatni 1 gektardan ortiq yer uchastkasida amalga oshirayotgan bo‘lsa.  

Nizom quyidagi YaST to‘lovchilariga tatbiq etilmaydi:

1. Umumiy maydoni 1 gektar yoki undan kam yer maydonlari mavjud bo‘lganlarga;
2. Soliq kodeksi yoki Prezident qarorlariga muvofiq yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i to‘lashdan ozod etilganlarga. Masalan:

• madaniyat, ta'lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish tashkilotlari – o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda foydalanadigan yer uchastkalari uchun;
• nogironlarning jamoat birlashmalari, «Nuroniy» jamg‘armasi va «O‘zbekiston chernobilchilari» assotsiatsiyasi mulkida bo‘lgan, ishlovchilari umumiy sonining kamida 50%ini nogironlar, 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari tashkil qilgan yuridik shaxslar, bundan savdo, vositachilik, ta'minot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar mustasno;
• ixtiyoriy tugatilayotgan korxonalar (Soliq kodeksining 282-moddasi 1-qismi).

2018 yil 1 yanvardan boshlab yer uchastkasining umumiy maydoni 1 gektardan ortiq bo‘lgan YaST to‘lovchilariga quyidagilar tatbiq etilmaydi:

• YaSTning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan YaSTni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom (3.03.2011 yilda 2203-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan);
• YaSTning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan chakana savdo korxonalari tomonidan YaSTni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom (4.04.2013 yilda 2449-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan).

Yangi Nizom bilan yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini hisoblash uchun soliq solinadigan baza belgilanadi. Yer uchastkasining Soliq kodeksining 280-moddasi 2-qismiga muvofiq soliq solinmaydigan yer uchastkalari maydonlari chegirib tashlangan holdagi umumiy maydoni soliq solinadigan bazadir.

Yer uchastkasining umumiy maydoni deganda mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida foydalaniladigan maydon tushuniladi. Undan aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlari chegirib tashlanadi:

• maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sug‘orish tarmog‘i, sohil bo‘yi yerlari va boshqa shu kabi yerlar;
• aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlar (daraxtzorlar, bog‘lar, sayilgohlar, xiyobonlar, shuningdek ariq tarmoqlari egallagan yerlar);
• kommunal-maishiy ahamiyatga molik yerlar (dafn etish joylari, maishiy chiqindilarni yig‘ish, qaytadan ortish va saralash joylari, shuningdek chiqindilarni zararsizlantirish hamda utilizatsiya qilish joylari va boshqa shu kabi joylar);
• zaxira yerlar.

Soliq solinadigan baza qonun hujjatlariga muvofiq soliq solinmaydigan yer uchastkalari maydoniga kamaytiriladi. Masalan, Soliq kodeksining 282-moddasi 2-qismiga muvofiq, quyidagi yerlarga soliq solinmaydi:

• bog‘dorchilik, uzumchilik yoki polizchilik shirkatlarining umumiy foydalanishdagi (kirish yo‘llari, sug‘orish ariqlari, kollektorlar va umumiy foydalanishdagi boshqa yerlar), jamoa garajlarining yerlari;
• sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik yerlar (xo‘jalik faoliyati yuritilayotgan yerlar bundan mustasno) – tegishli muassasalar va tashkilotlarga belgilangan tartibda doimiy foydalanishga berilgan, profilaktika va davolash ishlarini tashkil etish uchun qulay tabiiy shifobaxsh omillarga ega bo‘lgan yer uchastkalari;
• rekreatsiya ahamiyatiga molik yerlar (xo‘jalik faoliyati yuritilayotgan yerlar bundan mustasno) – aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun tegishli muassasalar hamda tashkilotlarga berilgan yerlar;
• suv fondi yerlari. Suv fondi yerlari jumlasiga suv havzalari (daryolar, ko‘llar, suv omborlari va boshqa shu kabilar), gidrotexnika va boshqa suv xo‘jaligi inshootlari egallagan yerlar, shuningdek suv xo‘jaligi ehtiyojlari uchun yuridik shaxslarga belgilangan tartibda berilgan suv havzalari hamda boshqa suv obektlari sohillari bo‘ylab ajratilgan mintaqa yerlari kiradi;
• sport va jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish majmualari, onalar va bolalarning dam olish hamda sog‘lomlashtirish joylari, dam olish uylari hamda o‘quv-mashq bazalari egallagan yerlar;
• yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar, daraxtlarning qator oralaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qat'i nazar, uch yil muddatga;
• mazkur moddada ko‘rsatilgan boshqa yerlar.

Yer solig‘i har yili 1 yanvar holatiga ko‘ra soliq solinadigan baza va belgilangan stavkadan kelib chiqib hisoblab chiqariladi. 2018 yil uchun yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalari Prezidentning 29.12.2017 yildagi PQ-3454-son qarori bilan belgilangan.

YaST to‘lovchilari tomonidan hisob-kitob yer uchastkasi joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organiga joriy soliq davrining 10 yanvariga qadar taqdim etiladi. 2018 yilda hisob-kitob yer uchastkasi joylashgan yerdagi DSXOga 10 mayga qadar taqdim etilishi shart.

YaST to‘lovchilari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini Soliq hisoboti shakllari (22.03.2013 yilda 2439-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) asosida hisoblaydilar. Soliq solinadigan baza (soliqning hisoblangan miqdori) yil davomida o‘zgarsa, yuridik shaxs DSXOga bir oy muddatda aniqlashtirilgan hisob-kitobni taqdim etishi shart. 

Soliq solinadigan baza (yer uchastkasi maydoni) 1 gektardan oshib ketsa – yer solig‘i yer maydoniga huquq paydo bo‘lgan oyning keyingi oyidan boshlab hisoblanadi. Soliq solinadigan baza (yer uchastkasi maydoni) 1 gektardan kamaysa – yer solig‘i kamayish yuz bergan oydan e'tiboran hisoblanmaydi.

Soliq to‘lovi har oyning 10-kuniga qadar yillik summaning 1/12 qismi miqdorida amalga oshiriladi. 2018 yilda to‘lov aprel oyidan boshlab amalga oshiriladi, bunda aprel oyi uchun to‘lov 10 mayga qadar amalga oshirilishi zarur, may oyi uchun ham 10 maygacha, iyun oyi uchun – 10 iyungacha, iyul oyi uchun – 10 iyulgacha va h.k. tartibda to‘lash kerak.

YaST to‘lovchilari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi va to‘lanishi uchun javobgar bo‘ladilar. Nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Yagona soliq to‘lovi to‘lovchilarining yer solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.

Hujjat 17.04.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid