O‘zbekiston | 21:30 / 19.04.2018
45382
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Navoiydagi 3ta loyihani borib ko‘rdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi.

Mamlakatimiz kimyo sanoatining eng yirik korxonasi – «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida uchta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bular «Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasini qurish», «Ammiak va karbamid ishlab chiqarish quvvatlarini qurish» va «Azot kislotasini ishlab chiqarishni tashkil etish» loyihalaridir.

Umumiy qiymati 1,7 milliard dollar bo‘lgan ushbu quvvatlar Xitoy, Yaponiya va Shveytsariya bilan hamkorlikda barpo etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur korxonalar qurilishining borishi bilan tanishdi.

Birinchi loyiha Xitoyning «China CAMC Engineering CO. Ltd» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. U mamlakatimiz kimyo sanoati uchun yangi turdagi mahsulotlar – 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda va 300 ming tonna metanol ishlab chiqarish imkonini beradi. Ushbu majmua ishga tushirilgach, 900dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.  

Yaponiyaning «Mitsubishi Corporation» va «Mitsubishi Heavy Industries Ltd.» kompaniyalari bilan hamkorlikdagi ikkinchi loyiha doirasida eskirgan, ko‘p energiya talab qiladigan uskunalarni zamonaviysiga almashtiriladi. Majmua yiliga 660 ming tonna ammiak va qariyb 580 ming tonna karbamid ishlab chiqarish imkonini beradi. Bugungi kunda bu yerda zamonaviy texnikalar jalb etilgan holda 40ta asosiy obekt qurilishi davom etmoqda.

Shveytsariyaning «CASALE SA» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan uchinchi majmua 500 ming tonna xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. 

«Davlat rahbari loyihalar doirasida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadi. Belgilangan reja va vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta'minlash, energiya tejamkor va mahsuldor texnologiyalarni qo‘llash orqali mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, kimyo tarmog‘i korxonalarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev chet ellik quruvchi va muhandislar bilan muloqot qilgan.

Mavzuga oid