Jamiyat | 18:18 / 23.04.2018
14097
4 daqiqa o‘qiladi

Diplomsiz odam ham ziyoli bo‘lishi mumkin

Keyingi vaqtlarda biz ziyoli deb ataydigan odamlar orasida noxush voqealar, axloq-odob chegarasidan hatlashlar uchrab turayotgani achinarli hol. O‘ylanib qolasan kishi: shallaqi o‘qituvchi, poraxo‘r shifokor, g‘iybatchi olim, madhiyaboz jurnalist (ming bor uzr, biz o‘z kasbining halol egalarini nazarda tutayotganimiz yo‘q) va hokazolar aslida ziyoli degan nomga loyiqmi?

Bir qorovulni taniyman. O‘zi unchalik katta bo‘lmagan idora qorovuli. Xasta odam. Ammo jahon adabiyotiyu milliy nasr va nazmimizni ham yaxshi biladi. Yaxshi biladigina emas, kezi kelganda g‘alvirdan ham o‘tkaza oladi. Ya'ni, “Qaysi yozuvchi qanday yozadi?”, “Qaysi asarning mazmuniyu, g‘oyasi qanday?”, umuman, istagan kitobingiz haqidagi savolga javob bera oladi. Javob berganda ham to‘tiqush kabi emas, o‘z mustaqil va hech kimnikiga o‘xshamagan qarashlarini so‘zlaydi. Shu odam bilan suhbatlashganimda, zamonamizning eng ma'rifatparvar kishisini ko‘rganday bo‘laman. Zohiran esa u oddiy qorovul!

Yaqinda o‘qib qoldim, atoqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov suhbatlaridan birida shunday degan ekan: “Hozirgi paytda “ziyoli” degan so‘zning bahosi biroz tushib ketgandek ko‘rinadi. Biz, umuman, o‘qigan, ma'lumotli odamning hammasini “ziyoli” deb ataydigan bo‘lib qoldik. Bu – to‘g‘ri emas. Menimcha, “ziyoli” degan so‘z o‘qituvchi, injyener, shifokor va hokazo kabi kasb egalarinigina bildirmaydi. Faqat o‘qigan emas, o‘qimagan odamlar o‘rtasida ham ziyolilar uchrab turadi. Mendan xafa bo‘lishmasin-u, hozir ko‘pgina ziyolilarimiz o‘z qadrlarini ancha tushirib yuborganday ko‘rinadi. Mening nazarimda, ziyolilik hamisha fidoyilik tushunchasi bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Hamma gap vijdonning susayishi-yu, hakalak otib ketgan nafsda. Ziyolilar dastavval yo‘qolgan obro‘-e'tiborlarini qayta tiklamoqlari darkor”.

Otasi yo akasining puli bilan o‘qishga kirgan, aslida, kitob ko‘rmay diplomli bo‘lganlarning kasriga ziyoli degan qatlamning nomi oyoq osti bo‘lmayotganmikan? Pul bilan diplomga erishgan o‘qituvchi kimni tarbiyalaydi? Pul bilan o‘qishga kirgan shifokor, huquqshunos, muhandis... ertaga nima qiladi? Poydevori qiyshiq bino tik bo‘larmidi?

Yana bir gap. Oldinlari ko‘chadan o‘qituvchi o‘tayotgan bo‘lsa, o‘quvchilar yer chizib turishardi. Bugun esa birinchi ustozi bilan qadah urishtirib o‘tirganlarni ham uchratayapmiz. Ha, jamiyatimizning og‘riq nuqtalari hali davo topganicha yo‘q. Shunday ekan, bu masalaga davlat siyosati darajasida e'tibor berilayotgani yaqin yillarda o‘z samarasini berishidan umidvormiz.

Zuhal Ro‘ziyeva

Mavzuga oid