Jamiyat | 16:52 / 26.04.2018
15058
6 daqiqa o‘qiladi

MIB elektr hisoblagichlar ko‘rsatkichlarini har oy olishni rejalashtirmoqda

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga kiritiladigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar loyihasi e'lon qilingan.
 
Norma’ning yozishicha, birinchidan, Majburiy ijro byurosi (bundan keyin – Byuro) iste'molchi bilan birgalikda har oy hisobga olish priborlaridan ko‘rsatmalar olishi tartibini tatbiq etish taklif qilinmoqda. Bu elektr energiyasi iste'molining haqiqiy hajmini aniqlash va zarurat tug‘ilganda hisobga olish priborlarining ulanish sxemalarini tekshirish uchun zarur.    
 
Ikkinchidan, maishiy iste'molchilar va iste'molchi – yuridik shaxslar uchun namunaviy shartnomalar Qoidalardan chiqarib tashlanadi. Shartnomalarni «O‘zbekenergo» AJ ishlab chiqadi, «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasi keyinchalik huquqiy ekspertizadan o‘tkazgan holda tasdiqlaydi.
 
Uchinchidan, maishiy iste'molchilarda barcha zamonaviy elektron hisobga olish priborlari hududiy elektr tarmoqlari korxonalari (bundan keyin – HETK) mablag‘lari hisobiga sotib olinadi, o‘rnatiladi, ro‘yxatdan o‘tkaziladi, davriy davlat qiyoslovidan o‘tkaziladi va plombalanadi. Bu mavjud (shu jumladan induksion) hisoblagichlarga ham taalluqli. Ilgari faqat Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanadigan maxsus elektron hisoblagichlar bepul o‘rnatilgan.  
 
To‘rtinchidan, to‘lov hujjatida xatolik yoki hisoblagich ko‘rsatkichlarida noaniqlik borligi aniqlanganda, HETK Byuro bilan birgalikda hisob-kitoblarning to‘g‘riligini tekshiradi, shuningdek hisobga olish priborini ko‘zdan kechiradi (zarurat tug‘ilganda). Shu o‘rinda ushbu tartib amaliyotda qo‘llanilayotganligini qayd etib o‘tamiz.
 
Beshinchidan, elektr energiyasidan reklama, chiroqlar bilan bezatish, bino va inshootlarni yoritish uchun foydalanishga HETKdan ruxsat olish tartibi bekor qilinadi. Bundan tashqari, elektr energiyasidan texnologik maqsadda isitish, tijorat maqsadida ovqat tayyorlash, shuningdek xonalarni isitish va issiq suv ta'minoti maqsadida foydalanishga «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasining roziligini olish uchun texnik-iqtisodiy asoslar taqdim etishga to‘g‘ri kelmaydi.
 
Oltinchidan, ko‘p xonadonli uy-joylardagi xonadonlarda va shaxsiy uy-joylarning ichidagi imoratlarda o‘rnatilgan hisobga olish priborlari but va yaxlit saqlanishi uchun javobgarlik iste'molchi zimmasiga yuklatilishi haqida aniqlik kiritirildi. Haqiqatda bu hisoblagichlarni uy ichiga o‘rnatishga ruxsat berilishini anglatadi.
 
Yettinchidan, iste'molchining aybi bilan hisobga olish priborining xotira bloki va dasturlashtirilishiga kirish tugmachasiga (bo‘lmasiga) tashqaridan ta'sir ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yishga olib keladi. Bunda hisobga olish priborlari oxirgi marta almashtirilgan yoki ularning ulanish sxemalari qiyoslovdan o‘tkazilgan kundan boshlab, biroq da'vo muddatidan (3 yil) ortiq bo‘lmagan muddat uchun qayta hisob-kitob amalga oshiriladi.
 
Sakkizinchidan, reaktiv energiya iste'moli uchun ustama miqdori iqtisodiy qiymatning amaldagi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. Hozir ustama miqdori (qiymat doirasida – QQSsiz aktiv energiya uchun tarifdan 5%, qiymat miqdoridan ortiq – 10%) shartnomada belgilangan iqtisodiy qiymatga bog‘liq. Kelgusida hisobot davri yakunlangach, iste'mol qilingan aktiv energiya miqdori ta'sir ko‘rsatadigan amaldagi miqdor aniqlanadi.
 
To‘qqizinchidan, katta va kichik yuklamali soatlar bir soat oldinga ko‘chiriladi. Katta yuklamali soatlar 6:00 dan 22:00 gacha, kichik yuklamali soatlar esa – 22:00 dan 6:00 gacha etib belgilanadi. Eslatib o‘tamiz, chegirmalar (QQS hisobga olinmagan holda tarifning 15%i) iste'molchi ushbu katta yuklamali soatlarda reaktiv energiya generatsiya qilishi va uni kichik yuklamali soatlarda iste'mol qilishiga bog‘liq.
 
O‘ninchidan, ovqat tayyorlash uchun markazlashtirilgan tarzda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p xonadonli uy-joylarda va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy iste'molchilar foydalanadigan elektr energiyasi haqini quyidagicha to‘lash taklif etilmoqda. Quyidagi miqdorda iste'mol qilganda:
 
• hisobot davrida (bir oyda) soatiga 300 kVt doirasida – mazkur tarif guruhi amaldagi tarifining 50%i miqdorida;

• xuddi shu davrda soatiga 300 kVt dan ortiq bo‘lsa – ko‘rsatilgan normadan oshuvchi har kVt soat uchun mazkur tarif guruhi amaldagi tarifining 100%i miqdorida.
 
Hozir imtiyozli iste'mol limiti belgilanmagan va iste'molchilar 50% to‘lamoqdalar. U aynan nimaniki?
 
O‘n birinchidan, I va II tarif guruhlari iste'molchilariga IV tarif guruhi bo‘yicha texnologik maqsadda elektr energiyasi haqini to‘lash taqiqlanadi. Biroq ular binolarni isitish, issiq suv ta'minoti va ovqat tayyorlash uchun elektr energiyasiga avvalgidek IV tarif guruhi bo‘yicha to‘lashlari mumkin bo‘ladi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid