O‘zbekiston | 00:04 / 27.04.2018
39140
5 daqiqa o‘qiladi

Qur'onni o‘qish o‘rgatilishi aytilgan kurslarda arab tili o‘rgatilmoqda

Qur'oni Karimni tajvid bilan o‘qishni o‘rgatishi aytilgan “Arab tili kurslari”da arab tili o‘rgatilmoqda. KUN.UZ muxbiri Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida ayni masalaga oydinlik kiritishni so‘rab, spikerlarga murojaat qildi.

Foto: Xalqaro press klub

Mazkur savol bo‘yicha Xalqaro Islom akademiyasi rektori, akademik Ne'matilla Ibrohimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

“Qur'on o‘qimagan odamda, hatto arab tilida talaffuzi yaxshi bo‘lmaydi. Nahv-sarf, ya'ni grammatika qoidalari ham aynan Qur'onni noto‘g‘ri o‘qib qo‘ymaslik uchun tuzilgan. Qur'oni Karimga belgilar qo‘yilishi Xalifa Usmon roziallohu anhu davrlarida, Mushaf hollariga keltirilganidan keyin, u kishining topshiriqlari bilan, sahoba (o‘sha davrning filolog olimi deyish mumkin) Zayd bin Valid tomonidan qo‘yib chiqilgan. Bu narsa shu vaqtgacha o‘zgarganmas. Endi, o‘sha og‘ir, o‘tgan asrning 80-yillarida, “ideologiya”ning juda dahshatli odamlar turganida ham biz Qur'onni o‘qitganmiz. Chunki, buning hech iloji yo‘q. Qur'onni o‘qitmasdan, arab tilini o‘rganishni iloji yo‘q. 

Ammo so‘nggi vaqtlarda Qur'on o‘qitishni noto‘g‘ri talqin qilish hollari ham bo‘lmoqda. Masalan, Islom universiteti nomi, lekin arab tili o‘qitish minimum darajaga tushirilgan. Ba'zi guruhlarga 2 para, ba'zilariga bitta qo‘yilgan. Mana, bir ayol domla arab tili darsida Qur'ondan misol keltir, degani uchun ishdan haydashibdi. Bu nima degan gap? O‘ylaymanki, hozirda Qur'on kurslarini ochishga hech qanday mone'lik bo‘lmasa kerak”, - dedi Ne'matilla Ibrohimov. 

Foto: Xalqaro press klub

Ayni masalaga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nurimon Abul Hasan oydinlik kiritishga urindi.

“Qo‘shimcha qilib shuni aytmoqchimanki, Qur'on kurslari ochilishi bo‘yicha xabarlar tarqalib ketgandi. Lekin bu xabarlar, faqat Diniy idoraga bog‘liq xabarlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Endi bu xabarlarni yanada mustakamlash uchun O‘zbekiston prezidenti tomonidan ayni muhokama qilinayotgan farmon ichida chora-tadbirlar dasturi bor. Unda O‘zbekiston Musulmonlar idorasi ta'lim muassasalarida Qur'oni Karim kurslari tashkil etilsin, degan joyi bor. Bu tashkil etiladi. 

Savol boshqacharoq qo‘yilishi kerak edi, menimcha. Nimaga arab tili o‘rgatilayapti? Arab tili o‘rgatilmasa, Qur'onni qaysi tilda o‘rganadi? Qaysi tilda o‘qiydi? Arab tilini o‘rganish kerak avval. Chunki, o‘sha arab harflarida yozilgan. Boshqa harflar bilan biz Qur'onni o‘qiy olmaymiz? Buni tanqid qilish nojoiz”, - dedi Nurimon Abul Hasan. 
 

Foto: Xalqaro press klub

Shu o‘rinda, Nurimon Abul Hasan bildirgan fikrlarga munosabatimni izhor qilmoqchiman. Qur'onni o‘qishni o‘rganish uchun menimcha, arab tilini emas, uning harflarini yaxshi bilish hamda tajvid qoidalarini o‘zlashtirish kifoya. Oddiy, yoshi 40-50 yoki 60ga borgan kishi Qur'on o‘qishni uni arabchadan tarjima qilib, tushunib o‘qiy deb o‘rganmaydi, nazarimda. Qolaversa, 7 yo 8 yoshida qori bo‘libdi, deb havas qilamiz, gohida. Nima ularga arab tili o‘rgatilganmi, dastavval? Unga arab alifbosi va Qur'on qanday o‘qilishi o‘rgatilgan xolos. Yoshi o‘tgan kishilarga esa, vaqtlarini tejash maqsadida arab alifbosi va tajvid o‘rgatib qo‘yilsa, kifoya qilgan bo‘lar edi. 

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 25 noyabrida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov tomonidan respublikadagi diniy ta'lim muassasalari huzurida “Qur'on kurslari”ni tashkil etish bo‘yicha qarori imzolagan edi. Unda belgilangan to‘lov evaziga bir necha oy davomida Qur'onni o‘qishni o‘rgatish qayd etilgan edi. Keyinchalik, bu kurslar nizomi ishlab chiqilib, uning nomi ham “Arab tili kurslari”ga o‘zgardi. 

O‘sha vaqtda mutasaddilar “Arab tili kurslari” deyilayapti, ammo unda Qur'onni o‘qish o‘rgatiladi, deb ta'kidlashgandi. Biroq KUN.UZ’ga qilinayotgan murojaatlarda bu kurslarda arab tili o‘rgatilayotgani, so‘zlar yodlatilayotgani aytilmoqda. 

Mavzuga oid