O‘zbekiston | 01:07 / 28.04.2018
10178
5 daqiqa o‘qiladi

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tashkil etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilindi.

Qarorda birlamchi urug‘chilik va yangi, istiqbolli navlarni sinash bilan shug‘ullanuvchi elita-urug‘chilik xo‘jaliklari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini tashkil etish masalalari hal etilmasdan qolinayotgani, turli navdagi urug‘lar va reproduksiyalarni alohida yig‘ish, shuningdek, ularni saqlash va qayta ishlash sharoitlariga rioya etilishi ustidan lozim darajada nazoratning mavjud emasligi ekin materiali sifatining pasayishiga va hosildorlikning tushishiga olib kelayotgani qayd etilgan.

Qarorga ko‘ra, urug‘chilik sohasini tubdan takomillashtirish, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish, ularni xalqaro bozorlarga yanada ilgari surish maqsadida o‘rnatilayotgan tartibga ko‘ra 2018 yil 1 sentabrdan:

  • bitta viloyatda o‘ntadan ko‘p, bitta tumanda beshtadan ko‘p boshoqli don ekinlarining rayonlashtirilgan navlarini, shuningdek, bitta viloyatda beshtadan ko‘p, bitta tumanda ikkitadan ko‘p g‘o‘zaning rayonlashtirilgan navlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi (sinov o‘tkazish uchun joylashtiriladigan yangi navlar bundan mustasno);
  • boshoqli don ekinlari va g‘o‘za navlarini sinovdan o‘tkazish muddati ikki yildan, boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinovdan o‘tkazish muddati bir yildan oshmasligi lozim;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining navlarini (boshoqli don ekinlari, g‘o‘za va kartoshka urug‘lari bundan mustasno) majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish va O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan Qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi;
  • boshoqli don ekinlari va g‘o‘zaning urug‘larini eksport qilish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining xulosasiga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligining qarori bo‘yicha amalga oshiriladi, boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini eksport qilish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinmaydi;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini import qilganda (boshoqli don ekinlari, g‘o‘za va kartoshka urug‘lari bundan mustasno), agar sinovdan o‘tkazishda qo‘llanilgan talablar O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan shunga o‘xshash talablardan past bo‘lmasa, akkreditatsiya bo‘yicha xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari akkreditatsiya qilgan xorijiy laboratoriyalar tomonidan o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinovdan o‘tkazish natijalari tan olinadi.

G‘o‘za urug‘chiligi respublika markazi va Boshoqli don ekinlari urug‘chiligi respublika markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tashkil etilmoqda va quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilanmoqda:

  • qishloq xo‘jaligi ekinlari, shu jumladan g‘o‘za va boshoqli don ekinlarining urug‘larini tayyorlash, foydalanish va eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish;
  • mahalliy va xorijiy seleksiya navlari, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va rivojlantirish;
  • tarmoq korxonalari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekiladigan urug‘larini tayyorlash, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha normativ talablarni xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqish;
  • urug‘chilik sohasida ilmiy va tajriba-eksperimental tadqiqotlarni olib borishga, tarmoq korxonalarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish;
  • urug‘chilik bo‘yicha xalqaro va milliy organlar bilan o‘zaro faol hamkorlik qilish, urug‘larni ekishdan oldin ishlov berish va qayta ishlashga oid innovatsion texnologiyalarni, ushbu sohadagi nou-haularni joriy etish.

Markaz davlat unitar korxonasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.

Mavzuga oid