Jahon | 01:16 / 29.04.2018
22825
2 daqiqa o‘qiladi

Fyodor Yemelyanenko FQB tomonidan so‘roq qilindi

Foto: TASS/Valeriy Sharifulin

Rossiyalik aralash yakkakurash jangchisi Fyodor Yemelyanenko amerikalik Frenk Mir bilan jangidan bir necha kun oldin Federal qidiruvlar byurosi agentlari tomonidan so‘roq qilingan. Bu haqda The Telegraph nashri xabar bermoqda. Yemelyanenko va Mir o‘rtasidagi jang Chikagoda 28 aprel kechasi (Toshkent vaqti bilan 29 aprel ertalab) bo‘lib o‘tadi. 

Yemelyanenko va uning jamoasi AQShga 24 aprelda kelgan. 3 kun avval rossiyalik to‘xtagan mehmonxonaga FQB agentlari kelib, uni so‘roq qilishgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, FQB xodimlari keyinroq yana mehmonxonaga kelishgan. 

The Telegraph’ning qayd qilishicha, Yemelyanenkoning janglariga Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashrif buyurib turadi hamda Rossiya va AQSh Suriya ixtilofini tartibga solishda ishtirok etayotgani hisobga olinsa, unda “bo‘lgan voqea Yemelyanenkoning xavfsizligini ta'minlash masalasi bo‘lgan bo‘lishi mumkin”.

Bundan tashqari, Yemelyanenko avval Affliction Entertainment tashkiloti o‘tkazgan musobaqalarda ishtirok etgan. AQSh prezidenti Donald Tramp bu tashkilotda ulushga ega bo‘lgan. Trampning shaxsiy advokati, hozirda FQB tomonidan jinoiy ish ochilgan Maykl Koen tashkilotning boshqaruvchi direktori bo‘lgan. 

Ikki hafta avval Koenning mehmonxonadagi xonasida maxsus prokuror Robert Myuller olib borayotgan ish bilan bog‘liq holda tintuvlar o‘tgan. Koen go‘yoki Tramp bilan ishqiy munosabatlarga kirgan aktrisaga “og‘zini yopiq saqlashi” uchun 130 ming dollar to‘lagan. Bundan tashqari, FQB Koenni firibgarliklarda ayblamoqda.

Yemelyanenko Mir bilan Bellator 198 musobaqasining 1-bosqichi doirasida uchrashadi. 

Mavzuga oid