Jamiyat | 11:07 / 07.05.2018
31556
16 daqiqa o‘qiladi

Nikoh va oila: qonun hujjatlari samaralimi?

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Oila kodeksi turmushda mustaqil er-xotinning tengligiga va ular hayotida boshqa qarindoshlarning ahamiyati kamligiga asoslangan zamonaviy oila modeliga qurilgan. Bunday qonunchilik O‘zbekistondagi oilaviy turmushni samarali tartibga sola oladimi – Norma sharhida shu haqda so‘z yuritilgan.

Bizdagi oilalar qanday xususiyatga ega

Biz, O‘zbekiston fuqarolari, umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilamiz, biroq turmushda o‘ziga xos xalqmiz. Bu nikoh va oila munosabatlarida ayniqsa ko‘zga tashlanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida, Yevropa namunasiga tayanib ishlab chiqilgan oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida butkul boshqa davrda, umuman boshqa siyosiy va iqtisodiy sharoitda yuzaga kelgan an'analarga amal qilishda davom etmoqdamiz. Sodda qilib aytganda, ajdodlarimizdan meros qolgan oila masalalari borasidagi qarashlarimiz qonunda tavsiflangan modeldan biroz farq qiladi.
 
Oilaga turlicha qarashlar haqida o‘tgan asr boshida A.Qodiriy yozgan, so‘ng sovet davrida fikr bildirilgan. Ko‘p xotinlilik, erta va majburiy nikohlashlar e'tibor markazida bo‘lgan. Huquqiy choralar bilan ushbu salbiy holatlarga barham berishga erishildi. Ular hozir ham nazarda tutilgan:

• Jinoyat kodeksida – 126-modda (ko‘p xotinli bo‘lish), 136-modda (ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish), 128, 129-moddalar (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish va unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish);
• Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda – 47-3-modda (nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish).
 
Biroq ko‘p jihatlarda oiladagi an'anaviy turmush tarzi saqlanib qolgan. Unda avvalgidek:

• hamma ishda o‘zidan katta avlodga bo‘ysuniladi, shu jumladan ular farzandlari uchun turmush o‘rtog‘ini ma'qul topish (tanlash), ularga va turmush o‘rtoqlariga qanday yo‘l tutish haqida ko‘rsatmalar berishga ma'naviy jihatdan haqli sanaladi;
• er-xotin o‘rtasida faqat nikoh emas, balki er-xotinning oilalari o‘rtasida amalda bitim tuziladi, bu aniq mulkiy majburiyatlarni yuzaga keltiradi;
• turli avlodlar birgalikda yashagani uchun oila mulki faqat er-xotinning mol-mulkidan iborat emas, maishiy darajada ota-ona mulki va farzandlarning mulki degan tushuncha yo‘q;
• ko‘p farzand ko‘radilar, shu sababli ayol jinsi katta uy xo‘jaligi tashvishlarini zimmasiga olib, mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lmaydi;
• oilaning moddiy ta'minoti er va erkak jinsidagi katta qarindoshlari zimmasida, buning natijasida oilada erkak shak-shubhasiz ustun sanaladi;
• oila hayotida jamoatchilik (masalan, mahalla) keng ishtirok etadi va h.k.
 
Sovet davri qonunchiligida ham an'anaviy oila hayotidagi o‘ta muhim masalalarni tartibga solish yo‘lini topish uchun boshqa variant tanlangan edi. Zamonaviy model bo‘yicha qanday bo‘lishi kerakligi belgilanib, an'anaviy oilalarda yuzaga keladigan ko‘pgina ijtimoiy munosabatlar huquqiy tartibga solinmay qo‘ya qolingan edi.
 
XX asrda ushbu qaror oqibatlari uncha ko‘zga tashlanmagan bo‘lsa, XXI asr boshida jamiyatimiz o‘z tarixida ilk bor ko‘p sonli nikoh buzilishi hollariga to‘qnash keldi. Muallifning fikriga ko‘ra, bu ko‘p jihatdan ko‘plab ijtimoiy jarayonlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygan, qonunchilikka xato yondashuv oqibatidir. Chunonchi, ajralishlar sabablari xususida sudyalar bilan suhbat yuritganda oiladagi eng jiddiy nizolar aksariyat hollarda er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarga ko‘p ham bog‘liq bo‘lmay, boshqa qarindoshlar bilan o‘zaro munosabatlardan va boshqa maishiy turmush masalalaridan kelib chiqishini aytadilar.   
 
Davlat ushbu vaziyatdan chiqish niyatida to‘y o‘tkazish jarayoni shu qadar qimmatga tushmasligi uchun uni tartibga solishga urinmoqda. Shuningdek ajralish taomillarini murakkablashtirish taklif etilmoqda. Ya'ni qonunchilikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar qisman to‘ldirilmoqda. Qabul qilinayotgan choralar zarurligini inkor etmagan holda oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining o‘zi isloh qilishga muhtoj deb hisoblaymiz.   
 
Quyida «an'anaviy turmush tarzi bilan inson huquq va erkinliklari birikuvi» prinsipiga asoslangan ayrim takliflar keltirilgan.
 
Nikoh tuzish shartlari

Oila kodeksining (bundan keyin – OK) 14 va 15-moddalariga muvofiq, nikoh ixtiyoriy ravishda nikoh yoshiga (erkaklar uchun 18 yosh, ayollar uchun 17 yosh) yetgandan so‘ng tuziladi. Muhim qaror ustida o‘ylab ko‘rishlari uchun nikohlanayotganlarga ariza berilgan kundan boshlab 1 oy vaqt beriladi (OKning 13-moddasi).
 
Hatto nikoh rasman rasmiylashtirilmagan bo‘lsa ham, nikoh yoshi to‘g‘risidagi talabni buzganlik uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (bundan keyin – MJTK) 47-3-moddasiga binoan katta jarimalar belgilangan. Katta yoshli er (xotin) uchun – 10 EKIHgacha, ota-onalar uchun – 15 EKIHgacha, diniy marosim o‘tkazgan uchun – 20 EKIHgacha. Erga tegishga majburlash esa jinoiy javobgarlikka olib keladi (JKning 136-moddasi).
 
Biroq amaldagi normalar barcha muammolarni hal eta olmaydi.
 
Birinchidan, insonlar o‘rtasidagi ijobiy emotsional aloqalar – mustahkam oila qurishning eng muhim sharti. Bir-birini yaxshi bilmaydigan odamlardan jamiyat yacheykasini barpo etish imkoni kamayadi. Shu sababli ariza berilgan kundan boshlab bir oylik qisqa kutish muddati ota-onalar xohishiga ko‘ra tez nikohdan o‘tish imkonini beradi. Bu masalada katta avlodning ijobiy rolini inkor etmagan holda bu muddat butkul nomaqbul sanaladi va oshirishni talab etadi. Ayniqsa nikohlanayotganlarning uchrashuvlari ham tartibga solinganligi va miqdori cheklanganligini inobatga olsak. Tomonlar bir-birlarini yaqindan bilishlari lozim.
 
Bunday chora Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida(2.02.2018 yildagi PF–5325-son Farmonga 7-ilova) nazarda tutilgan. Batafsil – bu yerda. Muallifning fikricha, ariza berish bilan nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish o‘rtasidagi muddat kamida 6 oyni tashkil etishi kerak.
 
Ikkinchidan, jamiyatda yoshlar ungacha oila qurishi shart bo‘lgan va undan keyin erga tegmay/bo‘ydoq qolish uyat sanaladigan muayyan yosh cheklovi haqida fikr o‘rnashib qolgan. Ko‘pchilik «vaqt kelganligi» uchungina uylanadi (erga tegadi). Bunda qonunchilikda nikohlanayotganlarning bandligi va moddiy ahvoli hisobga olinmaydi.
 
Erta nikohdan o‘tgan aksariyat yoshlar ota-onasi u yoqda tursin, o‘zlarini, eri (xotini), bolalarini moddiy ta'minlashga hali tayyor bo‘lmaydi. Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy sharoit ana shunday. O‘rta maktabda majburiy 11 yillik o‘qish joriy etilishi oqibatida o‘zbekistonlik yoshlar kechroq – o‘rta hisobda 20–22 yoshda kasb-hunar ta'limi olishlarini ham inobatga olmoq zarur (ilgari fuqarolarning aksariyati 19 yoshga kelib kollejlarda kasb egasi bo‘lar edi). Yaqin orada 18–19 yoshda mustaqil hayotga qadam qo‘yishning amalda imkoni qolmaydi.
 
Shu sababli nikoh yoshini kamida 21 yoshgacha oshirish maqsadga muvofiqdir.
 
Uchinchidan, bo‘lajak er/xotin tanlashga an'anaviy ravishda ota-onalar, boshqa qarindoshlar, qo‘shnilar (nomzod haqida ma'lumot to‘plashda) va hatto ish beruvchi (davlat xizmatchilarining qarindoshlariga qo‘yiladigan ayrim talablar bobida) katta ta'sir ko‘rsatadi. Shu sababli OKning 14-moddasiga (nikoh tuzishning ixtiyoriyligi) ko‘pincha amalda to‘laqonli rioya etilmaydi.  
 
Shu bilan birga JKning 136-moddasi va u bo‘yicha javobgarlikka tortish jinoiy-protsessual tartibida nuqsonlar mavjud. Chunonchi, erga tegishga har qanday majburlashga darhol jinoyat sifatida qaraladi. JPKning 325-moddasiga ko‘ra esa bu holda jabrlanuvchining o‘zi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmaguncha jinoyat ishi qo‘zg‘atishga yo‘l qo‘yilmaydi. Natijada qahri qattiq ota-ona ustidan ham ariza kelib tushmaydi, ichki ishlar organlari va mahallaning esa hodisani indamay kuzatishdan o‘zga chorasi qolmaydi.  
 
Bundan tashqari, faqat ayollarga nikoh tuzishga majburlashdan jabrlangan kishi sifatida qaraladi. Turmush o‘rtog‘ini tanlashi cheklanadigan yigitlarning huquqlarini qonun himoya qilmaydi. 
 
Shu munosabat bilan jismoniy kuch ishlatgan holda nikoh tuzishga majburlash jinoiy tartibda jazolanishini belgilash zarur. Boshqa barcha majburlash turlari uchun ma'muriy javobgarlik tayinlanmog‘i lozim. Bunda nafaqat jabrlanuvchining, balki boshqa shaxslarning arizasiga ko‘ra ham ma'muriy jazo belgilanishi kerak. Masalan, qo‘shnilar va mahalla oqsoqolining. Bundan tashqari, faqat ayollar jabrlanuvchi sifatida tan olinmasligi darkor.

Er-xotin va ularning qarindoshlari o‘rtasidagi mulkiy munosabatlar
 
Er-xotin o‘rtasidagi mulkiy munosabatlar haqida so‘z yuritganda birgalikda orttirilgan mol-mulk va uning bo‘linishi tilga olinadi. Bu haqda ko‘p yozilgan. Shu sababli boshqa jihatlarni ko‘rib chiqamiz.
 
Birinchidan, ayol iqtisodiy va ijtimoiy hayotda mustaqil bo‘lmog‘i lozim degan nuqtai nazarni barcha fuqarolar ham qo‘llab-quvvatlamaydilar. Ayni oiladagi ichki sabablarga ko‘ra (asosan eri yoki uning qarindoshlari talabiga ko‘ra) ko‘p ayollar o‘qishi, ishi va karerasidan voz kechadi. Shu tariqa, ayol uy bekasiga, iqtisodiy jihatdan esa – birovning qaramog‘idagi kishiga aylanadi.
 
Kasbiy malakasini yil sayin yo‘qotib boradigan uy bekasining holiga havas qilib bo‘lmaydi. Uni boqishdan bosh tortganlarida yoxud nikohi buzilgan taqdirda oilani deb ishidan voz kechgan ayolning pul topishi qiyin bo‘ladi, tirikchilik qilishga mablag‘i bo‘lmaydi. OKning 117-moddasiga muvofiq er xotiniga (shuningdek xotin eriga) moddiy yordam berishi shart bo‘lsa ham, u mehnatga layoqatsiz, homilador bo‘lsa yoxud 3 yoshga to‘lmagan bolani yoki 18 yoshga to‘lmagan nogiron bolani (bola I guruh nogironi bo‘lganda 18 yoshgacha bo‘lishi haqidagi shart qo‘llanilmaydi) parvarishlayotgan bo‘lsagina aliment olish huquqiga ega bo‘ladi.  
 
Er-xotinlardan biri boshqasining talabi bilan daromad manbaidan voz kechganda, basharti rad javobi bergan mehnatga layoqatli er (xotin) mehnat birjasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, aliment olish huquqiga ega bo‘lishini qonun darajasida belgilash zarur. Bu holda bandlikka ko‘maklashish organlari munosib ish taklif etadigan paytgacha aliment to‘lash, mazkur asosga ko‘ra uni to‘lash majburiyatlarini sobiq er-xotinlarga nisbatan ham tatbiq etish maqsadga muvofiqdir.
 
Ikkinchidan, er-xotinning bitta turar joy maydonida propiska qilingani amaliyotda jiddiy muammo hisoblanadi. Kvartira yoki uy er-xotinlardan biriga emas, balki boshqa shaxslarga (ko‘pincha ularning ota-onalariga) tegishli bo‘lganda masala murakkablashadi.  
 
Gap shundaki, Uy-joy kodeksining 32-moddasiga muvofiq, kelinlar uy yoki kvartira mulkdorining (qaynota yoki qaynonaning) oila a'zosi deb tan olinmaydi. Unday bo‘lish uchun ular qaynota yoki qaynona bilan umumiy xo‘jalik yuritishlari va ularning turar joyida albatta ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishlari shart. Faqat shundagina oilaviy munosabatlarga barham berilganda ular turar joydagi xonalardan foydalanish huquqini saqlab qoladilar. Pasportda ro‘yxatdan o‘tganlik shtampi bo‘lmasa, birgalikda xo‘jalik yuritgani, shu jumladan uy ishlarini bajargani yashab qolish huquqini saqlash uchun asos bo‘la olmaydi.
 
Shu tariqa, ro‘yxatdan o‘tish haqidagi talab – qarindoshlikni tan olmaslik va turar joydan foydalanish huquqini olishga to‘sqinlik qilish uchun rasmiy dastak. Aslida esa kelinlarni turar joyda yashashga qo‘yadilar, birgalikda xo‘jalik yuritadilar va hatto uni ko‘paytiradilar. Shu sababli muallif uy-joy qonunchiligi kontekstida ro‘yxatdan o‘tkazish haqida talab qo‘ymay, birgalikda yashaganligi va umumiy xo‘jalik yuritganligi dalili asosida qarindoshlikni tan olish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.  
 
Uchinchidan, O‘zbekistonda nikoh shartnomalari kam uchraydigan holat deb hisoblash noto‘g‘ri. Har gal an'anaviy milliy nikoh tuzish chog‘ida ikkala oila vakillari «fotiha to‘yi» doirasida muayyan kelishuv tuzadilar. Biroq bu shartnomalar yuridik ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
 
Sababi – nikoh shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi lozim (OKning 30-moddasiga qarang). Bunda Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada uning tuzilishi batafsil tartibga solinmagan, fuqarolar yig‘inlari oqsoqollari esa bunday shartnomalarni tasdiqlash huquqiga ega emas (Fuqarolik kodeksining 137-moddasi, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasiga qarang).
 
Shu sababli mazkur joy an'ana va udumlarini hisobga oluvchi namunaviy nikoh shartnomalarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq ko‘rinadi. Unda, aytaylik, nikohni bekor qilish tashabbusi bilan chiqqan tomon boshqa tomonning to‘y tantanalarini o‘tkazishga sarf-xarajatlarini qoplab berishi shartligini ko‘rsatish mumkin. Bu ba'zan tomonlar bir-birini ortiqcha xarajatga tushirishidan tiydiruvchi salmoqli omil bo‘lar edi.

Bundan tashqari, fuqarolar yig‘inlari oqsoqollariga bunday shartnomalarni tasdiqlash vakolatini berish zarur. Bunda an'analarga rioya etish maqsadida nafaqat nikohlanuvchilar, balki ularning nomidan – fuqarolar yig‘ini oqsoqoli tasdiqlagan ishonchnoma asosida ota-onalari va boshqa qarindoshlari bunday bitimlarni tuzish imkoniga ega bo‘lishiga ruxsat berish mumkin
 
Qonun chiqarish tashabbusi bilan chiquvchi sub'yektlar ko‘p masalalarni sinchiklab ko‘rib chiqishlariga to‘g‘ri keladi. Biroq bir narsa aniq – Oila kodeksini takomillashtirish vaqti keldi.

Mavzuga oid