Jamiyat | 12:10 / 08.05.2018
25166
2 daqiqa o‘qiladi

Vazir tomonidan namunali uylar o‘z egalariga topshirildi

So‘ngi yillarda davlat tomonidan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan ta'minlash, oila a'zolarining yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy muhofazaga qaratilgan mazkur chora-tadbirlar harbiy xizmatchilarning oilalarini yashash sharoitlarini yaxshilash imkonini bermoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 30 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun uy-joy qurish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2017 yilning o‘zida 56 ta ko‘p qavatli uy-joy qurildi. Uy-joy binolari namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan bo‘lib, 2018 yilda ana shunday uylarning 100 tasi qurilishi ko‘zda tutilgan. 

Joriy yilning 6 may sanasida poytaxtning Yashnobod tumani «Olmos» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilgan 540 xonadondan iborat ko‘p qavatli yangi uylar 9 may – Xotira va Qadrlash kuni bayrami arafasida o‘z egalariga topshirildi.
 
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov ochib berdi. So‘ngi paytlarda prezident tomonidan vatan himoyachilarining ijtimoiy himoyasi masalalariga yuksak e'tibor berilayotganini ta'kidladi. Sharafli kasb egalarining xizmat va yashash sharoitlarini yaxshilash, el-yurt xizmatidagi insonlarning zimmasidagi vazifalarni xotirjam bajarishlari uchun barcha qulayliklar yaratilayotganini e'tirof etdi. 

Tantanali marosimda oila sohiblariga xonadon kalitlari topshirildi. Uylar egalari hamda Ikkinchi jahon urushi va mehnat faxriylari uchun tuman hokimligi tomonidan bayram dasturxoni yozildi.

Mavzuga oid