O‘zbekiston | 19:01 / 17.05.2018
5865
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligida “Namunali harbiylar oilasi” aniqlandi

Vatan tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning oilalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, oila madaniyati va odobini shakllantirish, oilalarning ibratli jihatlarini yuzaga chiqarish, ushbu dargohda kamol topayotgan farzandlar tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, san'atga va madaniy ishlarga havas uyg‘otish maqsadida har yili Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida an'anaviy ravishda “Namunali harbiylar oilasi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

Kuni kecha Mudofaa vazirligi Ma'naviyat va ma'rifat markazida mazkur ko‘rik-tanlovning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy okrug va unga teng bo‘lgan birlashmalari hamda oliy harbiy ta'lim muassasalari miqyosida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ko‘rik-tanlov “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” mavzusidagi tanishtiruv, “Insonga naf keltirish – oliy baxt” mavzusidagi sahna ko‘rinishi va  "Erkin ijod" nomli shartlar asosida tashkil etildi. Tanlovda jami yetti nafar harbiy xizmatchilar oilasi ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, serjant Farhodjon Hudoyqulovning oilasi (Toshkent harbiy okrugidan) mutlaq g‘olib deya e'tirof etildi. Ikkinchi o‘rinni kichik serjant Bobomurod Nuratovning oilasi (Sharqiy harbiy okrugidan) egalladi. Uchinchi o‘rin kapitan Hamidjon Ochildiyev boshchiligidagi oilaga (Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtidan) nasib etdi.

G‘oliblarga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan diplom, faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Tanlovning faol ishtirokchi oilalari “Muxlislar mehrini qozongan harbiy oila”, “Aktyorlik mahorati rivojlangan harbiy oila”, “Eng ahil harbiy oila”, “Eng quvnoq va zukko farzandlar oilasi” hamda “Eng ma'rifatparvar oila” kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, tanlovda Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli ijodiy jamoasi tomonidan konsert dasturi taqdim etildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mavzuga oid