Jamiyat | 17:00 / 20.05.2018
103365
5 daqiqa o‘qiladi

Osh yemas maoshlilar

Mehnat qilish inson turmush tarzining ajralmas qismi. Chunki u orqali inson ijtimoiy hayotda ham moddiy, ham ma'naviy darajaga ega bo‘ladi. Shuning uchun mehnat munosabatlari qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Mehnat qadrlanishi va uning munosib baholanishi shaxsni rag‘batlantirishga hamda jamiyat farovonligiga sabab bo‘ladi. Agar buning teskarisi bo‘lsa-chi? «KUN.UZ» tahririyatiga kelib tushgan maktublardan biri ana shu savolni berishga majbur qildi.

«Assalomu alaykum. Achchiq xabar bor edi... Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ko‘p yillik ish stajiga ega xodimlar juda ham haqoratomuz maoshlar olishyapti. Masalan, 32 yillik umrini shu zavodga bag‘ishlangan, har yili paxta mavsumida Qoraqalpog‘istongacha borib, oylab oilasidan uzoqda, qiyin sharoitlarga ko‘nib, paxta tergan, 4 nafar farzandi (3 qiz va 1,5 yoshli o‘g‘li) bor, rafiqasi uyda o‘tiradigan, boshqa daromad manbai yo‘q erkakning oylik maoshi 450 000 so‘m bo‘lsa, nazarimda bu noinsoflik va adolatsizlik!

Shu masalada zavodning faoliyatiga e'tibor qaratib, bu masalaga adolatli yechim topishga yordam zarur. Birgalikda kurashaylik. Qachongacha bunaqa holatlar davom etaveradi?».

Haqli savol, qachongacha?

O‘tgan safar ham xuddi shu mazmundagi murojaat yo‘llangan va biz uni bir maqolaning ostida ilova tarzida e'lon qilgan edik. Mana, o‘sha murojaat:

«Shifokor bo‘lganingizda bilar edingiz. Oyliklar qanchaligini ham yozmabsizda. Eng ko‘pi bilan 2 mln so‘m. To‘g‘ri, korrupsiyaga qarshi kurashish kerak, lekin shifokor ham odam, uning ham oilasi, farzandlari bor. Shifokor ham joyi kelsa birovga ishi tushib boradi va, albatta, ularga «siz shifokor, xalqqa xizmat qilasiz, keling, bizning xizmatlarimiz ham sizga bepul», deb xizmat qilishmaydi. Olgan oyligidan svetga to‘lasinmi, gazgami, soliqqami, bolasining tushligigami, ro‘zg‘orning kam-ko‘stigami, borib kelishi uchun yo‘l haqigami. Ba'zi shifokorlar pulga juda o‘ch bo‘ladi, buni juda yaxshi bilaman, lekin shifokorlarga yopishib olish to‘g‘ri ish emas. Shifokorga bir kunda qanchalab bemor keladi, bolalarning barchasi yig‘laydi, birovi gapni tushunadi, birovi tushunmaydi. Birovi xushmuomala va sizga o‘xshab iymanib turadi, qolganlari esa betgachopar, har narsada nimaga bepul emas, nima uchun pul olasiz, deb asabga tegadi. Bunday muomaladan keyin shifokorning asabi buzilmasdan eyforiyada bo‘lsinmi? Qani, ota-onasi, yaqinlari shifokor bo‘lganlar bu gaplarni inkor eta olarmikin? Keyingi safar shifokorga borishda shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakmikan...».

Yozuvchi V. A. Suxomlinskiyning shunday gapi bor: «O‘z qadr-qimmatini bilmasdan turib, ma'naviy boylikka yetishishni tasavvur qilish qiyin». Bugun biz millat sifatida o‘z qadr-qimmatimizni bilmasak, eski xayollar, o‘zibo‘larchilik kayfiyatida yursak bizga zarur boylikka erisha olmaymiz. Ya'ni, insonning jamiyatdagi qadriga.

Qora va og‘ir mehnat qilib, oilasidan uzoqda ishlab, 500 ming so‘mga yaqin maosh ololmayotgan, 11 yilga yaqin tibbiyot sohasida ta'lim olib, uning huzurini ko‘rolmayotgan shaxsning jamiyatdagi qadri sizningcha qanday? Hali bir «oklad» maosh olib ishlayotganlar, gonorar evaziga kun ko‘rayotgan ijodkorlar, qo‘lidagi guldek hunari qadrlanmay, chet ellik qo‘lida quldek ishlayotgan yurtdoshlarimiz qanchadan-qancha. To‘g‘ri, biz bugun yangilanayotgan mamlakatda yashayapmiz. Buni olib borilayotgan islohotlardan, o‘zgarishlardan ko‘rish mumkin. Masalan, joriy yilning yanvar oyida ommaviy axborot vositalari orqali berilgan xabarlarga ko‘ra, 2018 yildan boshlab, oylik ish haqi, pensiya va stipendiyalar miqdori oshirib boriladi. O‘rtacha maoshlar hisobi ham ko‘tariladi. Mayli...

Achchiq haqiqat bor: biz bir avlodni boy berdik, qaysi ma'nodagi ikkita tabaqaga ajratib qo‘ydek. Biri to‘g‘ri bo‘lib moddiy tomondan juda qiynaldi, biri o‘g‘ri bo‘lib davru-davron surdi. Endi, bundan bu yog‘iga, bunday xatolikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki ortimizdan kelayotgan avlod to‘g‘rilarning sabridan o‘rnak olib, o‘g‘rilarning qilmishidan ibrat olishlari kerak bo‘ladi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
jurnalist

Mavzuga oid