Jahon | 17:55 / 20.05.2018
85180
2 daqiqa o‘qiladi

Trampni iftorlikka "Falastin poytaxti Al-Quds"ga taklif etilgan videorolik tarqaldi

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining Britishtan sahifasida muqaddas Ramazon oyiga bag‘ishlangan musiqiy videorolik taqdim etildi. Unda AQSh prezidenti Donald Tramp, KXDR yetakchisi Kim Chen In kabi dunyo mamlakatlari rahbarlari siymosi aks ettirilganini ko‘rish mumkin.

Rolikda bolakay Donald Trampga murojaat qilib, uni Ramazon bilan qutlaydi va uni iftorlikka "Falastin poytaxti Al-Quds"ga taklif qiladi. 

"Janob prezident, Ramazon muborak! Agar xarobadagi uyimni topa olsangiz, sizni men bilan iftorlik qilishga taklif qilaman", - deydi u. 

Shuningdek qo‘shiqda bir samoda ham azon yangrashi, ham cherkov qo‘ng‘iroqlari jaranglashi, Alloh barcha uchun birligi madh etiladi. 

"Orzularni kemirayotgan qayiqlardagi o‘limlar, jurnallarda aks etayotgan bolalar suratlari... Janob, prezident, bularning bari menga uyqu bermayapti. Har kuni ko‘zlarimni yumar ekanman, bombalar tovushini eshitaman, mening yotoqxonam tutunlar va otash qa'rida qolmoqda",  deyiladi qo‘shiqda.

Unda shuningdek qochqinlar imon-e'tiqodi sabab ayblanayotgani, kamsitilayotgani, qatl qilinishga mahkum qilinayotgani kuylanadi. 

Qo‘shiq "Janob prezident, iftorligimiz Allohning kalomida yozilganidek Falastin poytaxti - Al-Qudsda bo‘ladi. Omin", - degan so‘zlar bilan tugaydi va ekranda bolalarimiz va xalqlarimizni Alloh o‘z panohida asrashi so‘ralgan yozuv aks etadi. 

Mavzuga oid