O‘zbekiston | 15:00 / 23.05.2018
31989
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘anning o‘g‘li O‘zbekistonga keldi

Bugun Butunjahon etnosport konfederatsiyasi rahbari, Kamonchilar fondi vasiylik kengashi raisi, Turkiya yoshlar fondi Oliy maslahat kengashi a'zosi Bilol Erdo‘g‘an va «Turkiya-O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi, Turkiya Buyuk Millati Majlisi a'zosi Haydar Ali Yildiz boshchiligidagi katta delegatsiya Toshkent shahriga yetib keldi.

Mehmonlarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Bashar Shen kutib olishdi.

Turkiya delegatsiyasining yurtimizga tashrifidan maqsad o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ularni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek kamondan o‘q otish bo‘yicha o‘tkaziladigan «Fotih Kubogi» xalqaro turniriga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etishdan iborat.

Turkiyalik mehmonlar poytaxtning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurishdi. Mehmonlar MOQ Prezidenti va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov hamrohligida Toshkentning diqqatga sazovor joylarini borib tomosha qilishdi. Ular «Xalqlar do‘stligi» maydoni, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi hamda Amir Temur xiyobonida bo‘lishgan.

Shundan so‘ng, martabali mehmonlar Toshkent vokzalidan «Afrosiyob» tezyurar poyezdida Samarqand shahriga jo‘nab ketishdi. Mehmonlar bugun jahonga mashhur «Registon» maydonida o‘tkaziladigan kamondan o‘q otish sport turi bo‘yicha «Fotih kubogi» xalqaro turniriga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etishadi.

Mavzuga oid