Jamiyat | 01:14 / 28.05.2018
70675
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p rizq va uzoq umr ko‘rishni istaydiganlar uchun ishonchli maslahat

Foto: kun.uz

Qarindosh-urug‘chilik qadim-qadimdan insoniyat hayotining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Buning zamirida shunday hikmat yotibdiki, Payg‘ambarimiz alayhissalom bu narsaga juda ko‘p bor urg‘u berganlar, e'tibor qaratganlar.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim o‘ziga ko‘p rizq (boylik) berilishini va uning umri uzoq bo‘lishini xohlasa, o‘z oilasi va qarindoshlari bilan yaxshi aloqani ushlasin (ya'ni, silai rahm qilsin)», dedilar. 

Dunyodagi eng katta ne'matlardan boylik va umrguzaronlik har doim insonga havas bergan. Mana shu narsalarga erishish uchun kishi oilasi va qarindoshlariga yaxshilik qilishi lozim ekan.

Jubayr ibn Mut'im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qarindoshlik rishtalarini uzadigan odam jannatga kirmaydi», dedilar.

Hadisdan anglashilib turibdi-ki, qarindoshlik rishtalari Alloh huzurida shu qadar muqaddaski, kimda kim uni uzsa jannatga kirmas ekan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa (ishonsa), mehmoniga saxiylik bilan xizmat qilsin; kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, qarindoshlik rishtalarini yaxshi bog‘lasin (ya'ni, silai rahm qilsin), va yana kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, yaxshi narsalarni so‘zlasin yoki jimlik saqlasin (ya'ni, gapirmasin)».

Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash lozimki, har bir mo‘min-musulmon o‘z oilasi va qarindosh-urug‘lariga mudom yaxshilik qilishi, og‘ir kunlarida yelkadosh bo‘lib, quvonganida quvonishi lozim. Ana shunda u ikki dunyo saodatiga so‘zsiz yetishgan bo‘ladi.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid