Jamiyat | 16:31 / 31.05.2018
62402
5 daqiqa o‘qiladi

Folbinlik va unga ishonish kishini xorlik sari yetaklaydi

Inson bilib-bilmay gunohga qo‘l uradi. Agar aqli yetsa, iymoni bo‘lsa, Allohdan qo‘rqsa gunohi uchun tavba qiladi va qaytib bu gunohga qo‘l urmaydi. Ammo teskarisi bo‘lsa Allohning g‘azabiga uchraydi, bu dunyoda ham, u dunyoda ham. Ammo shunday gunohi kabiralar bor-ki, u shirkka olib borishi va kishining ikki dunyosini kuydirib yuborishi mumkin. Ana shunday gunohlardan folbinlik, folga ishonish, sehr-jodu va munajjimlik gapimizga misol bo‘la oladi. Bu mavzu haqdagi muborak hadisi shariflarda shunday deyiladi.

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: «Farishtalar yer yuzida sodir bo‘ladigan narsalar haqida bulutlar orasida gaplashganlarida, jinlar ularning bitta so‘zlarini eshitadilar va uni folbinlarning quloqlariga kelib (idishga suv quygandek) quyib ketadilar va u so‘zga jinlar yuzta yolg‘onni qo‘shadilar».

Sharh: Bundan ko‘rinib turibdiki, folbinlar jin va shaytonlar bilan aloqa qilishadi. Ularning yolg‘on-yashiq gaplarini ko‘pirtirib, ustiga ming yolg‘onni qo‘shib odamlarga yetkazishadi. Bu ishlarning turgan-bitgani gunohi azimdir.

Abu Mas'ud al Badriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambarimiz (s.a.v) (ba'zi) man qilgan narsalari orasida, fohishalikdan topilgan pul va folbinga beriladigan pul bor edi», dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yetti xil halokatli narsadan saqlaninglar», dedilar. Tinglovchilar: «Ular nima, ey Allohning rasuli?», deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohga biror narsani sherik qilish, sehr-jodu qilish (ya'ni, issiq-sovuq bilan shug‘ullanish), nohaq biror bir odamni o‘ldirish, yetimning haqini yeyish, sudxo‘rlik qilish, dushmanga orqasini o‘girish, begunoh muslima ayollarni (zinoda) ayblash (garchi ular bu narsadan uzoq bo‘lsalarda).

Sharh: Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning ogohlantirishlariga diqqat bilan e'tibor qaratadigan bo‘lsak, insonni halokatga uchratadigan amallar ichida sehr-jodu, ya'ni birovni issiq-sovuq qilish amali ham bor. Bugungi zamonaviy dunyoimizda birovning erini, akasini, ukasini va boshqa yaqinlarini sehr yo‘li bilan issiq-sovuq qilish juda ko‘p uchraydi. Bu ishni qilgan ham, ishongan ham, qildirgan ham Alloh nazdida gunohkor kishilardir va tavba qilmasalar Yaratgan tomonidan ularga jazo muqarrar bo‘ladi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz sallollahu alayhi vasallam: «Kimda kim astrologiyaga oid ilmni ozgina bo‘lsa ham o‘rgansa, u sehrning bir bo‘lagini o‘rgangan bo‘ladi. Va uni qanchalik ko‘p o‘rgangan sari, unga chuqurroq ketadi», dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimda-kim tugun bog‘lasa va unga puflasa; va kim sehr (issiq-sovuqlar) bilan shug‘ullansa, demak u shirk keltiribdi, va kimda-kim tumor osib qo‘ysa (ya'ni, yomon ko‘zlardan yoki balolardan saqlaydi deb ishonsa), u odam shunga topshirib qo‘yiladi (ya'ni, Allohning panohida bo‘lmaydi).

Sharh: Ko‘pchilik xonadonlarga e'tibor berib qaralsa, darvozalarning tepasiga isiriq osib qo‘yishganining, bolalarga ko‘z tegmasin deb ko‘zmunchoq yoki tumor taqib qo‘yishganining guvohi bo‘lamiz. Buning illat va gunoh ekanligi yuqoridagi hadisda keltirilmoqda. Agar kishi o‘sha tumorga ishonib qolsa, Alloh undan yuz o‘girar ekan. Alloh yuz o‘girgan bandaning na hayotida, na turmushida va na oxiratida yaxshilik bo‘lmaydi. Aksincha, xorlik va azob ichida qoladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Kimda-kim hayz ko‘rayotgan ayoli bilan yaqinlik qilsa, yoki ayolining orqa tarafiga yaqinlik qilsa, va kimda-kim folbinga borsa va folbinning aytgan gaplariga ishonsa, demak u Muhammadga kelgan narsaga ishonmapti», dedilar.

Yana bir hadisi sharifda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Kimda-kim folbinga borsa va folbinning aytgan gaplariga ishonsa, demak u Muhammadga kelgan narsaga ishonmapti», dedilar.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid