Jamiyat | 22:56 / 08.06.2018
37068
4 daqiqa o‘qiladi

Videoreportaj: Toshkent markazidagi otliq patrullar faoliyatidan lavha

Ijtimoiy tarmoqlarda va qator OAVlarida Toshkent shahrining Sayilgoh ko‘chasida otliq patrul xizmati yo‘lga qo‘yilgani haqida xabarlar berilgan edi. KUN.UZ sayyor guruhi ushbu otliq brigada va umuman bu yerdagi post-patrul xizmati qanday tashkil etilgani bilan qiziqdi. 

Qayd etish o‘rinliki, ot ilgaridan yigit kishining ko‘rki hisoblangan. Hozirda ham chiroyli va yaxshi o‘rgatilgan otlar kishi ko‘zini quvontiradi. Shunga ko‘ra, post-patrul xizmatining otliq otryadi shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda, deb bemalol aytish mumkin. 

Ma'lum qilinishicha, ayni vaqtda sayilgohda xizmat vazifasini o‘tayotgan otlar Germaniya va Ispaniyadan keltirilgan bo‘lib, ular har qanday shovqin-suronga ko‘nikma hosil qilgan. Avtomobillarning tovushli ishoralari, gavjum odamlarning harakatlari otlarni hurkitmaydi. Shuningdek, Rossiyadan ham 4ta zotli otlar olib kelingan. Ular, A.Navoiy nomli kutubxona, Sayilgoh ko‘chasi, Hyatt mehmonxonasi va uning atrofidagi ko‘chalarda patrullik qilmoqda. 

Toshkent shahar IIBB otliq otryad komandir o‘rinbosari katta leytenant Shavkarovga ko‘ra, otliq otryadning jamoat tartibini saqlashda, huquqbuzarliklarning oldini olishda qator ustun jihatlari bor. Xususan, ot ustidagi xodim jamoat tartibini yuqoriroqdan kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. 

“Ayni vaqtda, otryad birinchi yo‘nalish bo‘yicha xizmat vazifasini amalga oshirishga kirishgan. Shaharning ko‘ngilochar maskanlari, bog‘lari, sayilgohlari, dam olish joylarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish bilan shug‘ullanadi. Sport va madaniy-ko‘ngilochar tadbirlarda tartibni saqlashda ishtirok etadi. Agar jamoat tartibini ta'minlashga qurbi yetmasa, boshqa patrul xizmatlarini yordamga chaqiradi”, - deydi katta leytenant Shavkarov. 

Uning aytishicha, otliq otryadda 50ta shaxsiy tarkib bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Nizomga muvofiq, otryadda veterinar, feldsher, otboqar va boshqa lavozimlar ham belgilangan. Qarordan so‘ng, ichki ishlar xodimlari orasidan yilqichilikdan xabari bor, yilqilar bilan ishlash ko‘nikmalariga egalari tanlab olingan. 

Respublika Ot maktabi bilan hamkorlikda shaxsiy tarkib to‘liq o‘qitilib, ularning bilim saviyasi, jangovar shayligi, ot minish ko‘nikmalari, xizmat yo‘nalishida qaysi tartibda harakatlanishi bo‘yicha darslar o‘tkazilgan. 

Post-patrul xizmati brigadasi bo‘lim boshlig‘i mayor Jasurbek Abdullayevning bildirishicha, “otliq patrul xodimlari fuqarolarga tez tibbiy yordam zarur bo‘lib qolsa, ularga shunday yordam ko‘rsatadi, xorijlik sayyohlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytaradi. Shu bilan birga, fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda qulayliklar yaratish maqsadida boshqaruv pultlari ham tashkil etilgan”.
 
Eslatib o‘tamiz, mazkur otliq patrul xizmati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi PF-5005-sonli Farmoniga muvofiq 2017 yil 1 may kuni qabul qilingan PQ-2940-sonli qarori ijrosini ta'minlash asosida tashkil etilgan.