O‘zbekiston | 16:27 / 11.06.2018
45665
7 daqiqa o‘qiladi

Maktabga qabul qilishdagi muammolar: «Toshkentlik» bo‘lmaganlarning farzandlari harf tanimasinmi?

Tabib tabib emas, boshiga tushgan tabib, deydi dono xalqimiz. Voqea-hodisalarning bevosita ishtirokchisi bo‘lmasangiz, faqat rost so‘zni yozmoqchi bo‘lsangiz ham, baribir bitiklaringizda zarracha bo‘lsa-da yolg‘on qo‘shilarkan. Yaqinda davriy matbuotimizning yuzini bezagan bir xabar («Maktabga o‘quvchi qabul qilish tartibi qanday?») farzandlari shu yil maktabga boradigan ota-onalarni xursand qilgani shubhasiz. Ammo, taassufki, bu xabardagi hamma gaplar ham haqiqat emaskan! Qog‘oz boshqa, hayot boshqa!

Gap shundaki, sentabr oyini men ham ko‘plab yosh ota-onalar singari orziqib kutyapman. Chunki to‘ng‘ich farzandim birinchi sinfga boradi! Axir, bunday baxt qaysi ota-onani xursand qilmaydi, deysiz?!

Lekin hali sentabrgacha uch oy borligiga qaramay men kabilarning yuragiga g‘ulg‘ula tushgan: «Maktabga topshirish kerak bo‘lgan hujjatlarni vaqtida yig‘a olamanmi?». Xabarda sanab o‘tilganidek, umumta'lim muassasasi direktori nomiga ariza, ota-onaning fuqarolik pasporti nusxasi, bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi, bolaning sog‘ligi to‘g‘risidagi tibbiy ma'lumotnoma va 3/4 rasmni tayyorlash bir kunlik ish. Ammo aslida maktablar tomonidan  norasmiy ravishda talab qilinayotgani faqat shular emas-da!

Eng avvali, garchi maktabgacha ta'lim muassasi tayyorlov guruhini a'lo darajada tamomlagan bo‘lsa-da, garchi 6,5 yoki 7 yosh ham emas, 7,5 yoshda bo‘lsa-da, men ham farzandimni psixo-nevrolog ko‘rigidan o‘tkazib, ma'lumotnoma olishim kerak ekan. Shunday qildik. Taajjublanarlisi esa Chilonzor tumani bo‘yicha 38-oilaviy poliklinikidagi birgina mutaxassisdan ma'lumotnoma olish kerak ekan (?!). Garchi shanba, dam olish kuni bo‘lsa-da, uzundan-uzoq navbatda 33-bo‘lib, qabulga kirdik. Savollarga biyron javob bergan o‘g‘limga ma'lumotnoma yozib berar ekan, hamshira emas (!), shaxsan shifokorning o‘zi «Blanka uchun o‘n ming tashab ketarsiz» deb qoldi. «Farzandi maktabga boradigan ota-ona quvonchi oldida o‘n ming so‘m nima bo‘pti?! Juda mayda gapku», dersiz. Men ham shunday o‘yladim. Shifokor xonasidan chiqib, boshqa onalar bilan suhbatdan ayon bo‘ldiki, A4 formatdagi qog‘ozning to‘rtdan bir bo‘lagiga teng bo‘lgan «Blanka uchun» hammadan shunchadan pul so‘ralayotgan va andishali xalqimiz ham «do‘xtir opaning diliga ozor bermayotgan» ekan. Endi o‘ylab ko‘ring, men 33-navbatda qabulga kirgan bo‘lsam, shifokor bir kunda o‘rtacha 35 nafar kishini qabul qilsa, chindanam, bu mayda gapmi?

Mayli, «blanka»ni olishga oldik, ammo oldinda bizni bundan ham muhimroq «gap»lar kutib turganini hali bilmas edik. E'tibor bergan bo‘lsangiz, boyagi xabarda («Maktabga o‘quvchi qabul qilish tartibi qanday?») «Maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta'limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta'lim muassasalari biriktirilgan hududlar doirasida umumta'lim muassasasi pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi», degan jumla bor edi. Ma'zur tutasizu, shu gap ham g‘irt yolg‘on desam aybga buyurmaysiz. Sababi men o‘zim yashaydigan mahallada birovning eshigini taqillatib, «Farzandingiz bu yil maktabga boradimi?» deb so‘ragan xalq ta'limi xodimini ko‘rganim yo‘q. Men sohaning hurmatli (bu gapni chin dildan aytyapman. Zero, hazrat Navoiy aytganlaridek, «Aylamak bo‘lmas ado, oning haqin yuz ganj ila») xodimlariga tuhmat qilayotganim yo‘q aslo! Bunga shubhasi bo‘lganlar aytsinlarchi, unda Chilonzor tumani «Katta Xirmontepa» mahallasi, 8/3 uyda yashovchi maktab yoshiga yetib, yetib emas, oshib ketgan to‘rt muchasi sog‘ Lachin ismli (rus millatiga mansub keksa buvisi va onasi bilan istiqomat qiladi) bola nega maktabga qamrab olinmagan? Shu uy eshigini biror maktab mutasaddisi taqillatib kelganmi? Axir, u O‘zbekistonda nafas olmayaptimi?! Balki oiladagi shaxsiy sabablarni ro‘kach qilish mumkindir. Ammo kechirasizu, bir bolaning xat tanimay o‘sishi aslo oilaviy ish emas! Qolaversa, bizda umumiy ta'lim bepul va majburiydir. Mayli, mavzudan yiroqlashmaylik.

Xullas, universitetda birga o‘qigan kursdoshim bilan (uning o‘g‘li ham 7 yoshda) o‘zimiz maktabga yo‘l oldik (Bizning ma'rifatli xalqimiz shunga allaqachon o‘rganib bo‘lishgan). Sababi tajribali ota-onalarning maslahatiga ko‘ra kechroq ariza bersangiz, «Joy to‘lib qoldi»ga o‘xshash bahonalar eshitish mumkin ekan. Maktab direktori bilan suhbatlashib, yaxshi niyatimizni aytdik. U bizga siz quyida ko‘rib turganingiz mana shu qog‘oz bo‘lagini tutqazdi. Va «ko‘rinishidan viloyatliklarga o‘xshash» bo‘lganimiz uchunmi, «Propiska, albatta, kerak» deb qo‘ydi. Ikki jurnalist bir-birimizga imoli qarab qo‘ydik. Direktor opa esa bamaylixotir «kerakli hujjatlar ro‘yxati»ni og‘zaki qaytara boshladi...

Biz esa (birimizda doimiy propiska bor, birimizda esa yo‘q) «Doimiy ro‘yxatda turmasdan ham poytaxtda ishlash mumkinligini shaxsan Prezidentimizning o‘zi aytib turganda, nega maktab propiska so‘raydi?! Poytaxtda ishlaydiganlarning farzandlari harf tanishga haqli emasmi?» kabi savollar bilan direktorni «qiynab qo‘ydik». Ammo opamiz ham «marsdan tushgan»day bizga termulib turaverdilar-da, «Bizdan ham shuni talab qilishadi-da, ro‘yxatda turgan joyi bo‘yicha qabul qilishimiz kerak» dedi. Biz turli ichkin o‘ylar bilan ortga qaytdik.

Hozircha gap shu. Ammo sentabrgacha hali ko‘p vaqt bor... Muammoni yechish uchun ham, ko‘paytirish uchun ham! Maqsadimiz mutasaddi tashkilotlarga asl, haqqoniy holatni ko‘rsatib berish edi. Buyog‘i ularning zimmasidagi ish.

Zuhal Ro‘ziyeva

Mavzuga oid