Jamiyat | 13:35 / 14.06.2018
18043
4 daqiqa o‘qiladi

Plastik kartochkalardan pul o‘margan kiberfiribgarlar qo‘lga olindi

Foto: iStock

Ijtimoiy tarmoq va messenjerlar orqali plastik kartalar yordamida amalga oshirilgan jinoyatlar jabrlanganlar tomonidan kelib tushgan qator arizalarni qabul qilinganidan so‘ng, ushbu kiberjinoyatlarni fosh qilish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi va jinoyatchilar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Yagona umumrespublika protsessing markazi axborot xizmati.

Internet tarmoqlarida shubhali manbalar orqali ma'lumot olish, norasmiy ilovalarni yuklab olish, e'lon va elektron manzillarga javob berish mumkin emas, degan “yozilmagan qoida” bekorga amal qilmaydi. Jumladan, shubhali va ishonchsiz manbalarga murojaat qilish natijasida nafaqat ma'lumotlaringiz tarqalib ketadi, balki o‘z pul mablag‘ingizni yo‘qolishiga sabab bo‘lishi hech gap emas. Bir necha oy oldin sodir etilgan hodisa yuqorida qayd etilgan qoidalarning asosli ekanligidan dalolat beradi.

Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyatida yashovchi, O‘zbekiston fuqarosi virusli mobil ilovani yaratib uni Play Marketga joylashtirgan. Uni yuklab olgan foydalanuvchilar bir ozdan so‘ng 10 000 so‘m pul miqdorini to‘lashmasa, telefon raqamlari bloklanishi to‘g‘risida xabar olishar edi. To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, foydalanuvchiga shubhali telefon raqamidan sms-xabar yetkazilar edi. Ushbu ketma-ketlikning o‘zi telefon va Telegram ijtimoiy tarmog‘idan foydalanish imkoniyatini yaratib berilishiga yetarlicha edi. Shu yo‘l orqali jinoyatchilar Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi Click-bot orqali kartadagi pullarni ishlatgan. Biroq, jinoyatchilarning ushbu xatti-harakatlari tezkor ravishda aniqlanib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Click-bot orqali amalga oshirilgan o‘g‘irlik sodir etilgan bir qator kibero‘g‘riliklarning biridir. 

Bundan tashqari, bemor bolaning davolanishiga qaratilgan xayriya aksiyasi tashkillashtirilgan edi. E'londa davolanish uchun pul o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan plastik kartaning rekvizitlari keltirilgan edi.  Jinoyatchi e'londa ko‘rsatilgan plastik kartaga tegishli ma'lumotni Oson mobil ilovasiga kiritib, karta egasi bilan qo‘ng‘iroq orqali bog‘lanadi va pul o‘tkazilganligiga tegishli tasdiqlovchi kodni ovoza qilishini so‘raydi. Maxfiy kodga egalik qilgan qallob, e'londa keltirilgan plastik kartani osonlikcha mobil ilovaga bog‘lab turib, undagi mablag‘larni boshqargan. O‘tkazilgan qidiruv-surishtiruv ishlari natijasida jinoyatchilar aniqlanib, qo‘lga olingan.

«Yana bir bor rasmiy ravishda bildirib o‘tamiz, markazimizda plastik kartalar bilan bog‘liq kiberjinoyatarni qisqa vaqt ichida aniqlash imkoni mavjud. Bank yoki huquq-tartibot organlaridan bu kabi jinoyatlarni fosh qilishga tegishli so‘rovnoma kelib tushganida, bizning markazimiz tomonidan plastik kartaga tegishli jinoyat yuzasidan kerakli hujjatlar taqdim qilinadi. Aniqrog‘i, Yagona umumrespublika protsessing markazi xodimlari avtomatlashtirilgan dastur yordamida jinoyatchini tezkor ravishda aniqlash imkoniga ega.  

Fursatdan foydalanib karta egalarini ehtiyotkorlik choralari bilan takroran tanishtirib o‘tmoqchimiz:

- kartangizni xavfsiz joyda saqlang;
- PIN-kodingizni uchinchi shaxslarga ishonmang va jamoat joylarda ovoza qilmang;
- plastik kartangiz bog‘langan mobil ilovaga tegishli parolni hech kimga aytmang;
- ijtimoiy tarmoqlar orqali plastik kartangizning sur'atlarini yubormang;
- foydalanuvchini identifikatsiyalash uchun telefon raqamga keladigan tekshiruvchi parollarni uchinchi shaxslarga aytmang;
- plastik kartaning o‘zida PIN-kodingizni eslatma tariqasida yozib qoldirmang», - deyiladi xabarda.  

Mavzuga oid