O‘zbekiston | 10:28 / 14.06.2018
9400
2 daqiqa o‘qiladi

Taksi to‘g‘risidagi qoidalarga internet orqali elektron to‘lov qo‘shildi

Foto: KUN.UZ

Qonun hujjatlarida internet tarmog‘i orqali taksi to‘lovini amalga oshirish bandi paydo bo‘ldi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilab qo‘yilgan, u bilan boshqa aktlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Taksi yo‘lovchilarini tashish qoidalarida bunga qadar haydovchi bilan hisob-kitob naqd yoki plastik kartochkalardan hisob-kitob terminali qo‘llangan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgandi. Endi bu yerga «internet orqali elektron to‘lov orqali» bandi qo‘shildi.

Bundan tashqari, yo‘lovchilar va yuklarni tashish uchun litsenziyalar muddatsiz bo‘ladi (avval u 5 yil muddatga berilardi). Bu prezidentimizning tadbirkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida ham nazarda tutilgan bo‘lib, unga binoan, 1 iyundan boshlab O‘zbekistonda deyarli barcha litsenziyalar muddatsiz bo‘ladi.

Hujjat bilan belgilanishicha, litsenziya endi faqat O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil transporti agentligi va uning hududiy organlari tomonidan beriladi (avval Toshkent va Toshkent viloyati hokimliklari huzuridagi departamentlar ham bor edi).

Tashuvlar bilan faqatgina yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkinligi haqidagi band o‘zgarishsiz qoldi.

Mavzuga oid