O‘zbekiston | 11:21 / 30.06.2018
9202
7 daqiqa o‘qiladi

Innovatsiyalar soliq imtiyozlari orqali qo‘llab-quvvatlanishga muhtoj

Foto: Pixabay

Innovatsion faoliyatni rag‘batlantirishda soliq imtiyozlarining roli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018 yilni “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e'lon qilinishi, hamda mazkur yilga bag‘ishlangan alohida dasturning qabul qilinishi bilan mamlakatimizda innovatsion faoliyatni rivojlantirish yo‘lida katta ishlar boshlandi. 

Xorijning ilg‘or va iqtisodiy rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganadigan bo‘lsak, ular taraqqiyotining asosi innovatsion faoliyatga, tadqiqot va ishlanmalar (Research and Development) bilan shug‘ullanish va ularni tijoratlashtirishni rag‘batlantirishga alohida e'tibor berilganida ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Davlat tomonidan innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish bevosita moliyaviy ko‘mak berish  va soliq imtiyozlari shaklida ekanini ko‘rishimiz mumkin. Olimlarning fikrlariga ko‘ra, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlashda soliq preferensiyalari va imtiyozlari orqali rag‘batlantirishning ahamiyati bevosita moliyalashtirishdan ko‘ra muhimroq. Negaki, mazkur rag‘batlantirish uzoq muddatli xarakterga ega bo‘ladi, hamda ular nafaqat innovatsion sektorni, balki boshqa ishlab chiqarishlarni intensiv rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratadi va butun milliy iqtisodiyotni o‘sishini ta'minlaydi.

Innovatsion faoliyatni soliq imtiyozlari orqali rag‘batlantirishni Xitoy Xalq Respublikasi tajribasida ko‘radigan bo‘lsak, amaldagi qonunchilik innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun soliq solinadigan daromadga nisbatan turli chegirmalar taqdim etadi. Bunda mamlakat innovatsion faoliyat olib borayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, yuqori va yangi texnologiyali korxonalar (High and New Technology Enterprises (HNTE)) dasturini amalga oshirmoqda. Ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar bo‘yicha qonunda belgilangan preferensiyalarga ega bo‘lish uchun, korxona yuqori va yangi texnologiyali maqomiga ega bo‘lishi kerak. XXR “Korxonalardan olinadigan foyda solig‘i to‘g‘risida”gi qonuni (Corporate Income Tax Law of China) 28-moddasiga asosan, yuqori va yangi texnologiyali korxonalarga foyda solig‘i qonunchilikda belgilangan stavkadan 15% kam miqdorda belgilanadi.

Innovatsion faoliyatni soliqlar orqali rag‘batlantirishda Yaponiya davlati katta tajribaga ega bo‘lib, mazkur faoliyatga 1952 yildan e'tibor berib kelingan. Yaponiyada asosan, ilmiy jihozlarga tezlashtirilgan amortizatsiyalash tizimi, chet el texnologiyalarini xarid qilish uchun maxsus imtiyozlar, ilmiy-tadqiqot xarajatlari uchun maxsus chegirmalar ko‘rinishida taqdim etilgan. Ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarga bo‘lgan maxsus e'tibor tufayli, Yaponiya bugunga kelib dunyoning sanoati rivojlangan davlatlaridan biriga aylangan. Yaponiyaning Global innovatsiya indeksida 14-o‘rinni egallashi ham bejizga emas. 

MDH davlatlaridan Belarus Respublikasida innovatsion faoliyatga alohida e'tibor berib kelinmoqda. Bu mamlakatda innovatsion faoliyat sub'yektlari uchun turli soliq imtiyozlari belgilangan. Masalan,  innovatsion tovarlar va yuqori texnologiyali tovarlar realizatsiyasidan olingan foyda yuridik shaxslar uchun olinadigan foyda solig‘idan ozod etilgan. Shuningdek, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutug‘i, integral mikrosxemalari topologiyasi, ishlab chiqarish sirlariga (nou-xau) bo‘lgan mulkiy huquqlar realizatsiyasi bo‘yicha aylanmalar qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilingan.

O‘zbekiston Respublikasida fan-texnika taraqqiyotini rivojlantirish, hamda innovatsiyalarning rivojlanishi uchun mazkur innovatsion faoliyat sub'yektlarini soliqlar orqali qo‘llab-quvatlashni kuchaytirish muhim ahmiyat kasb etadi. Amaldagi soliq qonunchiligida innovatsion faoliyatni soliq imtiyozlari orqali rivojlantirishga qaratilgan ko‘p qoidalar mavjud emas. Faqatgina Soliq kodeksining 208-moddasida byudjyet mablag‘lari hisobidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlarini realizatsiya qilish oborotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi belgilangan. Ya'ni byudjyet tashkilotlari hisoblanuvchi ilmiy tekshirish muassasalari yoki byudjyet mablag‘lari oluvchilar tomonidan bajarilgan innovatsiya ishlarigina QQSdan ozod qilinishi mumkin.

Yuqoridagi imtiyozni nodavlat tashkilotlari yoki xususiy mablag‘lar  hisobiga amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqot va innovatsiya ishlari uchun ham tatbiq etish zarur hisoblanadi. Mazkur o‘zgartirishni kiritish mulkchilik shaklidan qat'iy nazar har qanday tashkilotlar tomonidan bajariladigan ilmiy tadqiqot va innovatsiya ishlarini realizatsiya qilish bilan bog‘liq oborotni QQSdan ozod qilinishiga olib keladi va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi  tadbirkorlik sub'yektlariga qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligida ham korxonalarning  ilmiy tadqiqotni amalga oshirish va yangi texnologiyalar, yangi mahsulotlar va yangi texnikalar yaratish bilan bog‘liq amalga oshirgan xarajatlarini soliq solinadigan daromaddan chegirish bo‘yicha qoida kiritilsa, tadbirkorlik sub'yektlari mazkur faoliyatni yuritish bo‘yicha har qanday xarajatlarni cho‘chimasdan amalga oshirgan bo‘lar edilar

Yana bir holatga e'tibor berish zarurki, energiya tejamkorligi hamda suv iste'molini foydalanishda tejamkor texnologiyalarni o‘z faoliyatida qo‘llab kelayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash masalasi ham mavjud. Amaldagi soliq qonunchiligida faqatgina  tomchilatib sug‘orishdan foydalanayotgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyalari qo‘llanilayotgan yer uchastkalari mazkur sug‘orish tizimi joriy qilingan oydan boshlab 5 yil muddatgan yagona yer solig‘idan ozod qilish belgilangan xolos. Hammaga ma'lumki, mazkur texnologiyalar narxi baland bo‘ladi va har qanday fermer xo‘jaligi ham ularni chet eldan olib kirib tatbiq qilish imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun soliq qonunchiligida tomchilatib sug‘orish yoki boshqa suv tejamliligini ta'minlaydigan texnologiyalar importini xam bojxona to‘lovlaridan ozod qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Davlat tomonidan innovatsion faoliyatni soliq preferensiyalari va imtiyozlari orqali rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish lozim. Soliq imtiyozlari orqali innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash mamlakatdagi innovatsion muhit uchun qulay shart-sharoit yaratib beradi. Innovatsiyalarni soliq imtiyozlari va boshqa rag‘batlantirish vositalari orqali qo‘llab-quvvatlash mamlakatni texnologik va ishlab chiqarishi rivojlangan davlatga aylantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchilari
I.To‘raboyev - LLM. American University (AQSh)
M.Berdikulov - LLB. University of Wolverhampton (Angliya)

Mavzuga oid