Katta miqdordagi o‘g‘rilik uchun hukm o‘qildi
2018 yil 11iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida raislik qiluvchi sudya F.Turaxodjayev boshchiligida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudlanuvchilar U.Abduraximov va R.Ziyayevlarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, Abduraximov Umidjon Azim o‘g‘li Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Orol 1-tor ko‘chasi, 48-uyda istiqomat qiluvchi Shadiyeva Gulnora Baxramovnaning uyida yollanma haydovchilik qilib yurib, o‘zgalar mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, dastlab,2016 yilning sentabr oyidan 2017 yilning 20 yanvar kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, mazkur xonadonga erkin holda kirib yurganligidan foydalanib, G.Shadiyevaga jami 26.000 AQSh dollari miqdorida zargarlik buyumlari va pul mablag‘larini o‘g‘irlash natijasida moddiy zarar yetkazgan.
Bundan tashqari, sudlanuvchi U.Abduraximov xavfli retsidivist bo‘lgan holda Ziyayev Rustam Gayratovich bilan takroran o‘zgalar mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, oldindan jinoiy til biriktirib, jinoiy rejaga asosan 2017 yilning sentabr oyining boshlaridan 2017 yilning 19 noyabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida,G.Shadiyevaga jami 39.000 AQSh dollari miqdorda zargarlik buyumlari va pul mablag‘larini o‘g‘irlash natijasida moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringanlar.
Sud U.Abduraximovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi “v” bandi (ko‘p miqdorda) va 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda) va JK 60-moddasiga (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) asosan tayinlangan jazolarini qisman qo‘shish yo‘li bilan Abduraximov Umidjon Azim o‘g‘liga 9yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
R.Ziyayevga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi va JK 60,61-moddalariga (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash, jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari)asosan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2016 yil 5 martdagi hukmiga ko‘ra tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 8yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng quyidagi zararlar undirilishi belgilandi:
- sudlanuvchi U.Abduraximov va R.Ziyayevlardan solidar tartibda jabrlanuvchi G.Shadiyeva foydasiga 37.800 (o‘ttiz yetti ming sakkiz yuz) AQSh dollari moddiy zarar undiriladigan kundagi AQSh dollarining O‘zbekiston Respublikasi so‘miga nisbatan qiymatda O‘zbekiston Respublikasi so‘mida;
- sudlanuvchi Abduraximov Umidjon Azim o‘g‘lidan jabrlanuvchi G.Shadiyeva foydasiga 26.000 (yigirma olti ming) AQSh dollari moddiy zarar undiriladigan kundagi AQSh dollarining O‘zbekiston Respublikasi so‘miga nisbatan qiymatda O‘zbekiston Respublikasi so‘mida undirish belgilandi.
Hukmdan norozi taraflar hukm e'lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchi va jabrlanuvchi hukm nusxasini olgan kundan boshlab, o‘n sutka ichida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga, hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng esa jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay'atiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkinligi tushuntirib o‘tildi.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024