Sport | 02:19 / 01.07.2018
6434
3 daqiqa o‘qiladi

O‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlariga yana bir yo‘llanma qo‘lga kiritildi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

29–30 iyun kunlari Xorvatiyaning Umag shahrida karate bo‘yicha Buenos-Ayresdagi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga litsenziya beruvchi musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda 84 mamlakatdan 325 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi, deb xabar beradi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Bahslarda terma jamoamiz sharafini Dildor Aliqulova  (-53kg), Bonu Egamberdiyeva (-59kg), Shohrux Tursunmahammatov (-61kg),  Saidislom Jo‘rayev (-68kg), Shahzodjon  Boymuhammedov (+68 kg) kabi sportchilar himoya qilishdi.

Qayd etish lozimki, musobaqa terma jamoamiz uchun omadli keldi. Ushbu yosh toifasidagi sportchilarimiz Osiyo chempionatida ko‘ngildagidek natijani qayd eta olishmagandi.

Xorvatiyadagi lisenzion musobaqada o‘zbek sportchisi o‘ziga yuklatilgan vazifani bajara oldi. -53 kg vazn toifasida musobaqada ishtirok etgan yurtdoshimiz Dildor Aliqulova musobaqa davomida Belgiya (6:1), Chexiya (0:0, hakamlar qaroriga ko‘ra), Ozarboyjon (4:0) kabi mamlakat vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalga yo‘l oldi.

Final yo‘llanmasi uchun kechgan qiyin bahsda u Buyuk Britaniya vakilasini mag‘lub etdi (4:3) va final chiptasini qo‘lga kiritish bilan birga, Argentinada bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari litsenziyasi sohibasiga ham aylandi. Finalda eronlik raqibga qarshi kechgan jangda u 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Shu tariqa sportchimiz lisenzion musobaqaning kumush medali sohibasiga aylandi.

Ma'lumot uchun: ushbu musobaqada birinchi va ikkinchi o‘rin sohiblari Buenos-Ayres yo‘llanmasini qo‘lga kiritadilar.

Shu tariqa, Argentina Olimpiadasiga yo‘llanmalarimiz soni 24taga yetdi. Bugungi kunga kelib III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari uchun terma jamoamiz hisobida quyidagi sport turlarida litsenziyalar mavjud:

  • Sport kurashlari – 5ta
  • Og‘ir atletika – 3 ta
  • Baydarka va kanoeda eshkak eshish – 3 ta
  • Akademik eshkak eshish – 3 ta
  • Sport gimnastikasi – 2 ta
  • Sport akrobatikasi – 2 ta
  • Trampolin - 1
  • Badiiy gimnastika – 1 ta
  • Ot sporti (konkur) – 1 ta
  • Taekvondo – 1 ta
  • Boks – 1 ta
  • Karate – 1 ta.

Eslatib o‘tamiz, III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari 6–18 oktabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid