Blumberg&Tramp: Yana bir milliarder AQSh prezidenti bo‘lishi mumkinmi?
Nyu-York sobiq meri va Bloomberg axborot agentligi asoschisi Maykl Blumberg AQSh prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ymoqchi. Bu Amerikani tarixda ikkinchi marta Forbes ro‘yxati a'zosi boshqarishi mumkin deganidir.
Vakillar palatasining sobiq spikeri demokrat Tomas O'Nillning «all politics is local» iborasi keyinchalik Amerika siyosatini tahlil qilishda ekspertlar tomonidan keng qo‘llanila boshladi. Buni so‘zma-so‘z "barcha siyosatlar mahalliy" deb tarjima qilish mumkin, bu amerikaliklar va Qo‘shma Shtatlar falsafasini aniq ifodalaydi.
Jyeyms Medison va Aleksandr Gamilton faqat tashqi siyosat ichki imkoniyatlarni amalga oshirish jihozi bo‘lishi kerak, deb hisoblashgan. Xalqaro faoliyat asosida esa g‘oyaviy emas, savdo manfaatlari yotishi kerak.
«All politics is local» formulasi shuningdek ichki siyosiy jarayonning uzluksizligini bildiradi, ya'ni bunda saylovlarda endigina g‘alaba qozongan har bir siyosatchi ertasi kundan qayta saylanish bo‘yicha bo‘lg‘usi kampaniyasini rejalashtira boshlaydi. Ikki yirik voqea - noyabr oyidagi Kongressning oraliq saylovlari va 2020 yildagi prezidentlik poygasiga tayyorlanayotgan demokrat va respublikachilar aynan shunlay vaziyatdalar.
Murakkab siyosiy tuzilmaga har qanday o‘zgarishlar ta'sir qilishi mumkin, bu ham Kapitoliydagi respublikachilar, ham prezident Donald Tramp (Forbes global reytingida №766, moliyaviy holati - 3,1 milliard dollar) uchun qimmatga tushishi mumkin.
Oq uyning amaldagi rahbarining reytinglari havas qilarli darajada emas. Bir tomondan, u soliqlarni kamaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchini himoyalash va ishchi o‘rinlarni oshirish imkonini beruvchi iqtisodiyotni muhofaza qilishga qaratilgan siyosati tufayli aholining kattagina qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Boshqa tomondan esa, respublikachilar vakili muhojirlarga bo‘lgan munosabati va sog‘liqni saqlash sohasidagi tushunarsiz pozitsiyasi sabab ko‘plab hujumlardan himoyalanishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan tashqari, Tramp avvalgidek 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga xorijiy agentlarning ta'siriga doir tergovlar bilan shug‘ullanayotgan maxsus "Myuller komissiyasi" nishoni ostida. Respublika partiyasi ham eng yaxshi siyosiy formada emas. Senatda ko‘pchilikni yo‘qotish ehtimoli mavjudligini inobatga olsak, respublikachilarning tajriba qilishi amri mahol. Ular yuqori ehtimol bilan o‘z resurslarini Trampning atrofida birlashtirishadi. Xillari Klintonning mag‘lubiyatidan keyin Oq uyni qo‘ldan chiqargan demokratlar o‘z navbatida yangi xaloskor izlashmoqda.
Bugunga kelib ikki salohiyatli nomzod - Obama davridagi vitse-prezident Jozef Bayden va 2002 yildan boshlab 11 yil davomida Nyu-York meri sifatida xizmat qilgan milliarder Maykl Blum (Forbes global reytingida 11-o‘rinda, moliyaviy holati - 50 milliard dollar) nomlari tobora ko‘proq quloqqa chalinmoqda. Ikki nomzod ham ustunliklar bilan birga, o‘ziga xos kamchiliklarga ham ega, ularning eng asosiysi - yoshga doir. Kampaniya ayni avjiga chiqqan vaqtga borib Bayden 78 yoshni qarshi oladi, Blumberg esa o‘z hamkasbidan uch oylik kichik. Hozircha "keksalik" rekordi Donald Trampga tegishli, inauguratsiya paytida u 70 yoshda bo‘lgan (Reyganni bir yoshga ortda qoldirdi). Respublikachi va uning salohiyatli raqiblari o‘rtasidagi sakkiz yosh tafovut shafqatsiz Amerika realligida yetarlicha seziladi. Biroq demokratlar tavakkalga moyilligi bilan mashhur. Aynan ularning nomzodlari - Jon Kennedi 1961 yilda (42 yosh) va Bill Klinton 1993 yilda (46 yosh) mamlakat tarixidagi eng yosh prezidentlar ro‘yxatidan joy olgan. Xillari Klinton esa 2016 yilgi saylovlarda qatnashgan vaqtda 69 yoshda edi. Boshqacha aytganda, yosh omili partiya elitasi tomonidan rad etilishi ham mumkin, ular tajriba va donishmandlikni ustunlik sifatida qayd etishi mumkin.
Xorijiy va rossiyalik ko‘plab tahlilchilar Trampning 2016 yildagi g‘alabasi va Maykl Blumbergning kelgusi prezidentlik saylovlarida qatnashish ehtimoli - milliarderlarning siyosiy jarayonga jalb etilishi yangi trendga ishora qiladi, deya hisoblashi xato. Biroq bu noto‘g‘ri gap, zero bu yangi trend emas. Kamida to‘rt nafar prezident katta siyosatga ishbilarmonlar muhitidan kirib borgan: Uorren Garding yirik nashriyotlarga egalik qilgan, Gerbert Guver tog‘-kon magnati, Jimmi Karter mamlakatdagi eng yirik yeryong‘oq fermasi sohibi bo‘lgan. To‘ng‘ich Jorj Bush neft sektorida ishlagan. Agar mavzuga chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington ham o‘z davrining eng badavlat ishbilarmonlaridan hisoblangan. Ikki partiyada ham prezidentlikka nomzodlar orasida bundaylar yetarlicha bo‘lgan, ular orasida eng yorqinlari - Uendell Uilki, Nelson Rokfeller va Ross Pero. Oligarx Uikli 1940 yildagi respublikachilar praymerizida Tomas Dyui (Al-Kaponeni qamoqqa "yo‘llagan" prokuror) va Robert Taf (27-prezident Uilyam Taftning o‘g‘li) kabi gigantlarni ortda qoldirgan. Rokfeller uch marta superfinalga harakat qilgan: 1960 yilda u Richard Niksonga, 1964 yilda Barri Golduoterga va 1968 yilda yana Niksonga mag‘lub bo‘lgan. Amerika neft baroni erishgan eng yuqori natija - 1974 yilda vitse-prezidentlik lavozimi bo‘lgan. Milliarder Ross Peroni 1992 yilda tajribali to‘ng‘ich Bush ustidan misli ko‘rilmagan g‘alabaga erishgan demokrat Bill Klinton muvaffaqiyatining bosh arxitektori deb hisoblashadi. Mustaqil nomzod Pero me'yoriy elektoratning sezilarli qismini Bushdan tortib olgan va 19 foiz ovoz to‘plagan (Teodor Ruzvelt davridan beri mustaqil nomzod uchun ikkinchi rekord natija). Arkanzaslik demokrat-gubernator 6 foizlik farq bilan g‘alaba qilishi uchun bu yetarli edi. Peroning 1996 yildagi ikkinchi urinishi to‘liq tanazzul bilan tugagan, holbuki ishbilarmon bu kampaniyasiga o‘zining 80 million dollarini sarflagan edi.
Endi esa navbat moliyaviy holati 50 milliard dollarga baholanuvchi Blumbergga. Albatta, saylov jarayonlarida pul muhim rol o‘ynaydi, lekin asosiy emas. Respublikachi-milliarder - amerikaliklar uchun odatiy obraz, zero partiyaning o‘zi o‘rta toifa kishilar, yirik oligarxlar va turli transmilliy korporatsiyalar manfaatlari himoyachisi hisoblanadi.
Demokratik partiya faoliyati esa, aksincha, ancha kengroq va u qadar badavlat bo‘lmagan aholi qatlamiga yo‘naltirilgan, bu esa aholining katta qismi uchun qulay. Senator Berni Sandersning 2016 yilgi demokratik praymerizdagi muvaffaqiyati uning "boylardan ko‘proq olib, nochorlarga berish"ga doir shioriga asoslangan. Vaziyat murakkab, demokratlarning partiyadagi o‘ziga xosligi nimada bo‘lishi hozircha tushunarsiz, zero ularning milliarder-prezidentga qarshi kurashdagi nomzodi - oligarx. Boshqacha aytganda, Blumberg nomzodining o‘ziyoq partiya ichida muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin, bu esa demokratlarning kampaniyadagi yakuniy muvaffaqiyati imkonini kamaytiradi.
Yana bir salbiy jihat - siyosiy cheklanganlik va kon'yunkturlik. Mayk har doim demokrat bo‘lmagan va bugunga kelib ham u rasman demokrat emas. 2001 yilgacha u demokratlarga sodiq bo‘lgan, lekin prezidentlik saylovlarida kenja Bushning g‘alabasidan keyin respublikachilar tomonga o‘tgan, 2007 yildan esa umuman o‘zini mustaqil deya e'lon qilgan. AQShda bundaylarni "siyosiy o‘zgaruvchilar" deb atashadi. Bu amaldor va siyosatchilarning shunday bir turiki, ular uchun partiya, mafkura va qadriyatlar shaxsiy pragmatik vazifalarni amalga oshirish jihozi hisoblanadi. Shuningdek uning davlat xizmatlaridagi tajribasi Nyu-York meri lavozimi bilan cheklangan. Uning 2008 yilgi saylovlarda ishtirok etishi haqidagi bayonoti jamiyatda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi, biroq poygaga bir necha kun qolganda u o‘z nomzodini qaytarib olgan. Shundan so‘ng Blumberg dastlab neytralitet haqida e'lon qildi, biroq keyinchalik senator Barak Obamani qo‘llab-quvvatladi (2012 yilda ham xuddi shu fokusni takrorladi). Endi Mayk - demokratlar uchun ham, mustaqil nomzodlar uchun ham tushunarsiz shaxs. Yana shuni unutmaslik kerakki, 2020 yildagi prezidentlik saylovlari uchun demokratlar aksariyati Trampni qo‘llab-quvvatlovchi Middle America - amerikaliklarning o‘rta toifasini o‘z tomoniga og‘dirishi kerak bo‘ladi.
Shunday qilib, partiya praymerizining o‘zidayoq Blumberg hech qanday imkonga ega emas, umummilliy muvaffaqiyat haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, qandaydir mo‘'jiza ro‘y berib, u saylovlargacha yetib borsa va Demokratlar partiyasining yagona nomzodi bo‘lsa, respublikachilar buni faqat qo‘llab-quvvatlashadi, chunki Tramp uchun undan yaxshi "zarba nishoni"ni topish qiyin.
Mavzuga oid
10:31
AQSh Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
23:20 / 13.11.2024
Polshada AQShning raketaga qarshi mudofaa bazasi ochildi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
22:14 / 13.11.2024