Jamiyat | 00:14 / 12.07.2018
12561
3 daqiqa o‘qiladi

Giyohvandlikka oid jinoyat qilgan shaxslarga xukm o‘qildi

2018 yil iyun oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Yo.Xaydarova raisligida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudlanuvchilar Kurambayev Oybek Toxtasunovich va Xalikov Mirodil Miralimovichlarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 

O.Kurambayev 2018 yil 21 fevral kuniga qadar o‘zi istiqomat qiladigan Mirzo Ulug‘bek tumani Qorasu-6 dahasi, 15-uy, 23-xonadonda o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qog‘oz bo‘lagiga o‘ralgan “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda saqlab kelgan.

M.Xalikov esa 2018 yil 20 fevral kuni taxminan soat 22:00da Mirzo Ulug‘bek tumanining Qorasu-6 dahasida joylashgan UzGazOil AYoQSh oldida Mersedes-benz rusumli davlat raqami 01 J 316 UA bo‘lgan avtoulovda yo‘lovchi sifatida harakatlanib, egnidagi kurtkasining tashqi o‘ng cho‘ntagida gugurt qutisiga qadoqlangan “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga hilof ravishda o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay saqlab ketayotgan vaqtda ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan ushlangan.

Sud quyidagi tartibda ayblanuvchilarga hukm o‘qidi:

O.Kurambayevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 276-moddasi 2-qismining “b” bandi bilan (Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar, b) ilgari giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa) 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, JK 96-moddasiga (Alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka yo‘liqqan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi choralarni qo‘llash) asosan jazoni o‘tash muassasalarida giyohvandlikdan (anasha) majburiy davolanish choralari qo‘llanildi.

M.Xalikovga JK 276-moddasining 1-qismi bilan oylik ish haqining 20 foiz davlat daromadiga undirish sharti bilan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Shuningdek, JK 96-moddasiga (Alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka yo‘liqqan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi choralarni qo‘llash) asosan jazoni o‘tash muassasalarida giyohvandlikdan (anasha) majburiy davolanish choralari qo‘llanildi.

Hukmdan norozi taraflarga hukm e'lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchilar hukm nusxasini olgan kundan boshlab, o‘n sutka ichida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga, hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng esa jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay'atiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkinligi tushuntirildi.

Mavzuga oid