O‘zbekiston | 17:30 / 13.07.2018
69644
2 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimov Samarqand viloyatining yangi rahbari sifatida tanishtirildi

Foto: KUN.UZ

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.

Zarnews.uz nashri xabar berishicha, sessiyada shu paytgacha Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlab kelgan Turobjon Jo‘rayev lavozimdan ozod etilgani ma'lum qilingan va Surxondaryo viloyati hokimi sifatida ishlab kelayotgan Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Erkinjon Turdimov – 1969 yil 10 iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1991-1995 yillarda «O‘zsanoatqurilishbank»ning Sirdaryo filialida bo‘lim mutaxassisi, «O‘zsanoatqurilishbank»ning Zarafshon bo‘limi pul muomalasi bo‘limida bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, Zarafshon bo‘limi boshqaruvchisi bo‘lib ishlagan.

1995-1996 yillarda Zarafshon shahri hokimi bo‘lgan. 1996 yildan 2000 yilgacha O‘zbekiston Milliy banki Navoiy bo‘limi boshqaruvchisi, 2000-2008 yillarda Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimi sifatida faoliyat yuritgan.

2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgan.

2008-2016 yillarda Navoiy viloyati hokimi bo‘lib ishlagan. 2016 yil dekabridan shu kunga qadar Surxondaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

Mavzuga oid