O‘zbekiston | 21:57 / 13.07.2018
9322
2 daqiqa o‘qiladi

Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligining xorijdagi vakolatxonalari ochilishi kutilmoqda

Shu yilning oxirigacha Koreya Respublikasining Gvangchju, Rossiya Federatsiyasidagi Moskva hamda Sankt-Peterburg shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari Agentligining vakolatxonalari ochiladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri agentlik boshlig‘i Ravshan Ibragimov so‘zlariga tayanib xabar bermoqda.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

«Keyingi yillarda esa ushbu tarmoqlar soni 8 tagacha yetkaziladi», deb qo‘shimcha qilgan agentlik boshlig‘i.

13 iyul kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida agentlik tomonidan taklif etilayotgan imkoniyatlar haqida ham so‘z bordi.

Xususan, kam ta'minlangan fuqarolarga tashkil qilingan maxsus jamg‘arma hisobidan imtiyozli stipendiyalar ajratilishi yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlandi. Shuningdek,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi PQ-3584-sonli qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Agentlik filiallari huzurida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ishga chiqayotgan fuqarolarga temir yo‘l va aviachiptalarni 20 foizlik chegirma asosida sotishga ixtisoslashtirilgan maxsus kassalar (har bir viloyatda bittadan, butun respublika bo‘ylab jami 14 ta) tashkil etildi.

Anjumanda ma'lum qilinishicha, shu kungacha  qariyb 12,5 mingta fuqaroga Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini olib borishlariga yordam berildi.

«2018 yilning 6 oyi mobaynida Janubiy Koreyaga 1243, Rossiya Federatsiyasiga 513, Turkiyaga 241, Polshaga dastlabki 5 nafar fuqarolar ishga yuborildi», deyiladi rasmiy bayonotda.

Mavzuga oid