O‘zbekiston | 16:44 / 14.07.2018
15646
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti filiali ochilishi mumkin

Foto: Dreamstime

12 iyul kuni Moskva shahriga tashrif buyurgan Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohidov Rossiya TIV qoshidagi Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universitet) prorektori Artyom Malgin bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

Suhbat chog‘ida Toshkent shahrida MDXMI filialini ochishga doir amaliy masalalar muhokama qilindi. Xususan, mazkur filialda mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishlari, xalqaro munosabatlar, biznes, ko‘rgazmali faoliyat va turizm kabi istiqbolli sohalarda yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash masalalari to‘g‘risida so‘z bordi.

Shu kunning o‘zida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohidov  va O‘zbekiston elchisi Bahrom Ashrafxonov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari uchun o‘tkazilgan «Xalqaro jurnalistika, madaniy diplomatiya va jamoatchilik bilan aloqalar» yo‘nalishi bo‘yicha MDXMIning ikki haftalik ta'lim dasturi yopilish marosimida qatnashdilar. Kurslarning so‘nggi kunida Rossiya Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy va birinchi kanalning “Xayrli tong” dasturi boshlovchisi Dilbar Fayziyeva ma'ruza o‘qidilar.

Yakunda dasturning 28 ishtirokchisi so‘nggi attestatsiya sifatida o‘z taqdimotlarini muvaffaqiyatli himoya qildilar va MDXMI sertifikatini oldilar.

Toshkentda MDXMI filiali ochilishi ehtimoli haqida ilk bor shu yilning mart oyida ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid