Jahon | 13:50 / 17.07.2018
74942
10 daqiqa o‘qiladi

«Bitta ham o‘q uzmasdan taslim bo‘lish»: Tramp tanqidlar yomg‘iri ostida

Foto: Valeriy Sharifulin/TASS

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning uzoq kutilgan uchrashuvi 16 iyul kuni Finlyandiya poytaxti Xelsinkida bo‘lib o‘tdi. Ayni vaqtda Amerika jamoatchiligi prezident bu uchrashuvda ishonchlarni oqlamaganidan norozi bo‘lmoqda

Xelsinkida nimalar bo‘ldi?

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin faqat tarjimonlar guvohligida yopiq eshiklar ortida 90 daqiqa qolishdi.

Shundan so‘ng siyosatchilar jurnalistlar qarshisiga chiqishdi.

Unda Donald Tramp Rossiya bilan munosabatlar yomonlashuvi uchun barcha aybni AQSh zimmasiga yukladi. Muxbir undan bunda Rossiyaning ham aybi bor-yo‘qligini so‘raganida, u «ha» dedi, lekin yana AQShning avvalgi hukumatiga malomat yog‘dirdi va Rossiyaning «aybi» haqida gapirishdan qochdi.

U Rossiya bilan munosabatlar yomonlashuvining asosiy sababi sifatida Bob Myullerning tekshiruvlarini keltirdi. 

Aytish kerakki, Trampdan oldin Xelsinkiga kelgan AQSh Davlat kotibi, Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq rahbari Mayk Pompeodan Myullerning tekshiruvi ikki mamlakat munosabatlariga qanchalik yomon ta'sir ko‘rsatgani haqida so‘rashgandi. U esa «yo‘q» degandi va sababchi Rossiya ekanini aytgandi. Xelsinkidagi uchrashuvdan keyin esa jurnalistlar undan izoh olishga erisholmagan.

Vladimir Putin Robert Myuller tekshiruvida Rossiyaning yordamini taklif qildi, xususan, uning aytishicha, Myuller Rossiyaga kelib, gumon ostidagi Razvedka boshqarmasining 12 xodimini so‘roq qilishi mumkin bo‘ladi (O‘tgan haftada AQSh adliya vazirligi Rossiya razvedka bosh boshqarmasining 12 xodimini milliy demokratik qo‘mita, AQSh demokratik partiyasining kongressga saylovlar bo‘yicha qo‘mitasi, prezidentlikka nomzod Xillari Klintonning saylov shtabi serverlarini buzib kirishdi va xakerlardan olingan ma'lumotlarni e'lon qilishda ayblagandi - tahr.)

Shu bilan birga, Putin buning evaziga AQSh ruslarga Bill Brauderni (Uilyam Brauder) so‘roq qilish uchun ruxsat berishi kerakligini aytdi (Hermitage Capital Management’ning ijrochi direktori Uilyam Brauder bir vaqtlar Rossiyadagi eng yirik investorlardan hisoblangan. U «Gazprom», «Surgutneftgaz» va boshqa bir qator kompaniyalarning aksiyalariga egalik qilgan. 2005 yilda unga Rossiyaga kirish eshiklari yopilgan. Uning aytishicha, «YuKOS» neft kompaniyasining egasi Mixail Xodorkovskiy hibsga olingach, Putin Rossiyadagi barcha oligarxlarni to‘plagan va foydani u bilan shaxsan bo‘lishishlarini taklif qilgan. Brauder ko‘p marta, birinchi bor esa 2015 yilda CNN’ga bergan intervyusida Putinning boyligini 200 milliard dollarga baholagan, biroq o‘shanda ham, undan keyin ham bunga isbot keltirmagan.)

Tramp buni «juda qiziqarli g‘oya» deb atadi.

Amerika prezidenti Putindan saylovlarga aralashishni bas qilishni talab qilmadi, aks holda keskin sanksiyalar qo‘llanishi bilan tahdid qilmadi va o‘z savollarida ham qat'iy turmadi. Tramp Ukrainadagi urush masalasini ko‘tarmadi, Rossiyaning Malayziya samolyotiga hujumdagi aloqadorligi bo‘yicha savol bermadi, NATO bo‘yicha hamkor davlat bo‘lmish Buyuk Britaniyada Skripallar oilasi Rossiyada ishlab chiqilgan kimyoviy qurol bilan zaharlanishiga izoh so‘ramadi. Buning o‘rniga AQSh prezidenti o‘z mamlakati maxsus xizmatlarini barchasi uchun balogardon qildi. «Mening odamlari, xususan Den Kouts (AQSh Milliy razvedkasi direktori va Oq uyda milliy xavfsizlik bo‘yicha kengash a'zosi) oldimga kelib, «Bu Rossiya» deyishadi. Prezident Putin esa ishonch bilan, «Bu Rossiya emas» demoqda. Men Rossiyaga bunday ish tutish uchun sabab ko‘rmayapman. Men ikki tomonga ham ishonaman».

Yana eslaymiz, Bob Myuller o‘tgan haftaning juma kunida Rossiya razvedka boshqarmasining 12 xodimini xakerlik hujumlarida ayblaganida, Den Kouts Vashingtondagi Hudson Institute’da chiqish qilib, milliy xavfsizlik masalasida gapirgandi. U ayni vaqtda Rossiya tomonidan bo‘lib turgan tahdidni 11 sentabr arafasidagi holatga tenglashtirgandi. U gap faqat ijtimoiy tarmoqlardagi manipulyatsiya haqida emas, infratuzilma obektlariga va saylov tizimiga bo‘lgan kiberhujumlar haqida ekanini ta'kidladi. Myullerning ayblovida ham rossiyalik josuslar 2016 yilda saylov kengashlari, shtablar va saylovchilarni qaydnomadan o‘tkazish obektlariga hujum qilgani keltirilgandi. Tramp esa bularning barchasini inkor qildi va Myullerning teshiruvlarini «mamlakat uchun falokat» va «nonsens» deb atadi.

Jurnalist Trampdan nima uchun u o‘z maxsus xizmatlariga emas, Vladimir Putinga ishonishini so‘radi. Tramp aytdiki, Putinning saylovlarga aralashuv bo‘yicha inkorlari «o‘ta ishonchli» chiqmoqda. Donald Tramp amalda tan oldiki, janob Vladimir Putinning so‘zlari AQSh maxsus xizmatlarining barcha ma'lumotlaridan ko‘ra «og‘irroq tosh bosadi».

Donald Tramp demokratlarni buzg‘unchilik va bo‘ysunmaslikda aybladi. U Myullerning tekshiruvlari ham raqib partiyaning tashabbusi ekanini aytdi. AQSh prezidenti bu ishda o‘zi haqligini isbotlash uchun tavakkalga qo‘l urishga tayyorligini ma'lum qildi. U «4 soat oldin Rossiya bilan munosabatlar juda yomon bo‘lgani, endi barchasi yaxshi tomonga o‘zgargani»ni qayd etib o‘tdi.

Vladimir Putin 2016 yildagi saylovda Donald Tramp g‘alaba qozonishini xohlaganini aytib o‘tdi. «Ha», deya javob qaytardi u shu xususdagi savolga. U Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasi vaqtida Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashni va'da qilgani uchun rossiyaliklar unga nisbatan simpaniya uyg‘onganini eslab o‘tdi.

Amerikaliklar ikki prezident uchrashuvidan bunday natijalarni umuman kutishmagandi. Davlat departamenti ham, Oq uy ham bu borada rasmiy munosabat bildirishmadi. Ammo CNN muxbiri o‘z shaxsini oshkor etishni istamagan Oq uy amaldori bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldi. Amaldor «reja bunday bo‘lmagani»ni aytdi. Hech kim saylovlarga aralashuv masalasida Tramp Putinga yon berishini kutmagan bo‘lib chiqdi. Qolaversa, bu boradagi savolni Tramp emas, jurnalistlar ko‘tarishdi, Trampning o‘zi bu savollarga javob berishdan ochiqchasiga qochdi va «boshqa global savollarga o‘tish»ni so‘radi.

Amerikalik jurnalistlar savol berish vaqtida Vladimir Putinga agressiv munosabatda bo‘lishdi, go‘yoki Tramp Rossiya prezidenti himoyachisiga aylandi.

Trampni Vakillar palatasi spikeri Pol Rayn (u shu kuzda iste'foga ketadi - tahr.) qattiq tanqid qildi: «Rossiya bizning saylovlarga aralashganiga va butun dunyoda demokratiyaga zarar keltirish borasidagi urinishlarini davom ettirayotganiga zarracha ham shubha yo‘q. Buni maxsus xizmatlar ma'lumotlari ham, Vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi ham tasdiqlamoqda. Prezident shuni anglashi kerakki, Rossiya bizning ittifoqchimiz emas. Rossiya va AQSh o‘rtasida ruhiy bog‘liqliklar ham yo‘q, Rossiya bizning qadriyatlarimiz va g‘oyalarimiz dushmani bo‘lib qolaveradi. AQSh Rossiyani javob berishga va bizning demokratiyamizga jirkanch hujumlarini to‘xtatishga chaqirmog‘i kerak».

Senatorlar Kris Van va Marko Rubio agar 2018 va 2020 yilgi saylovlarga aralashuv isbotlansa, Rossiya bilan munosabatlarda zudlik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sanksiyalar qo‘llash kerakligini aytishdi.

Senator Jon Makkeyn Tramp va Putin uchrashuvini «fojiali xato» deb atadi. 

«Tramp o‘z adovati, xudbinligi, avtokratlarga rahmi kelishi bilan yetkazgan zararni hisoblab chiqish qiyin. Trampdan avvalgi birorta prezident «zolim hukmdor oldida o‘zini bunday yerga urmagandi», dedi senator.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq rahbari Jon Brennan Trampni sotqinlikda aybladi. 

«Donald Trampning Xelsinkidagi matbuot anjumandagi nutqi «o‘ta og‘ir jinoyatlar va qilmishlar» tushunchasi chegarasidan tashqariga chiqadi. Bu sotqinlikdan boshqa narsa emas. Trampning izohlari bo‘sh bo‘lgani yetmaganday, u to‘liq Putinning cho‘ntagida. Vatanparvar respublikachilar, qayerdasiz?», deb yozgan Brennan.

Kongressda respublikachilarning vakillari ham prezidentni tanqid qilishdi. Bes Sass, Jyeff Fleyk va Lindsi Grem shular jumlasidan.

Donald Tramp va Vladimir Putin ishtirokidagi bu sammitdan keyin nima bo‘ladi?

Eng keskin izohlardan biri Milliy razvedka sobiq rahbari Jyeyms Klapper tomonidan aytildi.

«Putin qarshisida qo‘rqib ketgan Tramp to‘la taslim bo‘ldi».

Mavzuga oid