Jamiyat | 13:13 / 21.07.2018
12148
2 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlardan tibbiy ma'lumotnoma so‘rash talabini bekor qilish taklifi berildi

Foto: Deskgram

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida abituriyentlardan tibbiy ma'lumotnoma so‘rash talabini bekor qilish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, respublikada oliy ta'lim muassasalariga ilmga chanqoq, kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘laman, deb oldiga aniq maqsadlar qo‘ygan yuz minglab yoshlar tomonidan hujjatlar topshirilmoqda. 

“086 raqamli “Tibbiy ma'lumotnoma”ning biror bir informativ qimmati yo‘q. Chunki ba'zi ixtisosliklardan tashqari barcha oliy o‘quv yurtlarida har qanday kasallik bilan hisobda turadigan bemorlargina emas, balki nogironlarning ham ta'lim olish huquqi cheklanmagan. Shunday ekan bu ma'lumotnoma nima uchun kerak? Keltirilgan ba'zi mutaxassisliklar esa abituriyentni maxsus tibbiy ko‘rikdan alohida komissiyalar orqali o‘tkazadilar.

Ma'lumki, 086 formadagi ma'lumotlar (qon va boshqa tahlillar) 1 oydan keyin eskirgan hisoblanadi. Tibbiy ma'lumotnomaga faqat tuman markazidagi ko‘p tarmoqli poliklinika vrachlari imzo va shaxsiy muhrlarini, tuman tibbiyot birlashmasi esa gerbli muhrni urish huquqiga ega. Shaharlarda bu muammo balki kichikdir, lekin tuman markazidan 50 km va undan ortiq masofada yashovchi abituriyent uchun bu albatta vaqt va mablag‘ sarfini talab qiladi. Hech qanday qimmati bo‘lmagan ma'lumotnoma uchun shuncha ovoragarchilik zarurmi? Ba'zi OTMlar esa ma'lumotnomaning Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan shaklida ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham dermatovenerolog va tanosil kasalliklarini aniqlashga mo‘ljallangan RV qon tahlilini ham talab qilishi bunga misol bo‘lib, ko‘ngilni xira qiladi”, - deyiladi murojaatda.

“Bizning fikrimizcha, abituriyent taqdim qilishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatidan tibbiy ma'lumotnoma, ya'ni 086 formani chiqarib tashlash vaqti allaqachon yetib keldi”, - deya yakunlangan murojaat matni.

Mavzuga oid