O‘zbekiston | 16:47 / 21.07.2018
96517
4 daqiqa o‘qiladi

Arzon uy-joylar rostdan ham arzonmi?

Foto: Xalqaro press-klub

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va «O‘zshahar qurilish invest» direktori Z.Narzullayevga arzon uy-joylar bo‘yicha deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda deputatning o‘zi Facebook’dagi sahifasida xabar bergan.

- Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlariga bo‘layotgan murojaatlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 noyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida Toshkent shahrining Sergeli tumanida aholini arzon uy-joylar bilan ta'minlash maqsadida qurilayotgan uy-joylarning narxi katta muhokamalarga sabab bo‘layotganligi ko‘rinmoqda.

Xususan, Sergeli tumanida bunyod etilayotgan arzon uy-joylarga talabgor fuqarolar o‘z murojaatlarida, badal pulini to‘lagan vaqtda uylarning bir kv. metr narxi 2 841 170 so‘m bo‘lganligi, oradan 5 oy o‘tgach esa narx 3 981 697 ming so‘mga yoki (40,1 foizga) oshirib yuborilganligini bildirishgan. 

O‘z o‘rnida Toshkent shahrida arzon bo‘lmagan uy-joylar qurish va sotish bilan shug‘ullanayotgan boshqa tashkilotlarda esa OLX.UZ internet tarmog‘ida berilgan e'lonlarga ko‘ra uy-joyning bir kv. metr uchun narxi 3 300 000 va 3 500 000 atrofida ekanligini ko‘rish mumkin. Masalan, «ELITE COMPLEX» tashkiloti aholi uy-joylarini qurishni kaliti bilan kv. metri uchun 3 500 000 so‘m narxda taklif etmoqda.

Bundan ko‘rinib turibdiki, Prezident qarori doirasida, soliq va boshqa to‘lovlardan bir qator imtiyozlarga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan uy-joyga muhtoj, yetim yesir yoki kam ta'minlangan aholi vakillari uchun qurilayotgan uy-joylar xuddi shunday sifat va kafolatga ega boshqa uy-joylardan ko‘ra qimmatroqqa tushmoqda. Vaholanki, davlatimiz rahbari aholini uy-joy bilan ta'minlashda asosiy e'tibor oilada bir oila a'zosi ishlaganda ham uning oylik daromadi kreditga olinayotgan uyni qoplashga yetishi lozimligini ta'kidlab o‘tgan edilar. Ayni vaqtda esa Sergeli tumanida qurilayotgan 43,57 kv metr uy-joyga boshlang‘ich badal to‘langanidan so‘ng imtiyozli davrda bir oy uchun kredit foizi to‘lovining o‘ziyoq 800 ming so‘m atrofida bo‘lsa, imtiyozli davrdan so‘ng 1 464 000 so‘mga aylanmoqda. Xuddi shunday 79,6 kv metrli uy-joy esa badal to‘langanidan so‘ng kreditni qoplashga imtiyozli davrda har oyda 1 720 000 ming so‘m, imtiyozli davrdan keyin esa 3 160 000 ming so‘mga aylanmoqda. Bunday uy joylarni olishga talabgor kam ta'minlangan oilalarda esa aksariyat hollarda oylik daromadi har bir oila a'zosi jon boshiga hisoblaganda eng kam oylik ish haqining bir baravaridan ortiqcha bo‘lmaydi.

Hurmatli Jahongir Abidovich!

Shu munosabat bilan Sizdan, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga asosan, 10 kunlik muddatda Prezidentning 2016 yil 22 noyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida Toshkent shahrining Sergeli tumanida aholi uchun qurilayotgan arzon uy-joylarning narxi, shu jumladan boshqa tashkilotlar qurayotgan uy-joylarga nisbatan qimmatligi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishingizni va mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot taqdim etishingiz so‘raladi.

Deputat R.Kusherbayev

Mavzuga oid