Jahon | 10:37 / 30.07.2018
48346
4 daqiqa o‘qiladi

Bloger SSSRning afg‘on urushidagi jinoyatlari haqida gapirib berdi

Foto: Maksim Mirovich

Belaruslik bloger Maksim Mirovich SSSRning afg‘on urushidagi ishtiroki haqida avval ma'lum bo‘lmagan ba'zi ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. U bu ma'lumotlarni tvitterdagi o‘z sahifasida e'lon qilgan.

Mirovich tarixiy ma'lumotlardan boshlagan. Uning ma'lum qilishicha, SSSR hukumati urush boshlanishidan ancha oldin Afg‘onistonga qo‘shin kiritishni rejalashtirgan.

«Aslida, Sovet ittifoqi 1979 yilgacha Afg‘onistonga qo‘shin kiritish g‘oyasi haqida o‘ylagan. Buning uchun SSSRdan Kobulga Salang dovoni orqali «Shuravi yo‘li» qurilgan. Uni Moskva metropoliteni ishchilari qurgan», - deydi u.

Blogerning ta'kidlashicha, Kobuldagi bir necha o‘n yillar avval vayron qilingan ko‘pgina saroylar hali ham tiklanmagan.

«Kobuldagi harbiy harakatlar vaqtida yo‘q qilingan Dorul Omon va Toj Bek («Amin saroyi») bugungi kungacha tiklanmagan. Faqat yaqinda ta'mirlash ishlari boshlandi (ularni Fransiya kompaniyasi olib boryapti), saroylarga teraktlar xavfi tufayli 500 metrdan yaqin masofaga borish mumkin emas», - deydi bloger.

Mirovichning so‘zlariga ko‘ra, sovet jurnalistlari SSSR aholisini Afg‘onistonda harbiylar infratuzilma qurayotganiga ishontirib kelgan.

«SSSR ommaviy axborot vositalari (ayniqsa, 1987 yilgacha) Afg‘onistondagi urush haqida hech narsa gapirmaganlar - faqatgina «bizning askarlarimiz u yerda uylar va yo‘llar qurmoqda», degan so‘zlarni ishlatib kelishgan. Bunda Kobulda sovet mutaxassislari tomonidan qurilgan urishdan avvalgi yillardagi mavzelar ko‘rsatilgan», - deydi u.

Shuningdek, u 80-yillarda harbiy xizmatchilarning kiyim-kechagi va jihozlari bilan bog‘liq muammolar haqida gapirdi.

«1980-1981 yillardan so‘ng, havo desant qo‘shinlari va maxsus topshiriqli guruh asosiy harbiy qismlarga aylandi - ulardan, darvoqe, oddiy piyoda askarlar sifatida foydalanilgan. Oddiy ryukzaklar, yuk tushirish vositalari va formalar bo‘lmagan - maxsus topshiriqli guruh kimyoviy himoya komplektidan shunday kostyumlarni kiyib yurgan», - deb yozadi bloger.

Uning bildirishicha, normal oyoq kiyimlari ham bo‘lmagan - askarlar «adidas» krossovkalari yoki «ikki to‘p» kedalarini kiyishgan - ularni mahalliy harbiy savdo do‘konlarida rubllar yoki cheklarga xarid qilish mumkin bo‘lgan. Ustav bilan belgilangan poyabzal faqat qismda kiyilgan, bu ham juda kamdan-kam holatlarda kuzatilgan.

«SSSR harbiy mutaxassislari yillar davomida tanklarning yangi modellarini ishlab chiqishdi, ammo tushirish jileti kabi oddiy narsa haqida o‘ylashmagan. Natijada, askarlar bunday narsalarni suzish jiletlaridan o‘zlari tikib yurishgan», - deydi u.

Bloger SSSRni qo‘shinlari ko‘plab harbiy jinoyatlar sodir etganlikda, shu jumladan minglab fuqarolarni o‘ldirganlikda aybladi.

«SSSR Afg‘onistonda ko‘plab harbiy jinoyatlarni sodir etgan. Rux qishlog‘i gaz quroli yordamida bombardimon qilingan, bu sovetlar zastavasi yaqinidagi barcha jonli mavjudotni yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilgan. Qo‘shinlarni olib chiqish vaqtida esa, Salang dovonida tinch aholi vakillaridan 1500 nafari «shunchaki» o‘ldirilgan», - deydi bloger.

Mirovich SSSR armiyasining harbiy tank kuchiga ham shubha bilan qaradi.

«Shunisi qiziqki, Afg‘oniston SSSRning «tank qudrati»ga oid barcha hikoyalari o‘ylab chiqarilganini ko‘rsatib berdi. U yerda eski qurollar bilan jang qilishgan - men u yerda T-55 va hattoki T-34’ni uchratganman», - degan bloger.

Mavzuga oid