Jahon | 18:06 / 30.07.2018
13294
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandda bir nechta plyajning yopilishiga sababchi bo‘lgan timsoh ushlandi

Foto: RIA Novosti / Natalya Seliverstova

Pxuket orolida sayyohlar orasida vahimaga sabab bo‘lgan va 11 kun qidirilgan timsoh ushlandi, deb xabar berdi ATOR.

"Tutqich bermas" deb nomlanishga ulgurgan timsohni ilk bor Nay Xarn plyaji yaqinida baliqchilar sezib qolishgan. Keyin esa bu gap ijtimoiy tarmoqlar va OAVda tarqalib ketdi va vahimaga sabab bo‘ldi. Timsohning Nay Xarn plyaji yaqinidagi mehmonxonalardan biri oldida paydo bo‘lishi haqiqiy to‘polonni keltirib chiqardi. Nay Xarn va Yanui hududlarida cho‘milish vaqtincha taqiqlandi.

Baliqchilar, qutqaruvchilar va ko‘ngillilar uni tutish uchun chiqishdi: sohil atrofiga qafaslar joylashtirildi hamda dronlar va exolotlar yordamida qidiruv olib borildi.

Nihoyat, Ko Kata oroli yaqinidagi Layan plyajida uni qo‘lga olishdi. Uzunligi uch metrga yaqin bo‘lgan sudralib yuruvchi Pxuketdagi tadqiqot markaziga jo‘natildi.

Hokimiyatning fikricha, u noqonuniy timsoh fermalaridan biridan yoki shaxsiy hayvonot bog‘idan qochib ketgan.

Bunday hodisalarning oldini olish maqsadida Pxuket ma'muriyati barcha timsoh egalarini o‘z jonivorlarini 10 avgustgacha baliqchilik xo‘jaligi boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tkazishga chaqirdi. Aks holda ular bir yilga ozodlikdan mahrum etiladi yoki 10 ming bat jarimaga tortiladi. Orolda noqonuniy ravishda timsoh boqayotganlar haqida xabar bergan fuqarolar esa mukofotlanadi.

Mavzuga oid