Navoiyda o‘tkazilgan auksionda prezident qarori buzildi?!
Shu yilning 16 martida davlat rahbari chorvachilikda xususiy mulkning ustuvor ahamiyati va o‘rnini ta'minlash, yaylovlardan samarali foydalanish, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va raqobatdoshligini oshirish maqsadida PQ-2841-sonli qarorini imzoladi. “Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi qorako‘lchilik qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari)ni fermer xo‘jaliklari va mas'uliyati cheklangan jamiyatlar etib, shuningdek, chorvadorlik qishloq xo‘jaligi kooperativlari(shirkatlari)ni — fermer xo‘jaliklari etib qayta tashkil qilish ma'qullangan edi.
Xo‘sh, qarorning ushbu talabi joylarda qanday ijro etildi? Buni Prezident qarorining 1-ilovasida qayd etilgan Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi “Sarmish” shirkat xo‘jaligi misolida tahlil qilishga harakat qilamiz.
Mazkur qarorga muvofiq “Qorako‘lchilik qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari)ni fermer xo‘jaliklari va mas'uliyati cheklangan jamiyatlar etib qayta tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom ham tasdiqlangan. Shirkatlarni fermer xo‘jaliklari va mas'uliyati cheklangan jamiyatlari sifatida qayta tashkil etish tartibi mazkur nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim edi.
Biroq, tahririyatimizga murojaat yo‘llagan tadbirkor-fermerlar “Sarmish” qorako‘lchilik shirkat xo‘jaligini fermer xo‘jaliklariga aylantirishda nizom talablari qo‘pol ravishda buzilganligini bayon etishgan.
Biz mazkur ishni joyida o‘rganish maqsadida Navoiy viloyatiga safar qilib, Navbahor tumanida “Sarmish” qorako‘lchilik shirkat xo‘jaligini fermer xo‘jaliklariga aylantirishni tashkil etish bo‘yicha Komissiyaning sobiq raisi, Navbahor tuman hokimining sobiq birinchi o‘rinbosari Telman Adizov bilan uchrashdik.
Hamsuhbatimizning qayd etishicha, “Sarmish”ni fermer xo‘jaliklariga aylantirish va bunda tadbirkorlarni faol jalb qilish maqsadida o‘tkazilgan ilk auksiondan so‘ng mashmashalar boshlangan. Uning ta'kidlashicha, sud birinchi kim oshdi savdosi natijalarini bekor qilgan.
Gap shundaki, ayrim manfaatdor shaxslar qog‘ozda “Sarmish” balansida haqiqatda bo‘lmagan raqamlarni shakllantirish uchun cho‘ponlarga yolg‘on gapirib, sizlarga yer beriladi, qo‘y-echkilaringiz bilan shirkat tarkibiga pay ulushi bilan a'zo bo‘linglar, degan taklif bildirgan, tabiiyki, ular bu taklifni bajonudil qabul qilishgan. Biroq yuqoriga hisobot berishda cho‘ponlar pay ulushi bilan kirgan holatlari yashirilgan. Kim oshdi savdolaridan keyin esa, cho‘ponlar qo‘y-echkilari birovlarning ixtiyoriga o‘tib ketayotgani, pul ularning cho‘ntagiga emas, hokimlik ixtiyoriga o‘tayotganini anglab yetganlaridan keyin sudga murojaat qilishgan va sud mahkamasi auksion savdosi natijasini bekor qilgan.
Bu yerda yana bir e'tiborli jihati shundaki, keyinroq, sud ishida ushbu kirdikorlar oshkor bo‘lgach, ishchi guruh tomonidan sanalgan va quloqlariga nishon qo‘yilgan 2 mingdan ortiq qo‘y-echki ham dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgan.
Biroq tuman hokimi Bobonazarov nizom talablariga zid ravishda go‘yoki o‘tkazilgan takroriy auksionlarning soxta bayonnomalari asosida “Sarmish” sh/x mulkini taqdim etish bo‘yicha qarorlarga imzo chekkan. Aslida nizomning 9-bandi talabi bo‘yicha har bir loyiha bo‘yicha 300 bosh qo‘y-echki bo‘lishi majburiyligi, sud qarori bilan “Sarmish” sh/x balansida umuman qo‘y-echki yo‘qligi tan olingani inobatga olinsa, takroriy kim oshdi savdosini o‘tkazishning o‘zi noqonuniydir. Shunday ekan, Komissiyaning kimoshdi savdosini o‘tkazish natijasiga doir bayonnomalar va ular asosida chiqarilgan hokim qarorlarining ham huquqiy to‘g‘ri ekani savol ostida qoladi.
Xususan, 1-loyiha bo‘yicha 400 mln. so‘mga sotilgan mol-mulk qo‘y-echki bo‘lmagani uchun sud qaroriga binoan bekor qilingan, bu loyiha hududi tender orqaligina fermer xo‘jaliklariga ijaraga taqdim etilishi mumkin edi, biroq Komissiya uni 19 mln so‘mdan ko‘proqqa sotildi, deya rasmiylashtirgan, tuman hokimi ushbu bayonnoma asosida qaror chiqargan. Tabiiyki, nizomga qarshi tuzilgan bayonnoma asosida qaror chiqarib, yerni taqdim etishdan kim naf ko‘rmoqda, degan savol paydo bo‘ladi?
Umuman, mazkur shirkat xo‘jaligini kimoshdi savdosi orqali tadbirkorlarga sotish chog‘ida 45 ta loyiha tashkil etilgan. Har bir loyiha bo‘yicha kerakli hujjatlar tuzilib, savdolar o‘tkazilgan. Keyinchalik, ayrim kim oshdi savdo natijalari (sud qarori bilan) bekor qilinganiga qaramay, unda ishtirok etganlarning ayrimlariga ayni loyihalar avvalgi sotilgan narxidan bir necha baravar arzonga soxta bayonnomalar asosida rasmiylashtirib berilgan. Bunday holatlar esa, bitta emas, bir nechta.
Lekin boshqa bir holatda qonun talabi tuman hokimligi yodiga tushib qolgan ko‘rinadi. Ya'ni 2-loyiha 20 mln so‘m evaziga “Olchin Agro Eksport MChJ”ga kimoshdi savdosi orqali sotilgan. Ammo, jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi kassatsiya hay'atining qaroriga ko‘ra, asosiy vositalari bo‘lmagan loyihalar bo‘yicha kim oshdi savdosi natijasi bekor qilingani inobatga olinib, “Olchin Agro Eksport MChJ” g‘olibligi bekor qilingan.
Haqli savol tug‘iladi: 33ta qo‘yi bor talabgorga yer maydoni taqdim etilayotgan bir vaqtda, 2100ta qo‘y-echkisi bor tadbirkordan yer nima asosda tortib olinmoqda?
Bu xususda biz tuman hokimligiga borib, tegishli mutasaddilardan izoh so‘radik. Afsuski, tuman hokimligi xodimlari biror hujjat yoki ma'lumot taqdim etishni ochiq-oydin istamadi, bizni qiziqtirayotgan savolga hokimning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari javob bera olishini aytish bilan cheklanishdi. Tuman hokim o‘rinbosari (v.v.b) Nurali Xudoyqulov esa bu lavozimda yangi ekanini, bu ishlar ungacha bo‘lganini ta'kidlab, “Sarmish” bilan bog‘liq biror hujjatlarga ega emasligini bildirdi.
Bundan tashqari, “Sarmish”ni sotish bo‘yicha Komissiya raisi ham bir necha marta o‘zgargan. Telman Adizovdan keyin tuman statistika bo‘limi boshlig‘i Yo‘ldosh Mustafoyev, u ham ishdan olinganidan so‘ng, hokim o‘rinbosari Faxriddin Rajabov Komissiya raisi vazifasini bajarganligi ma'lum qilindi. Afsuski, ularning hech biri bilan, ular muloqotni istamaganlari uchun suhbatlasha olmadik.
Bundan tashqari, Nizomning 13- va 31-bandlari talablari, ya'ni to‘lov va uni amalga oshirish tartibi buzilgan. Unga ko‘ra, auksion g‘olibi g‘oliblik summasining 90 foizini 30 kun mobaynida to‘lamasa, zakalat pullari kaytarilmagan holda, kimoshdi savdosining natijasi bekor kilinishi shart bo‘lsa-da, amalda bunday qilinmagan.
Xullas, “Sarmish” bo‘yicha gapirsa, gap ko‘p. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, nima uchun tuman va viloyat prokuraturasi tomonidan bu kabi qonunbuzarliklarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmagan?
Agar ushbu holatlarga yuqori turuvchi idoralar e'tibor bermasa, yopig‘liq qozon yopiqligicha qolib, “Sarmish” shirkat xo‘jaligi balansida bo‘lgan 2 ming boshdan ortiq qo‘y-echki sun'iy ravishda ko‘rsatilgan 15 ming qo‘y-echki bilan birga “bedarak g‘oyib” bo‘laveradimi? Bundan tashqari, fermerlar va MChJlarning huquqlari buzilishi davom etadimi? Bu savollar uchun kim javob beradi?
Umid qilamizki, yuqorida qayd etilgan muammo vakolatli organlar tomonidan jiddiy o‘rganib chiqilib, aybdorlar topiladi va adolatli qaror qabul qilinadi.
Tolib Rahmatov, Muhammadjon G‘aniyev,
Kun.uz muxbirlari
Mavzuga oid
12:16 / 01.11.2024
Navoiyda odamlar daromadini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqildi
21:27 / 31.10.2024
Navoiy davlat universiteti tashkil etildi
21:16 / 31.10.2024
Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi
16:28 / 31.10.2024