Light | 11:20 / 04.08.2018
57061
8 daqiqa o‘qiladi

Maoshingiz oshishini istaysizmi? Unda quyidagi 5 usulga amal qiling

Aytishlaricha, kishi xizmatiga qarab emas, qancha so‘ray olishiga qarab maosh olar ekan. Bloger Nikolas Koul bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zining Medium’da qoldirgan qaydida u maoshni oshirish, mehnatingizga yaxshiroq haq to‘lanishi borasida rahbariyat yoki mijozlarni ishontirishga qanday qilib erishish mumkinligi haqida gapirib berdi.

Uzoq yillar mobaynida tirishqoqlik bilan ishlash muhim emasligini tushundim. Harakatlaringiz qancha pul ishlab topishingiz, eng muhimi atrofdagilarning sizning qadringiz haqidagi fikriga u qadar ta'sir ko‘rsatmaydi. Maoshning istiqboli faqat bir narsa – siz keltirayotgan foydaga bog‘liq.

Ofis muhitini yaxshi tashkillashtiradigan odamning qadri qay darajada? Mijozlarni xizmatlaringizdan foydalanishga majbur qila oladigan mutaxassisning-chi? Tez yordam xodimi haqida nima deya olasiz?

Jamiyat har bir mashg‘ulotni pul bilan baholaydi va istalgan natijaga erisha oladiganlarga haq to‘laydi. Tabiiyki, talab va taklifdan kelib chiqqan holda. Hojatxonalarni ko‘pchilik tozalay oladi. Biroq hamma ham tezkor tibbiy jarrohlik amaliyotini o‘tkaza olmaydi.

Bu maoshingiz istiqboli uchun nimani anglatadi? Siz juda kam pul ishlab topayotganingizni qanday anglash mumkin. Va eng muhimi, “munosib” pul ishlab topish uchun o‘z qadringizni qanday oshirishingiz mumkin? Quyida bir necha usullar bilan tanishishingiz mumkin.

Kasbingiz qanday foyda keltira olishi haqida bilib oling

Har bir sanoatning muayyan o‘rni, o‘z majburiyatlari mavjud. Agar ko‘proq maoshga ega bo‘lishni istasangiz, kasbingizning ahamiyati nimadan iborat ekani haqida biling. Bunday mutaxassislarga ko‘proq haq to‘lashga tayyor kompaniyalar haqida ma'lumotlar izlang.

Misol keltiraman. Kollejda tahsil olayotganimda adabiy ijodni o‘rganganman. Ko‘pchilik bunday mutaxassislik bilan kam pul ishlab topilishini aytishgan. Yozuvchilik faoliyati orqali kam sonli kishilargina yaxshi maosh olishadi. Ana o‘shanda men o‘z mutaxassisligim haqida ko‘proq bilishga harakat qildim. O‘z-o‘zimga savol berdim: “Yaxshi yozuvchi kimga kerak bo‘lishi mumkin va men qanday foyda keltira olaman?”.

Ma'lum bo‘ldiki, kompaniyalarning ba'zi rahbarlari qog‘ozda ikkita so‘zni bir-biri bilan bog‘lay olishmaydi. Yozish ko‘nikmasiga egaligim va hikoyalarni so‘zlay olishim tufayli men o‘z firmamni ocha oldim. Agar o‘z mutaxassisligim haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lmaganimda bu yuz bermasdi.

Uzoq muddatli yirik oshirishlar hisobiga qisqa muddatlilaridan voz keching

Yozuvchilik faoliyatim to‘rt yil davomida menga bir sent ham keltirmadi. Men tekin ishladim. Kimgadir matnlar muallifi zarur bo‘lganida imkoniyatdan foydalandim. Qaysidir startapga kopirayter kerak bo‘lsa, taklifga rozi bo‘ldim. Har kuni Quora uchun bepul maqolalar yozardim. Bloglarni yuritardim va buning uchun haq olmasdim.

O‘z-o‘zim va atrofdagilarga nimadir qo‘limdan kelishini isbotlagach, blogda 50 mingta obunachiga ega bo‘lgach va minglab odam jo‘natmalarimga obuna bo‘lgach, bari tabiiy holda yuz berdi. 

Menimcha, bu o‘zining maosh sohasidagi istiqbolini oshirish istagida bo‘lganlar uchun beriladigan eng muhim maslahat. Maoshning biroz o‘sishi haqida unuting. “Loyiha uchun sarflagan vaqtim uchun qo‘shimcha haq to‘lashsa edi”, - degan fikrni unuting.

Barini unuting. Qo‘shimcha ishlangan vaqt uchun ustama so‘ramang, yaxshisi sizni kim bilandir tanishtirishlarini iltimos qiling. San'at uchun ishlang. Natijada buni anglab ulgurmasingizdan oldin piramida cho‘qqisida bo‘lasiz.

Sizga ko‘proq to‘lash kerakligi haqida gapirmang. Bu zaruriyatni namoyish eting

Men shaxsiy brend zaruriyati tarafdoriman. Siz internetda kimligingiz va nima bilan shug‘ullanishingiz haqida so‘zlaydigan obraz yaratishingiz lozim.

Agar o‘z ismimni gugldan izlasam, birinchi qatorlarda saytim, ikkinchi qatorda men haqimda ma'lumot berilgan sahifaga havola paydo bo‘ladi. Google-qidiruvning ilk uch sahifasi sizga barini namoyish etadi – saytim, maqolalar, podkastlardagi ishtirok va ijtimoiy tarmoqlardagi mening sahifalarimga havolalar.

Men o‘zimning barcha sahifalarim ustida ishlab, ulardagi suratlarni doimiy ravishda yangilab boraman. Har kuni qayerdadir maqola e'lon qilaman. Shu tufayli internetda men haqimdagi ma'lumotni osonlik bilan topish mumkin. Uni ko‘rib, kimdir: “Balki mana shu yigit bilan ishlab ko‘rarmiz?” deya o‘ylanib qoladi.

Shaxsiy brendim tufayli har kuni men bilan 20 ga yaqin kishi aloqaga chiqadi. Menga reklama ham, PR ham kerak emas.

Shuning uchun o‘zini zo‘r deb bilgan, biroq u haqida internetda hech nima topib bo‘lmaydiganlarni “chetlab o‘taman”. Ular vaqtdan ortda qolayotganga o‘xshaydi. Ular tarmoqda so‘zlarini isbotlaydigan hech narsa e'lon qilishmaydi.

So‘zlab berishni bas qiling. Namoyish etishni boshlang. Bu faqat tadbirkorlargagina tegishli emas. Agar kompaniyada ishlasangiz, shaxsiy brendingiz yaxshi rivojlangan bo‘lsa, maoshingizni oshirishadi.

«Mijoz oldida o‘z-o‘zingizni oqlamang»

Ustozim bu gapni ko‘p takrorlardi, shuning uchun u doimiy ravishda miyamda aylanadi.

O‘z faoliyatingiz va qadriyatlaringizni oqlashni boshlashingiz bilan mag‘lub bo‘lasiz. Ha, balki oxir-oqibat g‘olib bo‘larsiz, ammo bunday g‘alaba hammaga ham yoqmaydi. O‘z-o‘zini oqlash ishingizning qadrini tushiradi.

Mijozga o‘z maqsadlaringizni namoyish eting. Mijozlarga narxlarimni aytganimda ular shunday deyishadi: “Bema'ni gap. Men Craigslist’da kopirayterni soatiga 25 dollar evaziga yollashim mumkin. Men har bir so‘z uchun besh sent to‘layman”.

Albatta, siz aynan shu tanlovni amalga oshirishingiz mumkin. Biroq kompaniyangiz nima bilan shug‘ullanishini yetkaza oladigan ovozga emas, bor-yo‘g‘i oddiy matnga ega bo‘lasiz. Hech kim “Maqolangiz katta taassurot uyg‘otdi” degan fikr bildirmaydi.

Men narxlarimga asos izlashga harakat qilmayman. Istalgan natijaga diqqatimni qaratib, o‘zimning haqiqiy qadrimni namoyish etaman.

Maoshingizni oshirishlarini so‘rang

Qanchadan-qancha odam maoshi kamligidan noliydi, biroq hech qachon oshirishlarini so‘ramaydi. Ish beruvchi va mijoz bir kuni tongda sizga qo‘ng‘iroq qilib: “Diqqat bilan tingla, senga ko‘proq maosh to‘lamoqchiman”, - degan holat kamdan-kam yuz beradi. Odatda bari o‘zgacha bo‘ladi.

Yuqorida aytganimdek, odamlar xizmatiga qarab emas, qancha so‘rashiga qarab maosh olishadi. Agar o‘zingizni ko‘prog‘iga loyiq deb hisoblasangiz, bu haqida aytishga majbursiz. Ish beruvchi yoki mijozga bu haqida ma'lum qiling. Eng muhimi, rad etishlariga tayyor turishingiz lozim. Chunki bunday holat yuz bersa, siz keltiradigan foyda nimadan iborat ekani va u nima uchun maosh oshirilishini talab etishini tushuntirishga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid