Light | 23:11 / 06.08.2018
16172
6 daqiqa o‘qiladi

Xorijliklar bilan muloqot qilishga uyalmang!

Dastlab maktabda, keyin esa oliy ta'lim muassasasida yillar davomida ingliz yoki boshqa bir chet tilini o‘rganamiz-da, oldimizdan xorijlik sayyohlar yoki shunchaki mehmonlar chiqib qolsa, ular bilan gaplashishga uyalamiz yoki hayajondan barchasini unutib qo‘yamiz. Bir necha yillardan beri AQShda yashab kelayotgan Mariya Aleksandr xorijliklar bilan muloqot qilishdan uyalmaslik sirlari bilan bo‘lishdi.

1. Ingliz tilini maktabdagi fan sifatida qabul qilmang

Men uchun chet tillar doim qandaydir keng ko‘lamli butun bir umr davom etadigan loyihadek tuyular edi. Maktabda 10 yil, so‘ngra universitetda 4 yil ingliz tilini o‘rgandim va nazarimda, tez orada bu tilda so‘zlashish bo‘yicha xuddi Opra Uinfridan qolishmaydigandek edim. Taqdir taqozosi bilan AQShga ko‘chib o‘tdim va qanday qilib umuman til bilmaydigan odamlarning bir necha oy ichida ingliz tilida erkin gaplasha boshlaganiga guvoh bo‘ldim. Bunga sabab ingliz tili ularga shunchaki bilim sifatida emas, har kuni muloqot qilish, ish izlash va oila qurish maqsadida suhbatlashish uchun kerak edi.

Bu AQShda pulsiz va ishsiz qolgachgina ingliz tilida so‘zlasha boshlaysiz degani emas, albatta. O‘rganish uslubini o‘zgartirishning o‘zi yetarli, ingliz tilini nazariyada emas, amalda o‘rganish muhim. Buning uchun bugungi kunda faoliyati ingliz tilida suhbatlashishga, amaliy bilimlarga yo‘naltirilgan zamonaviy yondashuvli  kurslarda tahsil olishingiz mumkin.

2. Leksikoningizni faollashtiring

Akademik yondashuvning yana bir salbiy tomoni bor. Bu til bilish darajasining juda yuqori pallasidir. Shekspir va Bayronning klassik ingliz tili ayni damda qo‘llaniladigan ingliz tilidan farq qiladi. Ingliz tilida so‘zlashuvchilarning ko‘pida fe'l zamonlari mutanosibligiga rioya qilmaslik, so‘zlarni qisqartirish va maktabda bahoingiz pasayishi mumkin bo‘lgan ko‘plab boshqa holatlar kuzatiladi.

Ingliz tilidagi 170 ming so‘zdan kundalik hayotda taxminan 3 mingtasi qo‘llanadi. Ularni bilsangiz, yozma va og‘zaki nutqning 90 foizini tushunasiz. OxfordThe Oxford 3000. , MacmillanRed Words & Stars. va LongmanLongman Communication 3000 lug‘atlari mualliflari eng ko‘p qo‘llaniladigan so‘zlarga doir tadqiqot o‘tkazishgan. Ularning orasidan eng ko‘p foydalaniladigan so‘zlar Skyyeng sayti va ilovasida Gold 3 000 ro‘yxatida keltirilgan.

3. Muloqot vaqtida barcha vositalar yaxshi ekanini unutmang

Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, hozirning o‘zidayoq fikrlaringizni chet tilida bayon qilishingiz kerak, biroq 3 mingta so‘zni o‘rganishga vaqt yo‘q. Bunday holatlarga bir necha marta tushganman. Ispan tilida so‘zlashuvchi mijozlar tashrif buyuruvchi kurort zonada ishlaganimda bu tilda faqat salomlashishni bilar edim. Natijada biz ovozli tarjimon orqali gaplashardik va bir-birimizni yaxshi tushunardik.

Qo‘l ostingizdagi barcha vositalardan foydalanishga uyalmang, siz imtihonda emassiz, axir. Lug‘atga ko‘z tashlash, ba'zi narsalarni imo-ishoralarda ifodalash yoki chizib ko‘rsatishning hech qanday yomon tomoni yo‘q. Chet elliklar bilan suhbatlashib, bunga amin bo‘lasiz.

4. O‘zingizga chet elliklar ko‘zi bilan qarang

Sizning talaffuzingiz ajoyib, so‘zlarni ham yaxshi tanlaysiz, ishonavering, o‘zingiz esa sirli inson sifatida namoyon bo‘lasiz.

Xorijliklar sizga qanchalik qiziq bo‘lsa, siz ham ularga shunchalik qiziqsiz. Ular siz va madaniyatingiz haqida ko‘proq bilgisi, suhbat davomida filmlarda ko‘rgan afsonalarga aniqlik kiritgisi va sizning tilingizda 2-3 so‘zni bilishini namoyish qilgisi keladi. Sizning begona tilda gapirishga harakat qilishingiz esa ularda faqat hurmat uyg‘otadi. Siz ham undan o‘z tilingizda mukammal gapirishini kutmaysiz, axir.

5. O‘zingizga vaqt bering

Chet el fuqarosi bilan birinchi uchrashuvim hamon yodimda. O‘shanda men 10 yoshda edim, mehmonxonada qahva quyishga bo‘lgan harakatlarim besamar edi. Qahva quyiladigan idish bo‘sh ekan, bu haqida yonimdagi amerikalik ayol aytgan. U shunchaki "There is no coffee anymore" ("Qahva qolmadi") dedi va men negadir inday olmadim. Men hanuz bu iborani unuta olmayman, chunki bundan keyin anchagacha o‘tmishga qaytib tayinli javob berish istagi tug‘ilgan.

Bugunga kelib ingliz tilida erkin suhbatlasha olaman va menga shunchaki vaqt kerak bo‘lganini anglab yetaman. Shunday ekan, muvaffaqiyatsizliklar sabab o‘zingizni qiynamang va ingliz tilini o‘rganishda davom eting.

6. Chet tilini o‘rganmang, unda yashang

Ilmga chanqoq va qiziquvchan bo‘ling. Uyalmang: bilmaganingizni so‘rang, aniqlik kiriting, kulgili voqea so‘zlab bering va h.k. Vaqt o‘tgan sari siz xorijiy tilda yaxshi gapirayotganingizni seza boshlaysiz.

Ingliz tilini kundalik hayotingizning bir qismiga aylantiring, original tilda kino ko‘ring, musiqa tinglang, Britaniya va Amerika jurnallariga obuna bo‘ling, ijtimoiy tarmoqlarda inglizcha so‘zlashuvlar guruhini toping. Eng yaxshisi - shu tilda so‘zlovchilar bilan ko‘proq suhbatlashing. Agar yaqin orada Yevropa yoki Amerikaga safar qilish imkoni bo‘lmasa, onlayn-saboqlardan boshlang.

Mavzuga oid