Jamiyat | 09:17 / 07.08.2018
21304
2 daqiqa o‘qiladi

YaTT uchun qat'iy belgilangan soliq stavkalari tizimini soddalashtirish taklif qilindi

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan soliq stavkalari tizimini soddalashtirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan soliq stavkalari, ya'ni majburiy to‘lovlar tizimida kamchiliklar mavjud. Chunki hozirda YaTT va boshqa yuridik bo‘lmasdan faoliyat yurituvchilardan har oylik patent (qat'iy belgilangan soliq) olinadi. Patent stavkalari katta shahar, shaharchalar va tuman, qishloq bo‘ylab turlicha qilingan bo‘lsa-da, tadbirkorning iqtisodiy faoliyatdan oladigan foydasi shahar, qishloqning o‘zida ham, turli joyda turlicha bo‘ladi. Hatto bozor ichida ham, tadbirkor do‘konining joylashgan o‘rniga qarab, savdodan foydasi turlicha bo‘ladi. 

Masalan, bozor eshigi oldida turgan tadbirkor patent pulini yarim kunda ishlab topsa, do‘koni bozorning oxirida joylashgan tadbirkor yarim oylik faoliyatidan patent puli uchun mablag‘ yig‘adi, ayrim hollarda umuman yig‘a olmaydi. Bizning Buxoro bozorlarida ham bozorning ichki, oraliq qismlarida joylashgan turli do‘kon eshiklariga “yopiq” va “sotiladi” mazmundagi e'lon osilgan. Chunki, iste'molchi odam kam qatnaydigan joylarda patent pulini qoplab bo‘lmaydi, deyiladi murojaatda.

“Shu sababli, vakolatli organlardan, qat'iy belgilangan soliqning o‘rniga tadbirkorlik faoliyati foydasidan yoki yalpi tushumidan foiz olish singari yagona soliq tizimini joriy etish to‘g‘risida qonun qabul qilishlarini so‘raymiz”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Mavzuga oid