Jamshid Kenjayev o‘limida ayblanib jami 4 kishi qo‘lga olingan
Toshkent shahridagi «Aurum 898» tungi klubi qo‘riqchilari tomonidan ayovsiz kaltaklangan va pichoqlangani natijasida vafot etgan erkin kurashchi Jamshid Kenjayev o‘limida ayblanib yana 3 nafar qo‘riqchi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura xabarnomasida keltirilgan.
«08.08.2018 yil soat 23:45 larda Yunusobod tumani, A.Qodiriy ko‘chasi, 1-a-uyda joylashgan «Aurum» tungi klubi kirish eshigi oldida J.Kenjayev «Aurum» tungi klubi qo‘riqchilari Sh.Ilyasov va A.Mirzayev bilan o‘zaro janjallashib, yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan Sh.Ilyasovga va A.Mirzayevga sanchib kesilgan tan jarohatlari yetkazgan.
Janjal davomida voqea joyida bo‘lgan «Aurum» tungi klubida qo‘riqlovchi yordamchi Sh.Qilichov fuqaro J.Kenjayevning qo‘lidan oshxona pichog‘ini tortib olib, unga sanchib kesilgan tan jarohatlari yetkazgan.
J.Kenjayevga qo‘riqchilar J.Yorqulov, S.Komoliddinov, A.Xamrayev va klub yonidagi boshqa bir necha shaxs ham qo‘llari, oyoqlari va yog‘och dastalari (bitalar) bilan urib, tan jarohatlari yetkazishgan.
J.Kenjayev «ko‘krak qafasi o‘ng tomon qo‘ltiq osti sohasi 4-qovurg‘asi, qorin oldi yon devori, ikkala dumbasi, bosh tepa sohasiga sanchilib kesilgan jarohatlari, tashqi qon ketishi, gemorragik shok 3-daraja» tashxisi bilan tumandagi 7-sonli shifoxonaga yotqizilib, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.
Holat yuzasidan 09.08.2018 yilda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Sh.Qilichovga nisbatan JKning 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
Tergov davomida Sh.Qilichov JKning 25,97-moddasi 1-qismi, S.Komoliddinov, J.Yorqulov va A.Xamrayev JKning 277-moddasi 2-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan. Ularga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi», deyiladi xabarnomada.
Bundan avval tungi klubdagi voqea yuzasidan 9 avgust kuni Toshkent shahar prokuraturasi Sh.Qilichevga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, u Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangani haqida ma'lum qilgandi.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati esa Sh.Qilichevdan tashqari yana ikki kishi — birining ismi Saidazim, ikkinchisiniki esa Jahongir — qo‘lga olingani aytilgan edi.
Ayni vaqtda tungi klub qo‘riqchilaridan ikki nafari - Sh.Ilyasov va A.Mirzayev jarohatlangan holda shifoxonada qolmoqda.
Mavzuga oid
13:07 / 09.07.2024
Qashqadaryoda mast haydovchi YHX inspektorini pichoqlab qochdi. Inspektor vafot etgan
10:40 / 27.05.2024
Marg‘ilondagi oshkora qotillik: bunga nima sabab bo‘lgandi?
17:41 / 23.02.2024
Toshkentda tungi klublarning biri oldida yuz bergan janjalda PPX xodimi jarohat oldi
20:35 / 07.01.2024