O‘zbekiston | 09:23 / 14.08.2018
203437
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarning oyligi oshirildi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Ushbu qaror bilan umumiy o‘rta ta'lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentabrdan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 1,1 baravarga, yuqori sinf o‘qituvchilari uchun o‘rtacha 1,24 baravargacha, direktor, uning o‘rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.

2019 yil 1 yanvardan oliy toifali o‘qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,15 baravarga, mutaxassis o‘qituvchilar uchun 1,1 baravarga, direktor, uning o‘rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.

Natijada, ustamalar, sinf rahbarligi va daftar tekshirganlik uchun to‘lanadigan to‘lovlarni hisobga olgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari toifalar bo‘yicha o‘rtacha hisobda 24 foizdan 39 foizgacha, yuqori sinf fan o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkasi 37 foizdan 49 foizgacha, maktab direktori va ularning o‘rinbosarlariniki o‘rtacha 27 foizga, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilarniki o‘rtacha 26 foizga oshirildi.

Mavzuga oid