O‘zbekiston | 22:30 / 17.08.2018
30871
5 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston rahbarining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi. Birinchi kun

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 17-18 avgust kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirmoqda. Bu Tojikiston prezidentining so‘nggi 20 yil ichida ilk bor O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishidir.

Qo‘shni davlat rahbari o‘z tashrifini Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonidan boshlab, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari Ko‘ksaroyda tor va keng doiradagi muzokaralarni o‘tkazishdi.

Ko‘ksaroydagi muzokaralar

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, odamlar uchun qulayliklarni oshirish masalalari muhokama etildi. Bu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solishga, hududlar, yirik korxonalar va tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.

O‘zbekiston va Tojikiston delegatsiyalarining keng tarkibdagi muzokaralarida esa asosiy e'tibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

«Hamkorligimizda hali ishga solinmagan imkoniyatlar juda ko‘p. Shunday ishlashda davom etsak, tez orada tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazamiz. Aslida salohiyatimiz – kamida 1 milliard dollar», dedi O‘zbekiston prezidenti.

Muzokaralarda ikki mamlakat biznes tuzilmalari va chegaraoldi hududlari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta'kidlandi. Qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ish, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tayyor to‘qimachilik, elektrotexnika mahsulotlari va boshqa tovarlarni ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirishga kelishib olindi. Transport va tranzit tashish, energetika va gidroenergetika, suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston va Tojikiston strategik sherik davlatlar

Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasida davlatlararo strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomada uzoq muddatli va barqaror sheriklik munosabatlari o‘rnatish maqsadi, o‘zaro hamkorlikning strategik yo‘nalishlari belgilangan.

Prezidentlar o‘rtasida qo‘shma bayonot ham imzolangan.

Shuningdek, sanoat, standartlash va sertifikatlash, chegaradan o‘tkazish, ta'lim hujjatlarini tan olish, geodeziya va geologiya, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir 27ta hujjat imzolandi. Jumladan, Surxondaryo viloyati bilan Xatlon viloyati, Samarqand viloyati bilan So‘g‘d viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi.

Zarafshon daryosida ikkita GES

Zarafshon daryosining Tojikiston qismida ikkita gidro elektr stansiyasi qurish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. GES ikki mamlakat kompaniyalari tomonidan barpo etilishi mumkin.

Bu GESlar 300 megavatt quvvatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Tojikistonning Sarez ko‘li ichimlik suvidan birgalikda foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.

«Men ko‘p minbarlarda, xalqaro davralarda, xususan BMTda ham ko‘p bor ta'kidlaganman: «Biz hech qachon qo‘shnilarimizni suvsiz qoldirmaymiz». Aksincha, bugungi muzokaralar davomida qo‘shnilarimizni ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida 17 km³ hajmdagi Sarez ko‘lining suvlaridan hamkorlikda foydalanish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdim», dedi Tojikiston prezidenti.

Tojikiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Alisher Navoiyning tojik tiliga tarjima qilingan asarlari to‘plangan «Chashmai xirad» kitobini sovg‘a qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muzokaralardan keyin prezidentlar «O‘zekspomarkaz»da ochilgan Tojikiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasini borib ko‘rishdi.

Tashrifning birinchi kuni yakunida prezidentlar «O‘zbekiston» anjumanlar saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san'at ustalari ishtirokida tashkil etilgan «Do‘stlik oqshomi» nomli konsertda bo‘lishdi.

Tojikiston prezidenti ertaga, 18 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov, bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Emomali Rahmon shu kuni Samarqandga tashrif buyurib, diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qiladi.

Mavzuga oid