O‘zbekiston | 16:20 / 19.08.2018
7730
5 daqiqa o‘qiladi

Raqobatbardosh yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda

O‘zbekistonni rivojlantirishning zamonaviy bosqichida keng ko‘lamli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, davlat boshqaruvining mutlaqo yangi va samarali tizimini yaratish Adliya vazirligining asosiy maqsadlaridan biriga aylandi.

Prezidentning 2018 yil 13 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, vazirlik tuzilmasida Davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini tahlil qilish boshqarmasi tashkil etildi.

Uning asosiy vazifasi — sohada tegishli islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha asosli takliflar ishlab chiqqan holda, davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini kompleks va tanqidiy tahlil etish hisoblanadi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi faoliyatini o‘rganish orqali yo‘l xo‘jaligida davlat boshqaruvi tizimi samaradorligi tahlil etildi. Tahlil natijalari Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi, amaldagi qonunchilikka zid bo‘lgan hamda tarmoqni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan izchil kamchilik va muammolar mavjudligini ko‘rsatdi.

Xususan, avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi respublikamizda yo‘l xo‘jaligi sohasida yagona texnik siyosat yurituvchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi va ayni paytda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshiradi. Qo‘mitada ishlab chiqarish jarayonlari konsentratsiyalashgan.

Ta'kidlash joizki, davlat tartibot va xo‘jalik funtsiyalarining birlashuvi hamda bitta organda buyurtmachi, pudratchi va nazoratchi vakolatlarining konsentratsiyasi mazkur sohada raqobatning butunlay cheklangani belgisi hisoblanadi va yo‘l tarmog‘ini rivojlantirishga to‘sqinlik qiladi.

Masalan, 2017 yildan to joriy yilning I yarim yilligiga qadar yo‘l xo‘jaligi sohasida 70dan ortiq yo‘l-qurilishi tashkilotlariga qaraganda, ko‘proq salohiyatga ega bo‘lishigi qaramay, avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha xususiy tashkilotlar bilan birorta ham shartnoma imzolanmagan.

Bundan tashqari, yo‘l xo‘jaligi tarmog‘ining loyiha ehtiyojlari «Yo‘l loyiha byurosi» MChJ davlat loyiha tashkiloti imkoniyatlaridan sezilarli darajada oshgan. Buning natijasida, davlat dasturlari hamda Rahbariyat va Hukumat topshiriqlarida belgilangan ishlarni bajarishda ko‘plab asossiz kechikishlar yuzaga kelmoqda. «Yo‘l loyiha byurosi» MChJ tomonidan 2017-2018 yillarda 81 kelishuvdan 26tasidagi kelishuv (umumiy miqdorning 32 foizi) majburiyatlarini bajarmasligi natijasida, xususiy loyiha tashkilotlari bilan bitim tuzilgan.

Bu yo‘l xo‘jaligi faoliyatida xususiy sektor xizmatlariga bo‘lgan talabning yuksakligidan dalolatdir.

Texnik va mualliflik nazorati zamonaviy talablar, bajarilgan ish hajmi hamda qurilish obektlari soniga javob bermaydi. Har bir inspektorga 8tadan 25tagacha obekt to‘g‘ri keladi, ular oralig‘idagi masofa 50 kilometrdan 500 kilometrgacha bo‘lgan masofani tashkil etadi.

Xodimlar shtatidagi yetishmovchiliklar, ular malakasining pastligi, qurilish obektlari soni ko‘pligi va ortiqcha nazorat shakllari mavjudligi sababli ular ustidan olib borilayotgan nazorat samarasiz hisoblanadi. Bu nazoratni rasmiylashtirish va ish sifati pasayishiga olib keladi.

Shuningdek, avtomobil yo‘llari tarmog‘iga innovatsion texnologiyalar va materiallarni joriy etish bo‘yicha amaliy choralarning qabul qilinmagani, jumladan, qurilish-ta'mirlash ishlarida qo‘llanilayotgan mahalliy-resurs uslubi qator muammolarni keltirib chiqarib, byudjyet mablag‘laridan samarali foydalanish imkonini bermayapti va bu ish sifatining yomonlashuvi bilan birga nazoratchilar zanjirining oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, Qo‘mita tuzilmasida davlat-xususiy sheriklik va konsessiya asosida xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun mas'ul bo‘lgan bo‘linmalar oldindan nazarga olinmagan, «Kontsessiyalar to‘g‘risida»gi Qonunda avtomobil yo‘llari konsessiyalar sifatida ko‘zda tutilmagan, o‘tgan vaqt mobaynida pulli yo‘llar qurish va ishga tushirishni tartibga soluvchi birorta ham hujjat ishlab chiqilmagan, tarmoqda byudjyet xarajatlarini optimallashtirishga doir chora-tadbirlar qabul qilinmagan.

O‘tkazilgan tahlil yakuni bo‘yicha hamda xorijiy tajribani inobatga olgan holda, Adliya vazirligi tomonidan yo‘l xo‘jaligi boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda raqobatbardosh yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqildi.

Mavzuga oid