Jahon | 09:49 / 20.08.2018
12193
2 daqiqa o‘qiladi

Yemirilishga eng bardoshli material yaratildi

Foto: RIA Novosti

Sandiya milliy laboratoriyasi (AQSh) olimlari insoniyat tomonidan yaratilgan eng bardoshli material deb e'tirof etilayotgan yangi qotishma olishdi. 

Olimlar bu qotishmani sayyoramizda eng kam uchrovchi metallar – oltin va platinadan olishgan. Qotishma 90 foiz platina va 10 foiz oltindan iborat bo‘lib, u qizishga o‘ziga xos ta'sir qiladi, bu esa unga ishqalanishda uzoq vaqt deformatsiyalanmaslikka imkon beradi. Olimlarning aytishicha, yangi material shunchalik mustahkamki, undan tayyorlangan avtomobil shinalarida uzunligi 40075 kmni tashkil qiluvchi Yer ekvatorini 500 marta aylanib chiqish mumkin.

Olimlar qotishmaning noyob xususiyatlarini isbotlash uchun uni atom darajasida tadqiq qilishgan. Ularning aytishicha, sinovlar vaqtida yangi qotishma o‘z sirtida qora plyonka hosil qilishi aniqlangan. Bu plyonka olmossimon uglerod bo‘lib chiqqan. Olimlar ushbu materialning bu xususiyatini uning eng qimmatli xususiyati deb hisoblamoqdalar. Bir vaqtda ham grafit kabi silliq, ham olmos kabi qattiq bo‘lgan bu qoplama judla samarali moylovchi hisoblanadi.

Olimlarning ta'kidlashicha, bu materialni turli elektron qurilmalarda qo‘llash mumkin. Agar bu qotishmaning yupqa qatlami bilan harakatchan qismlar (misol uchun, smartfonlarning) qoplab chiqilsa, unda qurilmaning xizmat muddati bir necha marta oshadi. Olimlarning baholashicha, bu elektron sanoatga yiliga 100 mln dollargacha mablag‘ tejash imkonini beradi.

 

Mavzuga oid