Qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalarni sotish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (MB) boshqaruvining qaroriga muvofiq MBning qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalarini sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, Markaziy bank tomonidan yubiley sanalari, tarixiy va zamonaviy davrning muhim voqealariga bag‘ishlangan qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalar muomalaga chiqariladi. Bu tangalar Respublika hududida nominal qiymati bo‘yicha naqd pul shaklidagi qonuniy to‘lov vositasi, shuningdek nominal qiymatidan yuqori baholanuvchi kolleksiya, investitsiya va jamg‘arish obektlari sifatida muomalada bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.
Markaziy bank tangalarini sotish va qaytarib xarid qilib olish MBning hududiy Bosh boshqarmalari va tijorat banklari (bank shoxobchalari) orqali amalga oshiriladi. Ularning manzili MB veb-saytida e'lon qilinadi.
Tangalarni sotish jismoniy shaxslarga - naqd va naqd pulsiz hisob-kitob shaklida, yuridik shaxslarga - to‘lovni pul mablag‘lari o‘tkazilishi yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Qimmatbaho metall bahosi London qimmatbaho metallar assotsiatsiyasining ertalabki fiksing narxi va so‘mning AQSh dollariga nisbatan MB kursiga muvofiq hisob-kitoblar asosida belgilanadi hamda Markaziy bank rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.
Markaziy bank tangalarini qaytarib xarid qilib olish bank shoxobchalari orqali amalga oshiriladi. Bank shoxobchalari tomonidan qaytarib xarid qilib olingan tangalar ularning asllik darajasini aniqlash maqsadida Bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asllik darajasini belgilash palatasi tomonidan texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.
MB Asllik palatasining texnik ekspertiza o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi dalolatnomasini olganidan so‘ng, Markaziy bank tangasini qaytarib xarid qilib olgan bank shoxobchasi orqali mazkur tanga egasi bilan hisob-kitoblarni 10 kun davomida amalga oshiradi.
Tangalar ularning texnik xususiyatlarini tasdiqlovchi asllik sertifikati bilan birga muomalaga chiqariladi. Bu sertifikat identifikatsiya seriya raqamiga ega bo‘ladi.
Sertifikat yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda Markaziy bank tangasining egasi bank shoxobchasiga to‘lov asosida yangi asllik sertifikatini olish uchun murojaat qilishi mumkin.
Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024