Sport | 18:30 / 24.08.2018
8817
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari. Sport gimnastikasida finalda oxirgi o‘rin, golfda oxirgidan oldingisi

O‘zbekiston sport gimnastikasi jamoasi bugungi bahslarda medal ololmadi. Brus mashqlarini bajarish bo‘yicha bahslarda tajribali sport gimnastikachisi Anton Fokin finalga yo‘llanma ololmadi. Medallar Xitoy Taypeyi va Xitoy vakillariga ketdi.

O‘zbekistonning sport gimnastikasidagi yana bir vakili Rasuljon Abdurahmonov esa finalga chiqdi. Ammo u asosiy bahslarda eng yomon natijani qayd etib, sakkizinchi bo‘ldi. Oltin va kumush medallar xitoylik Zou Jingyuan va Xiao Ruotengga nasib etdi, yaponiyalik Chiba Kenta bronza medal bilan taqdirlandi.

Vladislav Mustafin 50 metrga bras suzish bahslarida uchinchi natija bilan finalga yo‘l oldi. Ammo u finalda beshinchi o‘rinda qoldi. Medallar mos ravishda yaponiyalik Koseki Yasuhiro, xitoylik Yan Zibey va qozog‘istonlik Dmitriy Balandin o‘rtasida taqsimlandi.

O‘zbekiston jiu-jitsu bo‘yicha bahslarda ham medal ololmadi. -56 kg vazn toifasidagi Akmal Amirov bronza medali uchun bahsda qozog‘istonlik Saydali Nurjonga imkoniyatni boy berdi (2:4).

Og‘ir atletika bo‘yicha final bahslarda -85kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Sunnatilla O‘sarov dast ko‘tarishda 158 kg, siltab ko‘tarishda 182 kg, jami 340 kg natija ko‘rsatdi va oltinchi o‘rinni egalladi. Bu vazn toifasida oltin medalni Iroq vakili Aljumayli Safa Rashid Mahmud qo‘lga kiritdi (361 kg). Keyingi o‘rinlarni janubiy koreyalik Jang Yonhak (360 kg) va shimoliy koreyalik Jon Myong Song (348 kg) egalladi.

O‘zbekistonlik golfchilar jamoasi 20 jamoa orasida 19-o‘rinni egalladi. Yakkalik bahslarda ham O‘zbekiston vakillari quyi o‘rinlarni band etishdi - Kanatbek Kurbanaliyev - 75, Ten Roman - 78 va Sergey Chen - 81.

Mavzuga oid