O‘zimiznikilar orasidagi begonalar: Toshkentda odamlar yillar davomida propiska ololmayapti
Propiska muammolari haqida ko‘p gapirilgan. Davom etamiz. Tizim bekor qilinmaguncha yoki takomillashgunga qadar hech kim to‘xtamaydi.
Bir ayol bilan suhbat chog‘ida u pasportiga qarashimizni so‘radi. Uning pasportiga ko‘z yugurtirdik. Pasportni ochdik va hayratga tushdik. Hujjatda juda ham ko‘p muhrlar bor edi, va ularning hammasi vaqtinchalik propiska.
«Men Toshkentda o‘n yildan ortiq vaqtdan beri yashayman. Sakkiz yil oldin kvartira sotib oldim. Olti oyda bir marta propiskani uzaytiraman. Ilgari muhr bosishardi, endi esa qog‘ozlar berishmoqda. Shunday qilish mumkinmi? Mening turmush o‘rtog‘im va farzandlarim bor. Juda alamli», - deydi u.
Haqiqatdan ham u haq. O‘z Vatani poytaxtida yashash va har olti oyda ro‘yxatdan o‘tish. Bundan tashqari, ro‘yxatga olish ham oddiy ish emas. Navbatlar, qator hujjatlar va hokazo.
Toshkentda bunday odamlar juda ko‘p. Odamlar yillar davomida Toshkentda yashaydi, kvartira sotib olgan, oila qurgan, lekin propiska ololmaydi.
Ba'zi erkaklar propiska olish uchun hatto toshkentlik qizga uylanishga ham tayyorlar. Dunyoning ayrim mamlakatlarida, ayniqsa, Yevropa va AQShda migrantlar viza yoki fuqarolik uchun soxta tarzda oila qurishi haqida eshitganmiz.
Propiska uchun soxta nikoh? Bu, katta ehtimol bilan, dunyodagi biron bir joyda mavjud emas. Ehtimol, O‘zbekiston - dunyoda odamlar muhabbat va o‘zaro tushunish asosida emas, balki «davlat ichidagi viza»ni olish uchun oila quradigan yagona davlatdir.
Toshkent propiskasi poytaxtda biznesni rivojlantirishga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Facebook ijtimoiy tarmog‘ida tadbirkorlardan biri shunday deydi:
«Men 15 kishilik shtatga ega XK direktoriman, uni 45-50 kishigacha kengaytirish imkoni bor. Ular orasida ham viloyatlardan kelganlar, ham «mahalliylar» bor. Mening propiskam ham viloyatda. Toshkentda faoliyat yuritamiz, chunki mahsulotimizga bo‘lgan talab aynan shu hududda. Toshkentda propiska bilan muammo doimiy bosh og‘rig‘i: o‘z nomingizga hech narsa sotib ololmaysiz, kredit rasmiylashtira olmaymiz, o‘z uyingizda xuddi ijarada yashovchidek yashaysiz, + poytaxtda bo‘lganingiz uchun pogondagi mansabdorlarga hisobot berasiz. Aslida, biz tufayli davlat soliq shaklida foyda olmoqda, shuncha odam ish bilan ta'minlanmoqda. Tadbirkorlar uchun qonunga qandaydir tuzatish kiritish mumkin emasmi. Prezident hech bo‘lmasa 2 kishini ish bilan ta'minlagan odamga hamma sharoitlar yaratib berilishi haqida aytmoqda-ku. Darvoqe, yangi qurilayotgan uylardan birini sotib olish uchun propiska berish, ya'ni 2500ta eng kam ish haqi + davlatga 5 foiz haqida yaxshi bilaman», - deb yozadi u.
Yashash joyi bo‘yicha doimiy propiska kerak, ammo agar kishi Toshkentda ishlashni istasa, nega har olti oyda bir marta ro‘yxatdan o‘tish kerak? Agar u kvartira sotib olgan va Toshkentda yashashga qaror qilgan bo‘lsa, unda unga doimiy propiskani berish kerak. Mayli, bu odam viloyatda propiskadan chiqsin va Toshkentda yashasin.
Vazirliklar va davlat muassasalaridagi bu imtiyozlar kimga kerak? Axir hamma ham davlat sektorida ishlamaydi.
O‘rtacha oylik ish haqi 1,5 mln so‘m bo‘lgan paytda 2500ta eng kam ish haqiga propiska. Bu kim uchun?
Urbanizatsiya va ichki migratsiya - har qanday rivojlanayotgan va rivojlangan davlat uchun normal jarayon hisoblanadi.
Bu eskirgan tizimni bekor qilish vaqti keldi.
Ulug‘bek Akbarov
Mavzuga oid
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
17:26 / 08.11.2024